Koronavirus: Janubiy Osiyo tahlika ostida
Jahon aholisining beshdan bir qismini, global iqtisodiyotning 15 foizini, aholi eng zich o‘nta shaharning 5tasini o‘z ichiga olgan Janubiy Osiyo – dunyoning eng qoloq mintaqalaridan biridir.
Aytish joizki, ushbu hududda joylashgan mamlakatlarda pandemiya ulkan tahlikaga sabab bo‘lmoqda. G‘oyat gavjumligi, ayni paytda sog‘liqni saqlash infratuzilmasining ortda qolgani bilan tavsiflanuvchi ushbu mintaqa virus manbayi – Xitoy bilan qo‘shni bo‘lgani sababli ham asosiy xavf-xatar o‘choqlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Hindiston va Pokiston olovli halqa ichida
Janubiy Osiyo mamlakatlari – Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Nepal va Butan Covid-19’ning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanmish Xitoy bilan chegaradosh. Hindiston va Pokiston Xitoy bilan juda uzun umumiy sarhadlarga ega bo‘lib, aholi zichligi va kambag‘allik darajasi yuqoriligi har ikki mamlakatda ham vaziyat yanada qo‘rqinchli tus olishiga sabab bo‘lmoqda. Ustiga ustak, Pokiston virus eng ko‘p tarqalgan davlatlardan yana biri – Eron bilan ham qo‘shni hisoblanadi. Qolaversa, mamlakatda Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi (CPEC) loyihasi tufayli ko‘plab xitoyliklar yashayotgani tahdid ko‘lamini yanada orttirmoqda.
Bangladesh hukumati nega nolimoqda?
Mintaqaning aholi ko‘p bo‘lgan uchinchi mamlakati – Bangladeshda esa komendantlik soati joriy etilgan. Ammo hukumat «#StayAtHome» chaqirig‘iga jamoatchilikning rioya qilmayotganidan nolimoqda. Chunki qashshoqlik xalqning uyda qolishi uchun to‘siq bo‘lmoqda. Mamlakat Xitoydan olingan 10 mingta sinov to‘plami va himoya kiyimlari bilan epidemiyaga qarshi kurashishga harakat qilmoqda.
Nepal, Shri-Lanka va Afg‘onistondagi holat qanday?
Nepalda zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Shri-Lankada komendantlik soati joriy etilgan. Bundan tashqari, virusga qarshi kurash doirasida Xitoydan 500 million dollar qarz olindi.
Hukumat va «Tolibon» o‘rtasida muzokaralar davom etayotgan Afg‘onistonda esa hukumat ham, «Tolibon» ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) bilan hamkorlik va muvofiqlikda Covid-19’ga qarshi kurash olib borish haqida xabar berdi.
Raqamlar ortib borayotganining sababi nima?
Dunyoning eng zich ikkinchi mamlakati Hindistonda esa vaziyat jiddiy. Komendantlik soatlari joriy etilgan bo‘lsa-da, ayni paytda virusga chalinganlar soni 7 mingga yaqinlashib qoldi, o‘lim bilan bog‘liq holatlar ham tobora ortib bormoqda. Raqamlar keskin ko‘tarilib borayotganining asosiy sababi esa sinov o‘tkazilgan odamlar sonining mamlakat umumiy aholisiga nisbatan juda past ekanidir.
Test o‘tkazilgan odamlar soni ko‘payishi natijasida sog‘liqni saqlash tizimida yetishmovchilik yuzaga kelishi Hindiston oldida turgan eng katta xavotirlardan biridir. Hatto dunyoning eng baquvvat iqtisodiy tizimiga ega bo‘lgan AQSh ham diagnostika to‘plamlari va nafas olish uskunalari yetishmasligidan qiynalib turgan bir paytda Hindistonning epidemiyaga qarshi qanday kurash olib borishi og‘riqli savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda.
Garchi mamlakat virus tarqalishining oldini olish uchun barvaqt harakat qilib, ko‘chaga chiqishni taqiqlagan, qat'iy choralarni ko‘rishga kirishgan bo‘lsa-da, hukumat ijtimoiy masofani saqlash va odamlarning uyda qolishi masalasida qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
SAARC qanday qaror berdi?
Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Tashkiloti (SAARC) a'zolarini pandemiya diplomatiyasi doirasida videokonferensiya orqali birlashtirgani va epidemiyaga qarshi birgalikda kurashishga undagani juda muhim ahamiyatga ega.
15 mart kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada Pokistondan tashqari barcha a'zo davlatlar prezident yoki bosh vazir maqomida ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Hindiston bosh vaziri mintaqada epidemiyaga qarshi kurash uchun 10 million dollar miqdorida budjet ajratishni va'da qildi. Jamg‘arma, birinchi navbatda, a'zo davlatlar sog‘liqni saqlash xodimlarining himoya ehtiyojlarini qondirish uchun yo‘naltiriladi. Epidemiyaning asosiy markazlaridan biriga aylangan G‘arb Yevropa Ittifoqi integratsiyalashuvining kuni bitayotganiga tomoshabin bo‘lib turgan bir paytda SAARC pandemiyaning chegaralarni tan olmasligi va umumbashariy muammoga aylanganini butun dunyoga ifoda qila oldi.
Pokiston vakili sifatida konferensiyada qatnashgan Sog‘liqni saqlash vaziri Zafar Mirzaning Kashmirda nazorat ostida tutilayotgan odamlar masalasini kun tartibiga olib chiqishi bilan keskin tus olgan ushbu yig‘ilish jamiyat a'zolarining virusga qarshi birgalikda kurash olib borishini ko‘zda tutuvchi kelishuv bilan yakunlandi.
Epidemiyaga qarshi kurashishning eng samarali usuli qanday?
Mutaxassislarning fikricha, vaksina topilmagani tufayli hozirda epidemiyaga qarshi kurashning eng samarali usuli insonlarning o‘zaro aloqadan tiyilishidir. Tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida imkoniyatlari qay darajada ekanini yaxshi bilgan ushbu mintaqa mamlakatlari o‘z vaqtida chora-tadbir qo‘llash orqali epidemiyadan eng kam zarar bilan chiqishga harakat qilishmoqda. Shu nuqtayi nazardan, zichligi yuqori bo‘lgan shaharlarda ijtimoiy masofa saqlash va izolyatsiyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Darhaqiqat, dunyodagi aholi eng zich yashovchi o‘nta shaharning 5tasi (Dakka, Chennay, Mumbay, Kalkutta va Katmandu) Janubiy Osiyoda joylashgan. Shunday ekan, bu hududning epidemiya o‘chog‘iga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mintaqa aholisidan hukumat tomonidan e'lon qilingan qoidalarga bo‘ysunish, ushbu murakkab jarayonni yengib o‘tishda o‘z davlatlariga yordamchi bo‘lish talab etiladi.
Motosikl kaskalari (!) himoya vositasi o‘rnida ko‘llanmoqda
Ta'kidlash joizki, Hindiston sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari diagnostika to‘plamlari va respiratorlarning yetishmasligidan tashqari, tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar, yuzlarni himoya qiluvchi vositalar va kombinezonlar kabi himoya vositalaridan foydalanishda ham bir qator muammolarga duch kelishmoqda. Dehli yordamchi shifokorlar federatsiyasi a'zosining aytishicha, vaziyat shu darajaga kelib qoldiki, himoya kiyimlari va yuz niqoblari yetishmovchiligi sabab ba'zi shifokorlar bemorlarni davolash paytida yomg‘irpo‘sh va mototsikl kaskalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Xuddi shunday qo‘lqop, niqob va kombinezon kabi himoya vositalari yetishmovchiligi kuzatilayotgan Pokistonda ham hayotdan ko‘z yumgan tibbiyot xodimlarining ortishi butun mamlakat bo‘ylab keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Himoya vositalarini olishda katta qiyinchiliklarga duch kelgan shifokorlar Belujiston shtatida norozilik namoyishini boshlab yuborishdi. Fevral oyida birinchi holat aniqlangan mazkur mamlakatda o‘tkazilgan testlar sonining 50 mingdan oz ekani agar kasallik ko‘payib ketsa, sog‘liqni saqlash tizimining ishdan chiqish xavfini tug‘dirmoqda.
Bugungi kunda testdan o‘tgan odamlar soni 3 mingga yaqin miqdorni tashkil etgan Afg‘onistonda esa hukumat kelgusi kunlarda resurslarni safarbar qilish orqali sinovlar sonini yanada ko‘paytirishini aytmoqda. Epidemiya avj olgan payt Eronni tark etib, Hirot viloyatiga kelgan minglab afg‘onlarning sinovdan o‘tmagani hisobga olinsa, mazkur viloyatda ham ulkan epidemiya ehtimoli mavjudligi ayon bo‘ladi.
160 milliondan ortiq aholiga ega Bangladesh sog‘liqni saqlash vaziri Zohid Malik o‘z bayonotida kunlik tekshiruvlar soni ko‘paygani va ular bu sonni kuniga 300dan 1000ga ko‘paytirishga harakat qilishayotganini aytdi. Malikning ushbu bayonoti butun mamlakat bo‘ylab katta tanqidlarga sabab bo‘lish barobarida mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi infratuzilmasining yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Hindiston uchun eng yomon ssenariylar
Mutaxassislarning aytishicha, Hindiston uchun eng yomon ssenariyga ko‘ra, Covid-19 har o‘n kishidan ikkisiga yuqishi mumkin. Albatta, ijtimoiy izolyatsiya va samarali sog‘liqni saqlash tizimi orqali ofatning oldini olish mumkin.
Vashington universiteti Jahon sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘qituvchisi Ramanan Laxminarayanning ta'kidlashicha, agar zarur choralar zudlik bilan ko‘rilmasa, Hindiston aholisining taxminan 20 foizi (ya'ni taxminan 250-300 million kishi) Covid-19’ga chalinish ehtimoli mavjud. Laxminarayan Hindistondagi vaziyat Italiya va Erondagi kabi tus olish-olmasligi hukumat tomonidan ko‘riladigan choralarga bog‘liq ekani va kelgusi to‘rt hafta ichida jarayon aniqlik kasb etishini aytib o‘tgan.
Garchi, Hindiston hukumati rasmiylari virus bilan kasallanishlar soni 8,5 ming atrofida ekanini ta'kidlagan bo‘lsalar-da, sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari test o‘tkazilgan odamlar soni juda oz ekanini aytmoqda. Ular virus yuqtirganlar soni aslida ko‘pligini, o‘tkazilgan testlar soni bilan parallel ravishda ularning soni ham ortib borishini ma'lum qilmoqda. Masalan, Laxminarayan Hindistonda minglab Covid-19 tashuvchilari mavjudligini aytar ekan, Fors ko‘rfazidagi o‘n minglab hindlarni zudlik bilan sinovdan o‘tkazish kerakligini ta'kidladi va Hindistonni bu masalada tezkorlik bilan ish ko‘rishga undadi.
Mutaxassislar agar qisqa vaqt ichida bemorlarning soni millionga yetgudek bo‘lsa, Hindiston sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqishi, shifoxonalarning yotoq sig‘imi yetarli emasligi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Biroq Hindiston tibbiy tadqiqotlar kengashining bayonotlariga ko‘ra, komendantlik soati belgilangan tartibda amalga oshirilsa, virusning tarqalish darajasi pasayadi va mamlakat epidemiyadan eng kam zarar bilan chiqib oladi.
Shuningdek, Hindiston nasroniy sog‘liqni saqlash maktabining virusologiya mutaxassisi Jakob Jon Hindiston bir necha hafta ichida haqiqiy falokatga duch kelishi mumkinligini ta'kidlab, aholini hukumat qarorlariga so‘zsiz bo‘ysunishga undadi. U epidemiyaning shiddatini individual himoya usullari bilan yengillashtirish mumkinligini aytdi.
Uyda qolishsa, ochlikdan o‘lishlari mumkin
Mintaqadagi mamlakatlarning ishchi kuchi tahlil qilinsa, ro‘yxatdan o‘tmagan va kunlik ish haqi oluvchi ishchilar soni juda ko‘p ekani oydinlashadi.
Xalqaro mehnat tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, ayniqsa, Hindiston, Pokiston, Nepal va Bangladeshda ishchi kuchining katta qismi norasmiy sektorda kunlik maosh asosida hech qanday tibbiy sug‘urtasiz faoliyat olib boradi. Mintaqadagi deyarli barcha mamlakatlarda komendantlik soati joriy qilingani hisobga olinsa, epidemiyaning avj olishi ishchilar hayotiga jiddiy ziyon yetkazishi ma'lum bo‘ladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko‘ra, aholisining qariyb 60 foizi qishloq joylarida yashaydigan Janubiy Osiyo mamlakatlarida aholi o‘z daromadining qariyb 70 foizini oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga sarflaydi. Mintaqadagi aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, Hindiston, Pokiston va Bangladeshda, kundalik ish haqi odamlarning tirik qolishini ta'minlovchi eng asosiy vositadir. Shu sababli, komendantlik soati joriy etilgan ushbu mamlakatlarda pul topish odamlar uchun eng jiddiy muammoga aylandi. Zotan, Hindistonda komendantlik soatlari tartibini buzgan minglab odamlar agar uyda qolishsa, ochlikdan o‘lishlari mumkinligini aytishmoqda.
Kurash ancha qiyin kechadiganga o‘xshaydi
Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, Hindistonda 519 million ishchi kuchi mavjud. Shuningdek, mamlakatda qariyb 120 million immigrant ishchi bor. Komendantlik soati tufayli to‘xtab qolgan shaharlararo reyslar tufayli uylariga qaytib keta olmagan mehnat muhojirlari endilikda yuzlab kilometr yo‘lni bosib o‘tishga majbur. Tabiiyki, yo‘l davomida epidemiya xavfini hisobga olmaslik virus tarqalish darajasining o‘sishiga olib keladi. Mintaqada ishchi kuchining yetishmasligidan tashqari, turli hududlardan, ayniqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan o‘n minglab ishchilarning qaytgani ham vaziyatni badtar og‘irlashtirmoqda. Mintaqadagi qashshoqlik muammosi epidemiya natijasida yanada avj olishi kutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, virusning Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi rivojlanmagan mamlakatlarga tarqalishi ulkan falokatlarga yo‘l ochishi mumkin. Qolaversa, Mumbay, Kalkutta va Karachi kabi dunyoning eng gavjum shaharlari joylashgan Janubiy Osiyoda toza suv manbalari cheklangani va gigiyena talablariga rioya etilmasligini hisobga olsak, epidemiyaga qarshi kurash anchagina qiyin kechadiganga o‘xshaydi.
Otabek Tillayev tayyorladi
Mavzuga oid
13:12
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Hindistonga eksporti ortadi
12:12
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi havo parvozlari haftasiga 28 martaga yetkaziladi
19:04 / 26.11.2024
Pokistonda minglab namoyishchilar sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilmoqda
15:54 / 25.11.2024