Jahon | 22:55 / 29.04.2020
7427
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar sharafiga aviashou o‘tkazildi 

Nyu-Yorkda koronavirus epidemiyasi vaqtida shifokorlarga bag‘ishlangan America Strong (Amerika kuchli) deb nomlangan aviashou o‘tkazildi.

AFP axborot agentligining xabar berishicha, 28 aprelda ikkita aviatsiya eskadrilyasi – AQSh harbiy-havo kuchlari Thunderbirds guruhining 6 ta va Blue Angels guruhining 6 ta samolyoti ko‘rgazmali parvozlar amalga oshirgan. So‘ngra samolyotlar Filadelfiya tomon yo‘l olgan.

Samolyotlar shaharning barcha tumanlari uzra uchib o‘tgan. Thunderbirds eskadrilyasi sardori Jon Kalduellning ta'kidlashicha, uchuvchilar “shahar aholisi xavfsizligi uchun jonbozlik qilayotgan barchaga hurmat bajo keltirish”dan xursand bo‘lishgan. Ushbu parvozga bir oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan.

Bunday parvozlar AQShning turli shaharlarida may o‘rtasigacha davom etadi. Ulardan maqsad mamlakat aholisini, ayniqsa og‘ir sharoitlarda ishlayotgan shifokorlarni ilhomlantirish hamda uchuvchilarga mashg‘ulot o‘tkazish va o‘z malakasini yo‘qotmaslikda yordam berish hisoblanadi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga qarshi kurashayotganlar va virusdan vafot etganlar sharafiga harbiy aviatsiyaning ko‘rgazmali parvozlari o‘tkazilishini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid