O‘zbekiston | 21:50 / 25.04.2020
67486
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat tilida ish yuritmagan mansabdorlar javobgarlikka tortilishi mumkin

Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir.

Shuningdek, «Davlat tili haqida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi.

Shu bilan birga, «Davlat tili haqida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.

«Biroq bugungi kunda ayrim davlat tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda olib borish holatlari kuzatilmoqda. Bu, o‘z navbatida davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e'tiborning pasayishiga sabab bo‘lmoqda», deyiladi vazirlik axborot xizmati izohida.

Qayd etilishicha, qonunchilikda ushbu normalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasi «Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish» deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmagan.

Adliya vazirligining fikricha, bu hol ba'zi davlat organlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.

«Yuqoridagi holatlarning oldini olish, davlat tilining nufuzini oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni qat'iy belgilash, ushbu talabga rioya etmagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalarini belgilash lozim.

Shuni e'tiborga olib, Hukumat topshirig‘iga asosan, loyihada davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda», deyiladi press-relizda.

Adliya vazirligi MJtKning 42-moddasiga: «Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» degan to‘ldirish kiritishni taklif etgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi o‘rganilgan.

«Qonun qabul qilinishi natijasida davlat organlari, korxonalari va tashkilotlarida ish yuritishning to‘liq ravishda davlat tilida amalga oshirilishiga, ushbu sohada mansabdor shaxslarning mas'uliyati oshishiga va o‘z o‘rnida, davlat tilining rivojlanishi hamda unga bo‘lgan e'tiborning ortishiga olib keladi», deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirildi. 

Mavzuga oid