Jahon | 10:19 / 05.06.2020
37552
4 daqiqa o‘qiladi

“Uni irqchilik pandemiyasi o‘ldirdi”: AQSh Jorj Floyd bilan vidolashmoqda 

4 iyun kunduzi AQShning Minnesota shtati poytaxti Minneapolisda 25 may kuni politsiya tomonidan qo‘lga olinish vaqtida halok bo‘lgan afroamerikalik Jorj Floyd bilan vidolashish marosimi boshlandi. Marosim borishini jonli efirda G‘arbning yetakchi telekanallari, jumladan SNN va VVS olib borgan.

Foto: REUTERS/Terray Sylvester

Aytish joiz, Floyd so‘nggi manziliga milliy qahramonlarga xos ravishda kuzatilgan. Uning jasadi keyingi haftada dafn qilinadi. Bungacha bir nechta shaharda u bilan vidolashish marosimlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, Minneapolisdagi marosimdan keyin uning jasadi solingan oltin tobut u tug‘ilgan Reyford shahriga (Shimoliy Karolina) 6 iyunda odamlar va oilasi vidolashishi uchun yetkaziladi. Shuningdek, Floyd bilan vidolashish marosimi 8 iyunda Xyustonda bo‘lib o‘tadi. Floyd bu shaharda voyaga yetib, hayotining katta qismini yashagan. 9 iyunda marhumning xotirasiga cherkovda 500 kishilik marosim o‘tgach, u dafn etiladi.     

Minneapolisda Floyd bilan vidolashishga uning oilasi a'zolari va do‘stlari bilan bir qatorda Minnesota shtati gubernatori Tim Uolz, Minneapolis meri Jyeykob Frey, kongressmen Ilxon Omar va amerikalik siyosatchi Jyessika Jyekson va yana ko‘plab siyosatchilar hamda mashhur kishilar kelgan. The Guardian britan nashri saytida vidolashish marosimi o‘tgan cherkov oldida bir nechta oq tanli respublikachi kongressmenlar bir oyog‘iga tiz cho‘kib turgani surati tarqaldi. Shuningdek, Floydning tobutini olib ketayotgan kortej yo‘lida ham mahalliy politsiyachilar tiz cho‘kib turishgan. Marosim ishtirokchilariga koronavirus tarqalishi oldini olish uchun bir-birlaridan masofa saqlash uqtirilgan.

Marosimda Floydning ukasi Filoniz Floyd o‘z oilasi va AQSh jamiyati “adolatga erishinini” aytgan. U avvalroq CNN telekanaliga bergan intervyusida akasining o‘limiga aloqador politsiyachilar o‘lim jazosiga loyiqligini aytgan. Floyd oilasining advokati Benjamin Kramp adolat uchun kurash “sud zalida va uning tashqarisida” davom etishi kerakligini ta'kidlagan. Bundan avvalroq aprelda Floydda koronavirusga test musbat chiqqani ma'lum bo‘lgandi. Biroq advokatning ta'kidlashicha, uni virus o‘ldirmagan.

“Uni koronavirus pandemiyasi o‘ldirmadi. Men buni aniq aytmoqchiman. Uni bizga Amerikada anchadan beri tanish bo‘lgan pandemiya – irqchilik va tahqirlash pandemiyasi o‘ldirdi”, deb aytgan Kramp. 

U, shuningdek, amerikaliklarni adolat qaror topmaguncha noroziliklarni davom ettirishga chaqirgan.      

Marosim o‘tayotgan bir vaqtda Floydning o‘limi bo‘yicha yana uch politsiyachi - Tomas Leyn, Jyey Aleksandr Kueng va To Tao sud oldida javob bera boshlashgan. Ular ikkinchi darajali qotillikka sheriklik qilishda va gij-gijlashda ayblanmoqdalar. Agar ular aybdor deb topilsalar, 40 yilga ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin. Bir kun avval Minnesota bosh prokurori Floyd o‘limining bevosita sababchisi, uni qo‘lga olish vaqtida bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan politsiyachi Derek Shovinga qo‘yilayotgan ayblovni qat'iylashtirgandi. Shovinga ham 40 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin. Ma'lum qilinishicha, uch politsiyachidan ikki nafari mahalliy politsiyada bir hafta ham ishlashga ulgurmagan. Ular Shovin nazorati ostida politsiyada sinov muddatini o‘tayotgan bo‘lganlar.

Mavzuga oid