Jahon | 22:26 / 23.06.2020
3254
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada 4 iyuldan karantin yumshatilishining uchinchi bosqichi boshlanadi 

Britaniyada 4 iyuldan boshlab 23 martda pandemiya sababli kiritilgan karantin cheklovlari yumshatilishining uchinchi va eng katta ko‘lamli bosqichi boshlanadi. Bu haqda Britaniya bosh vaziri Boris Jonson e'lon qildi. 

Bosh vazirning ta'kidlashicha, ushbu bosqich doirasida restoranlar va pablar ochiladi, biroq tashrif buyuruvchilar va xodimlar orasida aloqalar minimallashtiriladi. 

Hukumat, shuningdek, mehmonxona, kutubxona, ibodatxona, kinoteatr va muzeylar faoliyatiga bir qator cheklovlarga rioya qilinishi sharti bilan ruxsat beradi. Shu bilan birga, tungi klublar, sport zallar va suv havzalari, massaj salonlari, raqs studiyalari, katoklar va ko‘rgazma markazlari yopiq qoladi.

Jonsonning ta'kidlashicha, hukumat koronavirusning Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi eplay olmaydigan yangi avj olishi ehtimoli oz deb hisoblamoqda. Shuningdek, ijtimoiy masofa 2 metrdan 1 metrgacha qisqartiriladi. Yopiq inshootlar va ochiq havoda bir uyda yashamaydigan odamlar uchrashishiga ruxsat beriladi.

13 mayda Britaniyada karantin yumshatilishining birinchi, 1 iyundan esa ikkinchi bosqichi boshlangandi. Bu bosqichlar doirasida maktablar faoliyati qisman tiklangan, ba'zi do‘konlar va bozorlar ishga tushgan, odamlarga 6 nafardan ko‘p bo‘lmagan holda ko‘chada uchrashishga ruxsat berilgan. 15 iyundan aksariyat nooziq-ovqat do‘konlari, hayvonat bog‘lari ochilgan. Bo‘sh tribunalar bilan sport tadbirlari o‘tkazilishi boshlangan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 305 mingdan, undan vafot etganlar soni 42,6 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid