Jahon | 07:31 / 16.06.2020
10625
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning yana bir shahrida koronavirus sababli harbiy holat joriy qilindi

Foto: Foto: Thomas Peter / Reuters

Xitoyning Xebey provinsiyasida joylashgan Baodin shahrida qo‘shni Pekinda koronavirus tarqalishi avj olgandan keyin harbiy holat kiritildi.

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabda ta'kidlanishicha, shaharda koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun iloji boricha tezroq “harbiy davr mexanizmi” yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalliy ma'muriyatning ta'kidlashicha, Baodinda Pekin bilan qo‘shni bo‘lgani sababli alohida sinchkov bo‘lish talab etiladi. Mahalliy aholi o‘z salomatligi ortidan kuzatishga va himoya vositalaridan foydalanishga chaqirilgan. 

Baodin Pekindan 140 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, unda 11 mln kishi yashaydi.

Pekinda 11 iyungacha 56 kun davomida koronavirusga chalinish holati qayd qilinmay kelinayotgandi. Keyinroq shaharning Fentay tumani rahbari Chu Tszyunvey mahalliy oziq-ovqat bozorida koronavirus tarqalishi qayd etilgandan so‘ng tumanda harbiy davr rejimi kiritilishini e'lon qildi. Bozor atrofidagi 11 ta turarjoy majmuasida yashovchi aholiga uylarini tark etish taqiqlangan va ular o‘zini izolyatsiyalash rejimiga rioya qilishlari lozim. 

Bozor unga tashrif buyurgan 517 kishidan 45 nafarida koronavirusga test musbat natija bergandan keyin 13 iyunda yopib qo‘yilgan. Bozor boshqaruvchisining ma'lum qilishicha, virus losos balig‘ini nimtalashda qo‘llangan taxtakachda aniqlangan. Kasallangan baliq dengiz mahsulotlari bozori Tszinshendan keltirilgan. Avvalroq bu bozorda koronavirus tarqalishi o‘chog‘i qayd etilgan bo‘lgan.

Mavzuga oid