O‘zbekiston | 16:47 / 01.05.2020
56294
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Mirzaobodliklar Yangiyerga evakuatsiya qilindi

Sardoba tumanida suv ombori devori buzilishi oqibatida ro‘y bergan suv toshqini tufayli viloyatning Mirzaobod tumanidan 2 mingdan ortiq kishi Yangiyer shahriga evakuatsiya qilindi. 

Foto: Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati

Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, vaqtinchalik evakuatsiya qilingan mirzaobodliklar Yangiyer pedagogika hamda tibbiyot kollejlari, GulDUning Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti va Yangiyer Futbol akademiyasi binosiga joylashtirilgan.

«Qayd etish joizki, mana shunday sharoitida bir qancha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar va homiylar tomonidan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, niqob, antiseptik vosita, bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, Guliston tuman hokimligi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami keltirildi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 05:55da Sardoba suv ombori dambasi devorida suv chiqishi yuzaga kelib, tumandagi Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punkti suv ostida qoldi.

Shundan so‘ng suv ombori atrofidagi xavf hududidan 11,5 mingdan ziyod aholi ko‘chirilgan, yana to‘rtta mahallani ko‘chirish rejalashtirilgandi.

Bundan avvalroq Mirzaobod tumanidagi «Beruniy», «Paxtaobod», «Baliqchi», «Haqiqat», «Bahoriston», «Yangiovul» va «Do‘ngariq» MFYlari aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinayotgani xabar qilingandi. Tuman aholisining yana bir qismi Jizzax viloyati hududidagi maktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga ko‘chirilishi boshlangandi.

Mavzuga oid