O‘zbekiston | 16:50 / 19.06.2020
57341
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda nishonlangan tug‘ilgan kunda 13 kishi koronavirus yuqtirib oldi

18 iyun kuni Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va O‘rta Chirchiq tumanlarida aholi orasida yangi holatlar qayd etilgan. Toshkent shahrida esa tug‘ilgan kun nishonlanishi oqibatida 13 kishi virusga chalingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 18-19 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Aholi orasida koronavirusga chalinganlar ichida turli kasb egalarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, kasallanish hududlar kesimida ham kengayib bormoqda. Anchadan buyon koronavirus aniqlanmagan yashil hududlar ham bir zumda qizil hududga aylanayotgani kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori ekanidan darak beradi.

Avval xabar qilganimizdek, 17 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 189 nafar bemorning 13 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 18 iyun kuni esa 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi pasaygan bo‘lsa-da, aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin oshganini ko‘rish mumkin», deyiladi xabarda.

18 iyun kuni Toshkent viloyatida 14, Toshkent viloyatida 13, Qashqadaryo viloyatida esa 1ta holat aholi orasida qayd etildi.

Jumladan, Toshkent viloyatida Toshkent tumanida yashovchi fuqaroda, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro va uning uch nafar oila a'zosida, O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 9 nafar fuqaroda, shuningdek, chaqiriq bo‘yicha tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi qabul bo‘limiga olib kelingan bemorda kasallik qayd etilgan.

Bugun soat 10:00ga qadar kasallik aniqlangan 88 nafar bemordan 10 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan.

Jumladan, Yunusobod tumanida yashovchi taksi haydovchisida (o‘zi kelib namuna topshirgan), tana harorati ko‘tarilgach shifokorga murojaat qilgan Olmazor tumanida yashovchi uy bekasida, Uchtepa tumanida yashab, Sergeli tumanida oziq-ovqat do‘konida ishlovchi sotuvchida, xuddi shu tumandagi tug‘ruq ta'tilida bo‘lgan uy bekasining( shu yilning 13 iyunidan tana harorati ko‘tarila boshlagan) o‘g‘li va qizida hamda yana Uchtepa tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorda (o‘zi borib tahlil topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroda (12 iyundan tana harorati ko‘tarila boshlagan) ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati ko‘tarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan. 

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

«Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan poytaxtlik fuqaroning tug‘ilgan kun munosabati bilan o‘tkazgan tadbirida ishtirok etgan 13 nafar oila a'zosi va qarindoshlariga yuqtirgani barchamizni hushyor torttirishi lozim. 

Shu bois, shu kunlarda  turli marosim va tadbirlar o‘tkazishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz, imkon qadar odamlarni to‘plamaslikka, aholi gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishimiz o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun eng muhim qoida ekanligini unutmasligimiz kerak. Shu o‘rinda hozir birgina ana shu voqea sabab qancha kishi uy va statsionar karantinga olinganligini aytishni hojati ham bo‘lmasa kerak. 

Xavotirli vaziyatdan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholini, jumladan, faoliyati tiklangan sohalarda mehnat qilayotgan fuqarolarni hushyorlikni yo‘qotmagan holda, karantin qoidalariga qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid