O‘zbekiston | 15:19 / 09.05.2020
27870
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi Shon-sharaf muzeyini ko‘zdan kechirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi Shon-sharaf muzeyini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bildirilishicha, davlati rahbari avvalgi chiqishlarida O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ta'kidlagan edi. Shundan so‘ng bu borada katta ilmiy tadqiqotlar qilindi. Ilgari yopiq bo‘lgan tarixiy hujjatlar ham o‘rganildi. Chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar, olimlar bilan hamkorlik natijasida qahramon ajdodlarimiz haqida yangi ma'lumotlar qo‘lga kiritildi.

Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Yurtda qolgan ayollar, keksalar, yosh bolalar ham chinakam qahramonlik ko‘rsatganlar. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha odam halovatdan voz kechib, tinimsiz mehnat qilgan. Respublikadan jang maydonlariga samolyot va tanklar, qurol-yarog‘, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib turilgan.

Minglab urush qatnashchilari O‘zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan.

Elimizning bu jasorati, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali hamon shon-sharaf maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelmoqda. Vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shon-sharaf muzeyida ana shunday shonli tarix o‘z ifodasini topgan. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan.

Davlat rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Bu yerdagi eksponatlar Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga katta hissa qo‘shgan xalqimizning jasoratini tarannum etishga, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini ta'kidladi.

- Bu muzeyning paydo bo‘lishi adolatning tiklanishi demakdir. Tariximizning bir qismi bo‘lgan urush voqealarini bir joyda namoyon etadigan bunday maskan yo‘q edi. Bu ishlardan maqsad-muddaomiz - xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga qo‘shgan buyuk hissasini tarixga muhrlab qo‘yish, yosh avlodlarga yetkazish. Yuz yillardan keyin ham odamlar kelib, urush voqealari va oqibatlarini, tinchlik qadrini bilishi kerak, - dedi prezident.

Muzey oltita bo‘limdan iborat bo‘lib, 1-bo‘limda respublika aholisining frontga safarbar etilishi, jang maydonlaridagi jasorati aks ettirilgan. Ikkinchi bo‘lim «O‘zbekiston – front uchun ishonchli tayanch qo‘rg‘oni» deb nomlangan. Keyingi bo‘limda urush yillarida ilm-fan, ta'lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash sohalari namoyish etilgan. 4-bo‘lim «Urush va g‘alaba haqida xotiralar, xalqning quvonch va shodligi» deb atalgan bo‘lsa, navbatdagi sho‘'bada urush yillaridagi badiiy adabiyot, san'at va matbuot haqida hikoya qilingan. «Mardlar jasorati mangu yashaydi» nomli 6-bo‘limdan 33 jildlik «Xotira» kitobi, shuningdek, bayram munosabati bilan nashr etilgan kitob-albom va boshqa eksponatlar o‘rin olgan.

Shavkat Mirziyoyev Shon-sharaf muzeyida har bir qo‘mondonlikning o‘z joyi bo‘lishi, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib, ularning ekspozitsiyalarini to‘ldirib borishi zarurligini ta'kidladi. Harbiy xizmatchi va kursantlarni, yoshlarni bu yerga olib kelib, ularda mardlik, fidoyilik ruhini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlat rahbari bog‘dagi «Ko‘z yoshi» majmuasini ham ko‘zdan kechirdi. Ko‘z shaklidagi bu badiiy majmuada urushning mudhishligi, millati va dinidan qat'i nazar, barcha odamlar birligi ifodalangan.

Bog‘ hududida bir nechta marmar devorlarda kompozitsion pannolar barpo etilgan. Ularda sarkarda bobolarimiz tarixidan lavhalar, Ikkinchi jahon urushiga oid eng muhim ma'lumotlar, milliy armiyaning hozirgi jangovar holati aks ettirilgan. Urush yillaridagi kuy-qo‘shiqlar va xabarlar asosida tarixiy muhit jonlantirilgan.

 

Mavzuga oid