O‘zbekiston | 22:48 / 11.06.2020
5132
3 daqiqa o‘qiladi

ATKR vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston Prezidentining qaroriga ko‘ra, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga 2 nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 10 iyundagi qaroriga muvofiq, Oleg Andreyevich Pekos Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Pekos Oleg Andreyevich 1988 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan.

Oleg Pekos

O.Pekos shu vaqtga qadar «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi «Telekommunikatsiya transport tarmog‘i» filiali direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Shu bilan birga, O.Pekos faoliyati davomida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasida bir qator rahbar lavozimlarida mehnat qilgan. M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universitetida «Axborot tizimlari va texnologiyalari muhandisi» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.

Prezident qaroriga muvofiq, Jamol Tilloyevich Maxsudov Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining telekommunikatsiya infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Jamol Maxsudov

Jamol Maxsudov 1972 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan.

J.Maxsudov shu vaqtga qadar «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktorining istiqbolli rivojlantirish va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

J. Maxsudov faoliyati davomida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasida bir qator rahbar lavozimlarida mehnat qilgan. 2017 yilda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan. Toshkent elektrotexnika aloqa institutida «Elektr aloqa muhandisi» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.

Shu bilan birga, shu yil martidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan Jamshid Sharifjonovich Egamberdiyev vazirning investitsiyalar va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga qayta tayinlangan.

Jamshid Egamberdiyev

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Bahromjon Adhamovich Olmatov (2015 yidan buyon) vazirning axborot xavfsizligi va rejim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga, vazir o‘rinbosari Qahramon Anvarjonovich Yuldashev (2018 yildan buyon) vazirning agrar sohasini raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga qayta tayinlangan.

Bahromjon Olmatov
Qahramon Yuldashev

Avvalroq ATKR vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiya va innovatsion faoliyatni rivojlantirish departamenti rahbari etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. 

Mavzuga oid