O‘zbekiston | 17:40 / 03.04.2020
61807
8 daqiqa o‘qiladi

DXA stikerlar bo‘yicha muammoli masalalarga izoh berdi

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi avtotransport vositalari harakatlanishiga cheklovlar joriy etilishi bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi va mazkur tartib jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Quyida agentlik bergan izoh batafsil keltirib o‘tiladi.

Ushbu faoliyat qanday tashkil etilgan?

Ruxsatnomalarga bo‘lgan talab yuqoriligi hisobga olinib, DXMda 24 soatlik ish rejimi tashkil qilindi. Bu – davlat organida ishni tashkillashtirishning oldin kuzatilmagan ko‘rinishidir. Ilgari bunday rejim faqat bir marta joriy etilgan: oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun  hujjatlarni qabul qilishda.

Odatda yangi xizmat joriy eilishidan oldin sinovdan o‘tkaziladi, 2-3 oy mobaynida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha reglament ishlab chiqiladi, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari tayyorlanadi, xodimlar o‘qitiladi. Talabnomaning asosliligini aniqlash mezonlari va xodimlar tomonidan barcha tafsilotlarning tushunishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi holatda esa, yangi xizmat 12 soatdan kam vaqt ichida joriy etildi, onlayn-portal ishi bir kecha-kunduzda yo‘lga qo‘yildi, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida esa elektron raqamli imzoning shartligi talabi bekor qilindi, karantin sababli uyga yuborilgan xodimlar ishga jalb qilindi, zudlik bilan ularni o‘qitish ishlari tashkillashtirildi.

Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan xizmat ko‘rsatish tartibi esa 31 martdan kuchga kirdi.

Shu kunlarda qisqa vaqt ichida 150 mingdan ortiq talabnoma kelib tushdi. Shundan respublika bo‘yicha 19 660 ta ruxsatnoma berildi, 46402 tasiga rad javobi berildi, 10 004 tasi talabgorlarning o‘zi tomonidan qaytarib olindi.

Bir kunda barcha DXMlarda 20 mingdan arizani ko‘rib chiqish bo‘yicha  xolis jismoniy imkoniyat bor. Ayni damda ularni ko‘rib chiqish jarayoni  IIV organlari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Onlayn rejimda ishlashga o‘tilishi munosabati bilan birinchi kunda kuzatilganidek odamlarning to‘planib turishi hozirgi kunda mutlaqo bartaraf etildi.

Kurerlarning muammosi – taqdim etilayotgan hujjatlarning sifatida

Stiker olish  – bu rasmiy jarayondir, barcha hujjatlar o‘rnatilgan talablarga muvofiq taqdim etilishi kerak. Har bir xodim talabnomani ko‘rib chiqqani va hujjatlarning to‘liqligi uchun javobgar hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yirik kurerlik firmalari va mahsulot tashuvchilar ular yirik bo‘lishlariga qaramay, stikerlar ololmayotganlari haqida shikoyatlar yozishdi.

Ta'kidlash joizki, birinchidan, ushbu tizim yirik va kichik  kompaniyani bir-biridan ajratmaydi. Agarda shunday imkoniyat bo‘lsa, shikoyatlar kichik kompaniyalar tomonidan aytilgan bo‘lardi va bu asosli.  Shu bois, kompaniyaning darajasi yoki «mashhurligi» DXMlar uchun hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.

Faqat alohida holatlardagina Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra,   stikerlar DXM tizimidan emas, bevosita Adliya vazirligi tomonidan berilishi mumkin. Bu – ushbu komissiya protokolida ham yozib qo‘yilgan.

Ikkinchidan, mazkur yirik kurerlarning hujjatlar bilan bog‘liq ancha muammolari bor. Axir ular hamisha o‘z yetkazib beruvchilari bilan  ma'lum bir shartnomalar tuzmasdan yoki ishga olish to‘g‘risidagi buyruqlarsiz, norasmiy tartibda ishlaganlar.

Hamma shoshilinch ravishda shartnoma tuzdi va (vaqtinchalik) buyruq qabul qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda, ayrim tashkilotlar yetkazib beruvchilarni pulga «ishga joylash» bo‘yicha ayrim ishlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida xabar  tarqatilgan paytda, bu holatda, talabgorlarning ishonchliligiga ishonsa bo‘ladimi? «Yetkazib beruvchi» haqiqatan ham haqiqiy yetkazib beruvchi ekanligini qanday aniqlash mumkin?

O‘z navbatida, o‘rnatilgan tartibda xodimlarning mehnat daftarchalarini taqdim etish zarurligi to‘g‘risidagi talablar  ko‘rsatilgan. Bironta ham yetkazib beruvchi ushbu talabni to‘liq qondira olmadi.

