Jahon | 12:29 / 10.05.2020
9142
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning bosh infeksionisti 14 kunlik karantinga ketdi

AQShning allergik va yuqumli kasalliklar bo‘yicha milliy instituti direktori Entoni Fauchi Oq uy xodimlaridan birida koronavirus aniqlangandan keyin 2 hafta davomida o‘zini izolyatsiyalash rejimida ishlaydi.

Foto: REUTERS

Bu haqda Fauchining o‘ziga tayanib CNN telekompaniyasi ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, AQShning bosh infeksionisti vitse-prezident Maykl Pens matbuot xizmati xodimida koronavirus aniqlangandan keyin 14 kunlik karantinga amal qilishga qaror qilgan. Fauchining aytishicha, u Oq uy tomonidan tashkil etilgan idoralararo ishchi guruhi doirasida uyidan turib ishlaydi. 

Bundan tashqari, u o‘zi boshqaradigan markazga tashrif buyura oladi va u yerda ham izolyatsiyada bo‘ladi. Shu bilan birga u doimiy ravishda niqob bilan yuradi. Fauchining fikricha, uning kasallanishi ehtimoli kichik. Mutaxassis har kuni koronavirusga tekshiruvdan o‘tadi.

Avvalroq Oq uyning koronavirus bo‘yicha ishchi guruhining ikki a'zosi – Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) rahbari Robert Redfild va AQSh sog‘liqni saqlash vazirligining oziq-ovqat mahsulotlari dori-darmonlar sifati masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbari Stiven Xan karantinga ketgandi. 

7 may kuni AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy yordamchilaridan biri bo‘lgan harbiyda koronavirus aniqlangani ma'lum bo‘lgandi. Shundan keyin Tramp Oq uyning barcha xodimlari har kuni koronavirusga test topshirishlarini ma'lum qilgan.  

Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Keyli Makenani ma'muriyat xodimlari orasida koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun alohida choralar ko‘rilganini ma'lum qilgan.

 

Mavzuga oid