O‘zbekiston | 20:37 / 05.05.2020
8439
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi shamoldan zarar ko‘rgan 20 foiz xonadonlarning tomi yopildi

Buxoro viloyatida ro‘y bergan kuchli shamoldan so‘ng o‘tgan bir hafta mobaynida ofatdan zarar ko‘rgan ijtimoiy obektlarning 70 foizi, aholi xonadonlarining 20 foizining tomi yopildi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kungi yig‘ilishda ma'lum qildi.

«Bu yil insoniyat uchun, shu jumladan biz uchun juda og‘ir keldi. Keyingi bir haftaning o‘zida xalqimiz ketma-ket kutilmagan sinovlarga duch keldi.

27 aprel kechasi Buxoro viloyatida, ayniqsa, Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan og‘ir tabiiy ofatdan yaxshi xabardorsizlar.

Bu ofat viloyat bo‘yicha 38 mingdan ziyod aholi xonadonlari, 847 ta ijtimoiy soha obektlariga, ekin maydonlariga zarar yetkazdi. Qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va infratuzilma sohalariga ham jiddiy talafot yetdi.

Biz tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz. Hukumat komissiyasi tun-u kun ishlamoqda.

Bugungacha 70 foiz ijtimoiy obektlar, 20 foiz aholi xonadonlarining tomi yopildi. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 1 ming 100 ta transformator ta'mirlanib, 286 ming aholining elektr ta'minoti tiklandi. Yakka tartibdagi uy-joylar ham ta'mirlanmoqda», – dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun prezident farmoyishi bilan 100 mlrd so‘m ajratilgan edi.

Kuchli shamol oqibatida bir kishi vafot etdi, 41 kishi jarohat oldi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid