Jahon | 08:59 / 15.05.2020
3977
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyada 2 oylik tanaffusdan keyin juma namozlari o‘qishga ruxsat berildi

Malayziya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli vaqtincha to‘xtatilgan juma namozlarini yana o‘tkazishga ruxsat berdi. Mamlakatning ko‘plab hududlarida 15 maydan juma namozlari 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘qila boshlanadi.

Foto: REUTERS

Bu haqda bosh vazirning din ishlari bo‘yicha departamentidagi vazir Zulqifli Muhammad Al-Bakriy bayonotida ma'lum qilingan.

“Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat ijobiy deb tan olingan hududlarda joylashgan masjidlarda muayyan ehtiyot choralariga rioya qilingan holda juma namozlari o‘qilishi boshlanadi”, deb aytgan amaldor. Biroq uning ta'kidlashicha, masjidda bir vaqtda imomdan tashqari 30 nafargacha odam bo‘lishiga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, masjidga kirishda tana harorati o‘lchanadi va tashrif buyuruvchilarning shaxsiy ma'lumotlari yozib olinadi. Al-Bakriy surunkali og‘ir kasalliklarga ega odamlarni masjidlarga kelmay turishga chaqirgan.  

Ayni vaqtda Malayziyada 13 shtatdan 8 tasining hududi yashil hudud deb e'lon qilingan.  

Mamlakatda masjidlar yopilishi va juma namozlar to‘xtatilishi haqidagi qaror mart oyida koronavirusga chalinganlar soni keskin oshib ketgandan keyin qabul qilingandi. O‘shanda poytaxt Kuala-Lumpur atrofidagi hududlarda ommaviy diniy festival o‘tkazilishi virusning tarqalishi asosiy o‘choqlaridan biri bo‘lgani aytilgandi. Festivalda bir nechta davlatdan 16 minggacha odam yig‘ilgan. 

Ayni vaqtda mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 6,8 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar 112 nafarni, sog‘ayib ketganlar 5,3 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Mamlakatda so‘nggi kunlar yangi kasallanish holatlari qayd etilmagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid