Sport | 22:02 / 25.04.2020
20972
2 daqiqa o‘qiladi

Habib Nurmagomedovning otasi pnevmoniya bilan og‘rigani xabar qilindi

Foto: Darya ISAYeVA/"SE"

UFC bo‘yicha mutlaq jahon chempioni rossiyalik Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmannop Nurmagomedov kasalxonaga yotqizildi. U pnevmoniya bilan og‘rigan. Bu haqda TASS nashri xabar qilmoqda.

«U betob bo‘lib qoldi. Pnevmoniya bo‘lishi mumkin deyishyapti. Analiz natijalari aniq emas. U ikki kun oyoqda turdi, bugun esa Mahachqal'adagi kasalxonaga yotqizildi», deb sharhlovchi Ramazan Rabadanovning so‘zlarini keltirmoqda TASS. Boshlovchi UFC chempionining otasi bilan do‘st ekani aytiladi.

Xabarda sambo va UFC bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat olib boradigan Abdulmannop Nurmagomedov 2019 yil yurak operatsiyasini o‘tkazgani eslatilgan.

Ramazan Rabadanov Habib Nurmagomedovning amakivachchasi va jamoadoshi Shamil Zavurov ham betob ekani, u ham pnevmoniya bilan og‘rigan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Zavurov MMA jangchilari orasida mashhur va u professional faoliyatida 45 marta oktagonga ko‘tarilib, 38 marta g‘alaba qozongan.

Keyinroq Abdulmannop Nurmagomedovning qonidan koronavirus chiqmagani, unga oddiy pnevmoniya tashxisi qo‘yilgani aniq bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, koronavirus odam organizmida o‘tkir pnevmoniyani keltirib chiqaradi va shu sabab pnevmoniya bilan og‘riganlar tezda jiddiy nazoratga olinmoqda.

Mavzuga oid