O‘zbekiston | 22:42 / 19.06.2020
8632
3 daqiqa o‘qiladi

«Munozara klubi»ning ilk uchrashuvi: xorijlik ekspertlar qanday fikrda?

13 iyun kuni hukumat iqtisodiy blokining «Munozara klubi» ilk uchrashuvida davlat qarzi mavzusi muhokama qilindi.

Muhokamalarda yuqori lavozimdagi hukumat rasmiylari, jamoatchilik vakillari, mustaqil ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va reyting agentliklari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyadan so‘ng xalqaro ekspertlar o‘z mulohazalari va tavsiyalarini «Munozara klubi»ning bosh axborot hamkori – Kun.uz`ga yo‘lladi.

Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sindi Malvichini hukumat, fuqarolik jamiyati, xalqaro hamjamiyat va OAV muhim masalani muhokama qilish uchun bir stol atrofiga yig‘ilganini e'tirof etdi.

«Bundan tashqari, mahalliy iqtisodchilar jarayonda faol qatnashganidan ta'sirlandim», – dedi OTB vakili.

Malvichini qarz mablag‘larini samarali boshqarish muhimligi, OTB O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etishini qayd etdi.

Fitch Ratings agentligi katta direktori Erik Arispe ham munozara platformasida qatnashganidan mamnunligini bildirib, hukumatning iqtisoddagi ustuvor masalalardan birining bugungi holati va mamlakat kelajagiga ta'siri haqida ham mahalliy, ham xorijiy manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilishini olqishlashini bildirdi.

S&P Global Ratings bosh tahlilchisi Maksimilian Makgrov uchrashuvda muhim masalalar yuzasidan hukumat vakillarining ham qatnashgani, tashqi guruhlarga ham teng imkon berilganini qayd etdi. «Bundan keyingi tadbirlarni tashkil etishda mavzu va tashkiliy masalalar haqida barvaqt ma'lumot bersangiz. Bundan tashqari, uchrashuv hafta kunlarida o‘tkazilishini taklif qilaman», – dedi u.

«Gazprombank» Nikolay Sherazadishvili suveren qarzni muhokama qilish dunyoda voqealar inqirozli ssenariy asosida kechayotgan bir davrda juda muhimligini ta'kidlab, dolzarb mavzudagi ochiq muloqotning mamlakat taraqqiyotida yangi qadam ekanini ta'kidladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos ham munozara tashkil etilgani va uning formatini olqishlab, keyingi uchrashuvda xususiylashtirish mavzusini muhokama qilishni taklif etdi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori munozara monologga aylanib qolmagani, unda yuqori lavozimdagi rasmiylar qatnashgani, unda turli qarashlarga ega mutaxassislar fikr bildirgani e'tiborli ekanini ta'kidladi.

Muhokamadan batafsil videoreportaj bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid