Jahon | 11:13 / 24.05.2020
29462
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning matbuot kotibi u haqidagi maxfiy ma'lumotni oshkor qilib qo‘ydi 

AQSh prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Keyli Makinani bexosdan prezidentning bank rekvizitlarini oshkor qilib qo‘ydi.

Foto: AFP/MANDEL NGAN

Makinani matbuot anjumanda jurnalistlarga Tramp koronavirusga qarshi sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z maoshidan AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmatlarga 100 ming dollar o‘tkazib bergani haqida bank ma'lumotnomasini ko‘rsatgan.    

Ma'lumotnoma surati kattalashtirilganda unda Oq uy rahbarining bank hisobraqami va maxfiy ma'lumotlar hisoblanuvchi boshqa moliyaviy ma'lumotlar ko‘ringan. Oq uy ma'muriyati vakilining ta'kidlashicha, brifingda soxta cheklardan foydalanilmagan.

Shu bilan birga, The Guardian nashrining ta'kidlashicha, bunday ma'lumotlarga ega bo‘lish bank hisobraqami buzib kirilishi yoki boshqa shaxslar tomonidan qo‘llanishi xavfini yuzaga keltiradi.   

Notr-Dam universitetining axborot texnologiyalari professori Mayk Chapplning ta'kidlashicha, bu holat banklar mijozlari ehtiyotkor bo‘lib, o‘z hisobraqamlarini daxlsiz saqlashlari kerakligini ko‘rsatadi. 

Boshqa tomondan, moliyaviy tahlilchilarning ta'kidlashicha, ushbu pul o‘tkazmasini amalga oshirgan bank prezident haqidagi ma'lumotlarni himoyalash uchun katta ehtimollik bilan ehtiyot choralarini ko‘rgan bo‘lishi kerak. 

2016 yil Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasida prezident bo‘lsa, o‘z maoshidan ijtimoiy ehtiyojlarga 400 ming dollar xayriya qilishga va'da bergan.

Mavzuga oid