Xonqa tumanidagi dehqon bozorida karantin cheklovlari o‘rnatildi
Xonqa tuman hokimining qarori bilan o‘simliklar karantini obektlari aniqlangan ombor hududida, shuningdek unga tutash dehqon bozori atrofida karantin cheklovlari o‘rnatildi
Yaqinda Xorazmga Fransiya davlatidan import qilingan 12 300 tup turli mevali daraxt ko‘chatlaridan 850tasi (shaftoli, jumladan nektarin)da “Bo‘rtma nematodasi” va “Janub bo‘rtma nematodasi” kabi zararli organizmlar aniqlandi.
“O‘zdavkarantin” axborot xizmati xabariga ko‘ra, belgilangan qonun talablari asosida karantin ostidagi zararli organizmlar mavjud bo‘lgan shaftoli ko‘chatlari “Xorazm TIF” O‘simliklar karantini chegara maskani inspektorlari hamda tegishli tashkilotlarning mas'ul xodimlari ishtirokida yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Zararlangan ko‘chatlar qonun talablari asosida hujjatlashtirilib, tegishli tartibda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinguniga qadar Xonqa tumani markaziy bozori yaqinidagi muzlatgich omborida saqlangan va shundan so‘ng ushbu hududda karantin e'lon qilindi.
“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahririga muvofiq, hududda o‘simliklar karantini obektlari aniqlangan hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan tuman (shahar) davlat inspektorining taqdimnomasiga ko‘ra zarur cheklovlar o‘rnatiladi. O‘simliklar karantini ostida deb e'lon qilingan hududda zararkunanda organizmlarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi, unga tutash hududlarda o‘simliklar karantini obektlari tarqalishining oldini olishga va ularni yo‘q qilishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston uchun karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlarning 88 tasi zararkunandalar, 16 tasi zamburug‘li kasalliklar, 5 tasi nematodalar, 11 tasi bakterial kasalliklar, 24 tasi virusli kasalliklar, 36 tasi begona o‘tlarni tashkil etadi. Mazkur karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan parazit organizmlar ichida o‘simliklarni zararlab, boshqa hududlarga ham tez tarqaladigan va ko‘payib ketadigan turlari talaygina. Shu boisdan karantin o‘chog‘i aniqlangan hudud va uning atrofiga zararkunandalar tarqalib ketishining oldini olishga qaratilgan fitosanitar tadbirlar o‘tkaziladi hamda zudlik bilan fumigatsiya (o‘simliklar karantini obektlarini va boshqa zararli organizmlarni yo‘q qilish maqsadida ularni kimyoviy vositalarning gazlari bilan zararsizlantirish) ishlari amalga oshiriladi. Aks holda, zararli organizmlar boshqa hududlarga tarqalib ketishi, buning natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda bog‘-rog‘lar jiddiy zararlanishi mumkin.
“Xorazm TIF” O‘KChM inspektorlarining taqdimnomasiga ko‘ra Xonqa tuman hokimining qarori bilan o‘simliklar karantini obektlari aniqlangan ombor hududida, shuningdek unga tutash dehqon bozori atrofida karantin cheklovlari o‘rnatildi. Ayni kunlarda Xonqa tumanidagi meva-sabzavot mahsulotlarini vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan muzlatgich omborida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
17:25 / 24.08.2024