Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh virus testini o‘tkazish uchun zarur vositalarni O‘zbekistonga yetkazib berdi
5 iyun kuni, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamning bir qismi sifatida, AQSh elchixonasi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga koronavirus testi o‘tkazish uchun zarur vositalarni yetkazib berdi. Bu haqda elchixona axborot xizmati Kun.uz'ga xabar berdi.
Foto: AQSh elchixonasi
«Sog‘liqni saqlash vazirligidagi hamkorlarimiz bilan birga ishlab, biz ushbu xavfli virusni aniqlash ishini yaxshilaymiz, kasallikka chalinganlar sonini kamaytiramiz va O‘zbekistonda odamlar hayotini saqlab qolamiz», – dedi elchi Daniyel Rozenblyum.
Ta'kidlanishicha, bu USAID hadya etayotgan test vositalarining birinchi to‘plamidir. U 15000 ta test o‘tkazishga yetarli QIAGEN RNA reagentlarini jamlagan 60 ta qutidan iborat. 10000 ta test uchun mo‘ljallangan yana 40 ta shunday quti bir necha haftadan so‘ng O‘zbekistonga yetib keladi.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi nomidan ushbu yordam uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu reagentlar koronavirusga qarshi kurashimizda asqotadi hamda vatandoshlarimizning sog‘ligi va farovonligini yaxshilaydi», – dedi agentlik direktori Bahodir Yusupaliyev.
Ma'lumot uchun, USAID O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 3,9 million dollar bermoqda. Bu yordam laboratoriyalarni keng ko‘lamli testlar o‘tkazishga tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, COVID-19 ga oid tezkor choralarni takomillashtirish, kasallik yuqtirganlar holatini boshqarish tizimini kuchaytirish, virus to‘g‘risidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda jamoalarni hamjihatlikda ishlashga jalb qilishni o‘z ichiga oladi.
COVID-19 tarqala boshlangandan buyon AQSh hukumati pandemiyaga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro ko‘mak uchun bir milliarddan ortiq mablag‘ ajratdi.
Mavzuga oid
11:00 / 28.05.2025
AQSh dunyo bo‘ylab xorijiy talabalar uchun viza suhbatlarini to‘xtatmoqda
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
22:46 / 27.05.2025
Tramp AQSh oliygohlariga chet ellik barcha talabalar qabulini to‘xtatadi
21:38 / 27.05.2025