Jahon | 21:19 / 20.06.2020
17543
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida 21 iyundan komendantlik soati bekor qilinadi

Qirollikning dengiz va quruqlik chegaralari yopiqligicha qoladi, xorij davlatlari bilan aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha hozircha qaror qabul qilinmagan. 

Foto: Getty Images

Saudiya Arabistoni ichki ishlar vazirligi 23 martda koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan komendantlik soati bekor bo‘lishini ma'lum qildi. Bu haqda Al Hadath telekanali xabar bermoqda.

"21 iyun ertalab soat 6.00dan dan mamlakatning barcha hududlarida komendantlik soati amal qilishi to‘xtatiladi", - deyiladi ichki ishlar vazirligi bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, qirollikda sanitar-epidemiologik choralarga qat'iy amal qilinishi lozim bo‘ladi. Hukumat fuqarolarni "ijtimoiy masofa saqlash, og‘iz va burunni yopib turadigan niqob taqish hamda 50dan ortiq kishi to‘planadigan yig‘ilishlar o‘tkazmaslik"ka chaqirmoqda. Qayd etilishicha, ushbu tartibga amal qilmaganlar jazoga tortiladi.

Saudiya hukumati iqtisodiy va savdo faoliyatiga nisbatan joriy etilgan barcha cheklovlarni olib tashlamoqda. 21 iyundan davlat muassasalari va xususiy kompaniyalarga ish boshlashga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, qirollikning dengiz va quruqlik chegaralari yopiqligicha qoladi, xorij davlatlari bilan aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha hozircha qaror qabul qilinmagan. 

Qirollik sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumot berishicha, Saudiya Arabistonida bir sutkada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 4757 ta holat qayd etilgan, jami kasallik yuqtirganlar soni 145 991 nafarga yetgan, 1 139 kishi kasallikdan vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid