O‘zbekiston | 14:00 / 28.06.2020
77626
11 daqiqa o‘qiladi

«Virusni jilovlash mumkin» – professor Jasur Rizayev bilan suhbat

Koronavirus chekina boshlagani aytilayotgan bo‘lsa-da, bu mavzudagi savollar hamon dolzarbligicha qolmoqda, odamlar haligacha asosan koronavirus haqida gaplashmoqda. Koronavirusgacha bo‘lgan dunyo, undan keyingi hayot, kasallik vaksinasi – shu va boshqa qiziqarli mavzular haqida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlar doktori professor Jasur Rizayev bilan suhbat uyushtirdik.

Jasur Rizayev / Foto: KUN.UZ

«Nafaqat xodim, oddiy odam sifatida Samarqandda yashash yoqimli»

Suhbatdoshimizdan avvalo Samarqandga kelgani, bu o‘ziga xos rotatsiyani qanday qabul qilgani haqida so‘radik. U nafaqat davlat xodimi, balki oddiy inson sifatida Samarqandda yashashning o‘zi yoqimli ekani haqida qayd etib o‘tdi:

«Bilasizmi, Samarqandga nafaqat davlatning xodimi sifatida, balki oddiy odam sifatida yashashning o‘zi yoqimli. Faoliyatimda turli rotatsiyalar bo‘lgan, tuman tibbiyot birlashmalarida ham ishlaganman, ammo bunaqa tajriba ilk marta bo‘lishi. Samarqand davlat tibbiyot instituti nafaqat mamlakatda, balki mintaqada o‘z nomiga ega oliygoh. Bu yerdan ko‘plab akademiklar, professorlar chiqishgan. II jahon urushi vaqtida Leningrad harbiy tibbiyot akademiyasi vaqtincha Samarqand tibbiyot akademiyasiga ko‘chirilgan. Qisqa muddat bo‘lsa-da, sobiq ittifoqdagi yetakchi tibbiyot oliygohining Samarqandda faoliyat yuritishi keyinchalik hududda tibbiyot rivojiga hissa qo‘shgan».

Professor bilan suhbatimizning asosiy qismini koronavirus haqidagi savollar tashkil etdi. Jasur Rizayev koronavirus butun dunyoni shoshirib qo‘yganini ta'kidladi:

«Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nafaqat butun dunyodagi tibbiyot xodimlarini, balki barcha insonlarni shoshirib qo‘ydi. Pandemiya juda katta loyihalarni to‘xtatib qo‘ydi. Iqtisodiyotga, odamlarning yashash tarziga ta'sir qildi.

Bir narsani unutmaslik kerak, koronavirus yangi virus emas. Uning ustida ko‘plab o‘rganishlar qilingan. Virus bugungi kunda murakkab modifikatsiyaga uchrab, pandemiya sharoitini keltirib chiqardi. Bunga esa davlatlar tayyor emasdi. Bizda koronavirusga qarshi kurash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani uchun bugun kasallik ko‘rsatkichi yuqori emas. Masalan, MDHda foiz ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri bizda».

«Virus bilan «do‘stona yashashga» o‘rganishimiz kerak»

Suhbatdoshimizning aytishicha, virus butunlay yo‘qolib ketishi qiyin masala. Shunday bo‘lsa-da, uni insoniyat uchun kam xavf tug‘diradigan virusga aylanib qolishiga erishish mumkin:

«Menga ko‘pchilik «Virus yo‘qolib ketadimi?», deb savol beradi. Shuni tushunishimiz kerakki, virus yo‘qolib ketmagan taqdirda ham insoniyat u bilan «do‘stona yashashga» o‘rganishi kerak. Buning imkoni bor. Masalan, biz karantinni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydik, davolash borasida to‘g‘ri ishladik, kasallikning oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rdik va natijada karantindan kam yo‘qotish bilan chiqishimizga umid qilishimiz mumkin.

Shu o‘rinda aytishim kerak, epidemiologik vaziyat vaqtida Samarqand tibbiyot instituti xodimlari ham qarab turgani yo‘q. Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryodagi mingga yaqin tibbiyot xodimlarini koronavirusga qarshi kurash doirasida qayta tayyorlashga yordam berdik. Biz ularni avvalo o‘zini himoyalashga o‘rgatishga e'tibor qaratdik. Chunki tibbiyot xodimlari virusga qarshi kurashda avvalo o‘zini himoyalashi kerak. Virusga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabat tibbiyot xodimlariga zarar yetkazishi mumkin.

Institutimizning 20 nafar xodimlaridan iborat maxsus guruhni joylarga chiqarib, tibbiyot xodimlari uchun seminarlar o‘tkazdik. Bundan tashqari, Samarqanddagi koronavirus yuqtirgan bemorlar davolanayotgan uchta kasalxonada institutimiz xodimlari ko‘ngilli sifatida ishlamoqda. Tabiiyki, jarayon haqida ma'lumotga ega bo‘lib turish uchun onlayn tarzda davolash jarayonidan xabardor bo‘lib turdik.

Shu o‘rinda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini aytishimiz kerak. Misol tariqasida shuni keltirishiz mumkinki, bemorlar barcha yerda bir xil davolanmoqda. Masalan, virusologiya institutida ham, chekka hududlarda ham bir xil darajada sharoitlar yaratilgan.

Davolash jarayonida berilgan tavsiyalar ishlab chiqishda ham Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi. Bemorlarni davolash uchun eng muhim tizimlardan biri bu birlamchi davolash muassasalari hisoblangan poliklinikalar. Chunki odam kasal bo‘lsa, birinchi bo‘lib poliklinikaga murojaat qiladi. Mana shu tizimga ko‘maklashish maqsadida institutimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan bepul onlayn-poliklinika tashkil etildi.

Bugungacha 5 mingga yaqin onlayn murojaatlar qabul qilindi. Odamlar koronavirusning dastlabki alomatlarga o‘xshash alomatlarni sezganda murojaat qilishdi. Bundan tashqari, ko‘ngilli talabalar tomonidan Call-markazlar tashkil etildi. 24 soat ishlagan Call-markaz 3 mingdan ortiq murojaatlarga javob berdi».

«Masalan, O‘zbekiston qizamiqdan xoli hudud degan sertifikat ham olgan»

Tibbiyot fanlari doktori bo‘lgan suhbatdoshimiz viruslarni jilovlash imkoni borligini qayd etib o‘tdi:

«Tibbiyot o‘lat, vabo kabi o‘ta xavfli infeksiyalarni jilovlay olgan. Yoki bo‘lmasa, tez yuquvchan kasalliklar bor: qizilcha, qizamiq. XX asr tibbiyotining asosiy yutuqlaridan biri aynan infeksiyalarning jilovlanishi bo‘ldi. Endilikda bu kasalliklarning xavflilik darajasi yuqori emas. Masalan, O‘zbekiston qizamiqdan xoli hudud degan sertifikat ham olgan. Bu esa demak yuqumli kasalliklarni jilovlash mumkin degan xulosani beradi.

Koronavirusni ham jilovlash mumkin. O‘zbekiston miqiyosida olsak, kasallik rivojlanib bormoqda, ammo jilovlash mumkin bo‘lgan darajada. Vaksina esa koronavirus odamga yuqishi va salbiy ta'sirini minimum darajagacha tushirishi mumkin. Masalan, gripp ham bir vaqtlar odamning umriga zomin bo‘ladigan kasallik edi, ammo hozir uning ta'siri minimal darajagacha tushgan. Koronavirus ham qachondir minimal ta'sir qiluvchi kasallik sifatida xuddi gripp kabi biz bilan qoladi.

Agar biz shaxsiy gigiyenaga rioya qilsak, immunitetni yaxshilasak, shaxsiy himoya vositalaridan foydalansak, kasallik ta'sirini o‘zimiz ham kamaytirgan bo‘lamiz. Yana takrorlayman, kasallikni boshqarish mumkin. Masalan, 34 million aholiga ega O‘zbekistonda kasallanganlar soni foiz hisobida yuqori emas. Ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, har qanday kasallik ta'sirini kamaytirish mumkin».

Karantin sabab odamlar uydan chiqmayapti va tabiiyki kasalxonalarga ham shoshilinch holatlardan boshqa vaqtda bormayapti. Odamlarning uzoq vaqt kasalxonalarga bormasligi keyinchalik birdaniga kasalliklar ko‘payishi va kasalxonalarga qiyinchilik tug‘dirishi mumkinmi? Professordan shu savolimizga javob oldik:

«Butun dunyoda tibbiy xizmat bo‘yicha birinchi katta bosimni birlamchi davolash muassasalari qabul qiladi. Bular ambulator poliklinikalar. Albatta, tez tibbiy yordam ham buning ajralmas qismi. Shu o‘rinda bir mulohaza keladi: odamlarimizda kasalxonaga yotmasam, osma ukol olmasam, tuzalmayman, degan tushuncha bor. Ba'zi bemorlarni ukolsiz tabletka bilan davolamoqchi bo‘lsangiz, sizga shubha bilan ham qarashadi, bu yaxshi shifokormikin o‘zi, degandek.

Har qanday kasallikni davolash asosan immunitetga bog‘liq. Beriladigan dorilar shunchaki turtki. Jarrohlik kasalliklaridan tashqari, albatta. O‘ylaymanki, karantin tugagach, tabiiyki kasalxonalarga murojaatlar ko‘payadi. Bu rejali ravishda davolanishga ehtiyoji bor odamlar hisobiga. Ammo tezkor yordam bo‘yicha yoki aynan qandaydir kasalliklar bo‘yicha murojaatlar rejali tarzda davom etadi. Chunki yuqorida aytganimdek, birinchi va eng asosiy to‘lqinni qabul qiladigan poliklinikalar faoliyati davom etmoqda. Bundan tashqari, karantin vaqtida odamlarda uy sharoitida davolansa bo‘larkan-ku, statsionarga borish shart emaskan degan tushuncha ham paydo bo‘ldi. Karantin ko‘pchilikda mana shunday fikr uyg‘otdi.

Barcha narsaning yaxshi va yomon tomonlari bor. Karantinning yaxshi jihatlari sifatida onlayn platformaning rivojlanganini aytish mumkin. Bundan tashqari, olimlar bitmay qolgan ilmiy ishlarini bitirib olishyapti.

Karantin keltirib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy jihatlarni aytadigan bo‘lsak, ko‘pchilikda kamharakatlikka moyillik paydo bo‘lishi mumkin. Kamharakatlik tanada boshqa kasallikni keltirib chiqarishi hech gap emas. Shu sabab karantinda uy sharoitida bo‘lsa ham sport bilan shug‘ullanib turish kerak. Shuningdek, ovqatlanish me'yorining buzilishi qon-tomir va asab kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin».

Karantin boshlangandan so‘ng gigiyena qoidalariga rioya qilish tinimsiz targ‘ib qilinmoqda. Shifokorlarning aytishicha, bu boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha murojaatlar kamayishiga olib kelgan. Karantindan keyin ham har zamonda qo‘lini yuvishga, niqob taqib yurishga odatlangan insoniyat uchun yuqumli kasalliklar bilan og‘rish kamayadimi? Suhbatdoshimizning fikri quyidagicha:

«Insonning tabiati shunaqa: ko‘zi bilan ko‘rib qo‘li bilan ushlamagan narsaga ishonmaydi. Bugun ko‘ryapmizki, ko‘zga ko‘rinmaydigan kichkina zarra ham katta muammolarni keltirib chiqardi va odamlar buni ko‘zi bilan ko‘rib, ishondi. Kasallik vahimasi tabiiyki odamlar orasida gigiyenik kun tartibiga rioya qilish darajasini oshirdi. Odamlar mikroblar, viruslar bilan avvalo o‘zi kurashishi kerakligini tushunib yetdi.

Natijada havo tomchilari orqali va boshqa yo‘llar bilan yuquvchi kasalliklar miqdori kamaydi. Hozir barchamiz uyga kirishimiz bilan qo‘lni yuvishga odatlandik, uydagi kichkina bolalar ham. Bu ayniqsa bolalarda turg‘un refleks keltirib chiqaryapti. Bugun mana shunday cheklovlarni ko‘rgan avlod ulg‘aygach ham niqob taqib yurishga odatlanadi».

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

Mavzuga oid