Jamiyat | 21:37 / 13.06.2020
39600
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xotin-qizlar ishsizligi eng yuqori bo‘lgan hududlar ma'lum qilindi

2020 yil yanvar-mart oylari davomida 20 ming nafardan ziyod ayol ishlash uchun xorijiy davlatlarga chiqib ketgan.

Respublika bo‘yicha xotin-qizlar ishsizligining eng katta ulushi Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda respublika bo‘ylab ishsiz xotin-qizlar 524 ming 241 nafarni tashkil qilmoqda. 

Xususan, eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona (83400), Andijon (78777), Samarqand (62487), Qashqadaryo (59111), Surxondaryo (50995), Buxoro (30210) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan viloyatlarda ishsiz xotin-qizlar soni o‘rtacha 25 ming nafarni tashkil qiladi. Toshkent shahrida 8017 nafar ishsiz xotin-qizlar ro‘yxatga olingan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova chet davlatlarga ish izlab ketgan ayollarning huquqiy himoyasi ta'minlanmayotganini bildirdi.

“Ishsiz ayollar bilan yakka tartibda ishlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, yaratilgan imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha maslahat-axborot berish ishlari qoniqarsiz tashkil etilganligi natijasida 2020 yil yanvar-mart oylari davomida 20 ming nafardan ziyod ayol ishlash uchun xorijiy davlatlarga chiqib ketgan.

Bugungi kunda norasmiy tarzda chetga chiqib ketgan xotin-qizlar bo‘yicha aniq ma'lumotlar mavjud emas va chet davlatlarda yurganlarning huquqiy himoyasi ta'minlanmayapti”, dedi u.
Bositxonovaga ko‘ra, joriy yil may oyida bandlik markazlariga pandemiya oqibatida ishsiz qolgan 15 ming nafardan ortiq ayol murojaat qilgan. 

Mavzuga oid