Jahon | 12:06 / 18.06.2020
65036
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyevda koronavirus aniqlandi

Nursulton Nazarboyev masofadan turib ishlashda davom etayotgani aytilgan.

Foto: AP

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Hozirgi vaqtda Qozog‘istonning birinchi prezidenti o‘zini o‘zi yakkalash rejimida bo‘lib turibdi. Elboshining koronavirus infeksiyasiga o‘tkazilgan so‘nggi testi musbat natijani ko‘rsatdi. Xavotirga sabab yo‘q

Nursulton Nazarboyev masofadan turib ishlashda davom etmoqda», - deyiladi uning matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov 14 iyun kuni koronavirusga chalingani va shifoxonaga joylashtirilganini ma'lum qilgandi. 

Shundan so‘ng, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanovda koronavirus aniqlangandan keyin o‘zini yakkalashga qaror qildi.

Maminning koronavirusga topshirgan testi manfiy chiqqan. 12 iyunda Maminning Jambil viloyatiga ishchi safari vaqtida Birtanov unga hamrohlik qilgan. Birtanovda koronavirus aniqlangani ma'lum bo‘lgach, Mamin koronavirusga test topshirgan va uning natijasi manfiy chiqqan. Bosh vazir videoaloqa orqali ishlashni davom ettirmoqda.  

Iyun boshida koronavirus Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi Berik Kurmangalida aniqlangandi.

Qozog‘istonda koronavirus pandemiyasi sababli 16 martdan 11 aprelgacha favqulodda vaziyat rejimi amal qilgandi. Karantin choralari respublikaning turli hududlarida hali ham saqlanib qolmoqda. 

Bugungi kunda respublikada koronavirusga chalinganlar soni 15 542 nafarni, undan vafot etganlar soni 97 nafarni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 9 902 kishi virus asoratlaridan sog‘ayib ketgan.

Nazarboyev qariyb 30 yil davomida Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan. 2019 yil mayida u iste'foga chiqqan, shu bilan birgalikda «millat otasi» unvonini hamda Konstitutsion kengash a'zoligini saqlab qolgan. Shuningdek, u Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va hukumatdagi «Nur Otan» partiyasini boshqaradi.

Nazarboyevning oilasi Qozog‘iston siyosatida o‘z ta'sirini saqlab qolgan.

Mavzuga oid