Shu bois, ayrim tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali bosim o‘tkazishga o‘ta boshlashdi. Hozirgi murakkab sharoitda esa, bu juda nomaqbul amaliyot, deb hisoblaymiz.

Chiroyli raqamli va premium sinfdagi avtotransport vositalari

DXMlarda premium sinfdagi yoki chiroyli raqamli avtotransport vositalariga stikerlar berilmaydi.

Rasmiy nuqtayi nazardan qaraganda, ular ham yo‘l harakatining teng huquqli ishtirokchisi hisoblanadilar. Ushbu asosda berilgan rad javoblari bo‘yicha ham ko‘plab shikoyatlar kelib tushdi.

Shunday bo‘lsa-da, bu kabi avtotransportlar ham stikerlar olishi mumkin: ular davlat tashkilotlari yoki Maxsus komissiya qaroriga muvofiq boshqa tashkilotlar (to‘qimachilik, sanoat, ishlab chiqarish korxonalari va b.sh)ga tegishli bo‘lishsa.

Shu bois, agarda siz bunday avtomobillarga berilgan ayrim stikerlar  asossiz berilgan, deb hisoblasangiz, bizga xabar bering va biz buni tekshirib ko‘ramiz va zarur hollarda stikerni bekor qilamiz.

Shuningdek, ko‘plab avtomobillar stikerlarsiz ham harakatlanishi mumkin. Tasdiqlangan ro‘yxatda stiker olish zarur bo‘lmagan 22ta holat qayd etilgan.

OKED (iqtisodiy faoliyat turlari tasnifi) va avtomatik seleksiya qilish

Ruxsatnoma olish uchun ko‘plab asossiz talabnomalar va takroriy talabnomalarning (ayrim talabgorlar «har ehtimolga qarshi» o‘z talablarini bir necha marotaba yuborganlar) kelib tushishi sababli asosiy faoliyat turlari bo‘yicha talabnomalarni avtomatik saralash  tizimi joriy etildi.

Bunday yondashuv asossiz ariza beruvchilarning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklab qo‘ydi. Yuzaga kelgan kamchiliklar mutaxassislar tomonidan qo‘l boshqaruvi shaklida tuzatildi, rad etish to‘g‘risidagi shikoyatlar tezda ko‘rib chiqilmoqda. Bu, bizningcha, hozirgi  murakkab sharoitda eng maqbul yondashuvdir.

Tartiblarga qo‘yilgan talablarni tushuntirish va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga javob berish bo‘yicha 15 kishidan iborat maxsus shtab tashkil etildi.

Korrupsiyaga qarshi tizim

Stikerlarga yuqori talab va korrupsiya xavfi mavjudligi tufayli Adliya vazirligi tomonidan stikerlarni berish jarayonini ichki nazorat qilish bo‘yicha 3 darajali maxsus tizim joriy etildi.

Agentlikning markaziy apparat vakillari har bir markazdagi ish jarayonini nazorat qilishmoqda, stikerlar berishning asosliligini monitoring qiluvchi alohida shtab tuzildi.

Adliya vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lim muvofiqlashtirishi ostida shtab tashkil etildi. U stiker berishdagi barcha jarayonlar ustidan umumiy monitoringni amalga oshiradi, bu boradagi shubhali holatlarni tekshiradi.

Shu bois, agarda siz stiker olish bo‘yicha noqonuniy mexanizmlar to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, tezkor chora-tadbirlar qabul qilish uchun huquqni himoya qiluvchi davlat organlariga murojaat qilishingizni  iltimos qilamiz.

Fuqarolarga murojaat

Ushbu barcha o‘zaro yangicha munosabatlar, masalalar, murakkab jarayonlar, muammolar – so‘nggi 3-4 kun ichida sodir bo‘lgan voqealardir.

Qisqa vaqt ichida Davlat xizmatlari agentligi katta uzilishlarsiz xizmat ko‘rsatishning yangi tizimini, ehtimol, jamiyat hayotidagi eng talab yuqori bo‘lgan xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘ydi. Agentlik barcha talabnomalarni ko‘rib chiqish uchun zarur choralarni ko‘rishni davom ettiradi.

Shu bilan birga, ko‘pchilik stikerlarning ortidan quvib eng asosiy masalani unutib qo‘ydi: stikerlar – imtiyoz emas, ular shahar ko‘chalarida  transport vositalarining harakati sezilarli darajada kamaygan sharoitda aholining eng zaruriy ehtiyojlarini qondirishda uzilishlarning oldini olish uchun zarur.

Davlat xizmatlari agentligi

Agentlik fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid