O‘zbekiston | 07:49 / 06.05.2020
18002
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada bir kun ichida koronavirusdan rekord sonda o‘lim qayd etildi 

Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan o‘lim holatlari bir kun ichida 600 taga ko‘payganini, shuningdek, koronavirus bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana 1,5 mingta o‘lim sababi aniqlashtirilayotganini ma'lum qildi.

Foto: AP Photo/Natacha Pisarenko

Ayni vaqtda mamlakatda koronavirusdan o‘limlar umumiy soni 7938 taga yetdi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 115 mingdan oshib ketgan, undan sog‘ayganlar 48 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Braziliyada koronavirus tarqalishi markazi San-Paulu shtati va uning shu nomdagi poytaxti bo‘lib qolmoqda. Shtatda koronavirusga chalinganlar 34 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar 2,8 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Undan keyingi o‘rinda Rio-de-Janeyro kelmoqda. Bu yerda 12,5 mingta kasallanish holati va 1,1 mingdan ko‘proq o‘lim holati qayd etilgan.

Shuningdek, mamlakatning shimoli-sharqidagi Seara, Pernambuku, Maranyan, shimolidagi Amazonas va Para shtatlarida ham og‘ir epidemiologik vaziyat kuzatilmoqda.

Braziliyada koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holat 26 fevralda San-Pauluda qayd etilgandi. Avvalroq mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat iyulga kelib barqarorlashishi, avgustda kasallanish sur'atlari sekin-asta kamayishi va sentyabrda keskin pasayishi prognoz qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid