Jamiyat | 00:02 / 14.05.2020
35197
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda sel kelib, odamlarning uyini suv bosdi

Foto: KUN.UZ

12-13 may kunlari O‘zbekistonning ba'zi hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘di. Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yomg‘ir suv toshqinlarini hosil qildi.

Kun.uz o‘quvchilari yuborgan videolarda suv odamlarning uyigacha kirib borganini ko‘rish mumkin.

Kadrlarda ko‘chalar o‘pirilgani, ko‘priklar buzilgani ko‘rinadi.

Ma'lum bo‘lishicha, tog‘li hudud hisoblangan Nurotada ham sel kelgan. Bu hududda sel kelishi odatiy holga aylangan. Nurotalik o‘qituvchilarning aytishicha, sel paydo qilgan katta suv oqimi Narpay kanaliga borib quyiladi va u odamlarning uyiga zarar yetkazmagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 13 may kuni ertalab bergan birlamchi ma'lumotda sel oqibatida 4 xonadon qisman zarar ko‘rgani, o‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor choralar natijasida fuqarolar hayoti saqlab qolingani aytilgan edi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Zarafshonda sel kelishi 13 mayga o‘tar kechasi taxminan soat 02:30dan 04:30gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kuzatilgan.

«Vaziyat yuzasidan Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 9ta texnikasi va 70 nafar shaxsiy tarkibi zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, 300 nafar fuqaroni xavfsiz hududga evakuatsiya qildi», – deyiladi FVV 13 may soat 10:18da e'lon qilgan xabarida.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Zarafshon shahrida koronavirus bilan kasallanishning yangi o‘chog‘i yuzaga kelgan chalingani xabar qilingan, shu boisdan shaharning toifasi «sariq»dan «qizil»ga o‘zgartirilgan edi.

Mavzuga oid