Jamiyat | 23:56 / 09.04.2020
78200
3 daqiqa o‘qiladi

Beshigigacha suv bocgan samarqandliklar yordam kutishmoqda

Ketma-ket yog‘gan yomg‘irlardan so‘ng Samarqand ko‘chalarini yana suv bosdi. Bu shaharda ko‘chalarni suv bosishi odatiy holga aylanib bo‘lgan, har bahorda shu bo‘lar takror, buyog‘i. Toshqin esa odamlarning uyigacha bostirib kirmoqda. Boz ustiga, bahor yomg‘iri qorga aylanib ketdi...

Foto: KUN.UZ

Tahririyatga Samarqand shahridagi «Istiqbol» mahallasi fuqarolari murojaat qilishdi. Ular uylarini suv bosgani, shahar hokimligidan yordam kutayotganlarini aytishdi. Suv odamlar uyining ichigacha kirib borgan. Hatto bolalar yotgan beshiklar ham suvda qolgan...

Sobiq Oxunboboyev ko‘chasi bo‘yidagi bu mahalla pastlikda joylashgani uchun yomg‘ir yog‘ganda suv bosishi odatiy holga aylangan. Mahallaning ijtimoiy muammolari haqida 2019 yil 29 noyabr kuni Kun.uz’da «Istiqboli ko‘rinmayotgan istiqbolliklar» sarlavhali maqola e'lon qilingan va unda yomg‘ir vaqti bu mahallani suv bosishi haqida ham so‘z borgan.

2012 yil ham xuddi shu kabi suv bosgan vaqt odamlarni ko‘chirish masalasi ko‘tarilgan va kadastr idorasi xodimlari uylarni o‘lchab, ular buzilishi va o‘rniga uy berilishi mumkinligi aytilgan. Ammo mutasaddilar keyinchalik jimib ketishgan.

Uyining ichigacha suv bosgan odamlar karantin vaqtida kayerga borishini bilmayapti. Boz ustiga, qor yog‘ib ahvol og‘irlashdi. Mahalladagi uylarni suv bosgani haqidagi birinchi xabar saytda e'lon qilinganidan keyin, odamlarning aytishicha, Samarqand shahar hokimligidan vakillar borgan.

Hokimlik vakillari odamlarga ijara haqi 1 million so‘mgacha bo‘lgan uy topishni va bu pulni shahar hokimligi to‘lab berishini aytishgan. Ammo odamlar karantinda uy topishga qiynalgan: «Surishtirdik, ijaraga uylar oyiga kamida 150-200 dollar. So‘mga pul qabul qiladigan uy ham topilmadi», deyishmoqda ular.

Mahallaning ijtimoiy muammolari haqida oldingi chiqishimiz hokimlik tomonidan javobsiz qoldirilgandi. Bu gal esa ahvol jiddiy. Shundoq ham qiyin pallada bu qo‘shimcha muammo... Xullas, «Istiqbol»liklarga yordam zarur.

O‘z navbatida, Samarqand shahar hokimligi bu borada ishchi guruh tuzilgani va odamlarning zarari qoplab berilishini ma'lum qildi.

Ta'kidlash o‘rinliki, Samarqandda faqat shu mahalladagi uylarni suv bosmaganini aytish kerak. Shaharda pastlikda joylashgan bir nechta ko‘cha bor va u yerda yashaydiganlar doim yomg‘ir yog‘sa, yuragini hovuchlab turadi. Mahalliy hokimlik hech bo‘lmasa karantin vaqtida bunday muammoga duch kelganlarga yordam berishi kerak, bizningcha...

O‘tkir Jalolxonov,
jurnalist

Mavzuga oid