Jahon | 08:44 / 09.06.2020
10830
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda tajovuzkor yo‘lbars umrbod ozodlikdan mahrum etildi 

Hindistonda 5 yoshli yo‘lbars o‘zini tajovuzkor tutishni bas qilmagani sababli umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Madxia Pradesh shtati ma'muriyati ma'lum qildi.  

Yo‘lbars oxirgi vaqtda 3 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va yovvoyi tabiat qo‘riqchilari yirtqich odamlarga xavfli ekaniga rozi bo‘lishgan. Yo‘lbars tutilib, shtatning ma'muriy markazi Bxopaldagi hayvonot bog‘iga jo‘natilgan va u yerda qat'iy izolyatsiyalangan volerga joylashtirilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu yo‘lbarsning tarixi juda qiziq bo‘lib, unga xalq orasida “Daydi” laqabi berilgan. Yirtqichga bunday laqab u 2 yilcha avval 500 kmdan ko‘proq yo‘lni bosib o‘tib, Maxarashtra shtatidan Madxia Pradesh shtatiga kelgani sababli berilgan bo‘lishi mumkin.

Biroq bunday uzoq yo‘l yo‘lbarsning shashtini pasaytirib, “bosiqroq” qilmagan va 2018 yilda u tutib olinib, 2 oyga atrofdagilardan yakkalangan. Keyin yirtqichga uning harakatlanishi ortidan kuzatuvchi datchik mahkamlanib, yo‘lbarslar rezervatsiyasiga jo‘natilgan. Biroq yirtqich u yerga o‘rgana olmay, muntazam u yerdan qochib ketavergan.

“Daydi” yovvoyi tabiatda yashash uchun o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanmay, muntazam ravishda odamlar yashaydigan hududlarga “tashrif buyurib turgan”. Ba'zida bunday “tashriflar” odamlar uchun ayanchli tugagan. Bxopaldagi tabiat qo‘riqchilaridan birining ta'kidlashicha, shu sababli yo‘lbarsni umrbod yakkalashdan boshqa iloj qolmagan.

Spiegel nashrining yozishicha, hozirda Hindistonda dunyodagi mavjud barcha yo‘lbarslarning 70 foizi yashaydi. 2006-2018 yillar ichida ushbu yirtqichlar soni 2 martadan ko‘proqqa – 1411 tadan 2967 tagacha ko‘paygan.

Shu bilan birga, odamlar tobora ko‘proq hududlarni o‘zlashtirib borayotgani sababli yo‘lbarslarning yashash muhiti qisqarib bormoqda. Yirtqichlar va odamlar orasida ko‘plab to‘qnashuvlar aynan shu sababli kelib chiqmoqda. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Hindistonda 2014 yildan 2019 yilgacha yo‘lbarslar hujumidan 225 kishi halok bo‘lgan. Biroq, shu bilan birga, 2012-2018 yillar davomida 200 dan ko‘proq yo‘lbars yo brakonerlar qurboniga aylangan, yo qanchalik taajjubli bo‘lmasin, elektr liniyalari tok urishidan nobud bo‘lgan. 

Mavzuga oid