O‘zbekiston | 18:21 / 01.07.2020
34405
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hayvonot bog‘idagi vaziyat: jonivorlar suvsiz qolganmidi?

Toshkent hayvonot bog‘i 1924 yilda O‘rta Osiyo universiteti zoolog-olimlari tomonidan tashkil etilgan. 1997 yil 1 sentyabrda hozirgi ko‘rinishda, zamon talablariga mos holda qayta tashkil etilgan. Maydoni qariyb 22 gektarni tashkil etadi. Ayni vaqtda bu yerda 400ga yaqin xalqaro va respublika Qizil kitobiga kiritilgan noyob hayvonlar saqlanadi.

Bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqda Toshkent hayvonot bog‘ida olinib, ijtimoiy tarmoqqa joylangan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda ayiq saqlanayotgan joyda suv yo‘qligi aks ettirilgan. Video muallifi hayvonot bog‘i ma'muriyati boshqa hayvonlarga nisbatan ham e'tiborsizlik qilayotganini aytib o‘tgan. Aslida vaziyat qanday?

Holat haqida batafsil axborotga ega bo‘lish uchun Toshkent hayvonot bog‘i «Yirtqich hayvonlar» bo‘limi mudiri Nodir Bahromov bilan suhbatlashdik.

Nodir Bahromov

«Videotasvirda ariqda suv bo‘lmaganligi ko‘rsatilgan. Bizda ikki xil holatda hovuzda suv bo‘lmaydi. Birinchisi, qish mavsumida hovuzda suv muzlaydi. Shuning uchun suv chiqarib yuboriladi. Ikkinchi holatda hovuzdagi eski suv chiqarib, tozalanadi. Video ikkinchi holatga to‘g‘ri keladi. Bunda hovuzdagi suv chiqarib yuboriladi. Hovuz tozalanadi, so‘ng oftobda kamida 2-3 soat quritishga qo‘yiladi. Shundan keyingina hovuz yangi suv bilan to‘ldiriladi. Hovuzda suv bo‘lmagan payti hayvonlar kirib-chiqadigan darcha ochiq qoldiriladi. Shuning uchun suv ichishda muammo bo‘lmaydi. Videotasvirda ayiq suvni tishlab ichayotganini ko‘ramiz.

Tabiiy holatda yirtqich hayvon tili bilan suvni tortib yoki tumshug‘ini suvga tiqib ichadi. Ayiqning suvni tishlab ichgani notabiiy holati hisoblanadi. Uning bu harakatini o‘yinqaroqlikka yo‘yish kerak. Ayiq boshqa paytlarda chanqamasayam tarnovdan kelayotgan suvni shu tarzda ichadi. Videoda ayiq chanqab suv ichgan yoki och qolgan, degan gap noo‘rin va umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Hayvonot bog‘iga keladigan oziq-ovqat maxsus omborxonamizdan bo‘limlarga tarqatiladi. Xodimlar kuniga 2-3 marta belgilangan me'yor asosida ozuqaga birlamchi ishlov berib, jonivorlarni ovqatlantirishadi. Shundan keyin veterinariya klinika xodimlari jonivorlar qancha ozuqani qancha miqdorda iste'mol qilishi, qancha suv ichishini nazorat qilib, buni doimiy qayd etib borishadi», deydi mutaxassis.

Bu yerga kelganimizda hayvonlar me'yoriy vazniga nisbatan ancha ozg‘inligiga guvoh bo‘ldik. Tashrif buyuruvchilardan birining fikricha, karantindan oldin hayvonlar turi ko‘p bo‘lgan. Veterinariya bo‘limi boshlig‘i Mahmud Qo‘ziboyev yuqorida bildirilgan fikrga munosabat bildirdi. Shuningdek, jonivorlar turi nima sababdan kamayib ketganiga izoh berildi.

Mahmud Qo‘ziboyev

«Hozir tulki va bo‘rilarga qarasaniz, yaxshi parvarish qilinmayotganligi uchun ozib ketibdi, degan yanglish tushuncha paydo bo‘ladi. Bu mavsumiy tabiiy holatdir. Ular yozda eski junini tashlab, ozishni boshlaydi. Chunki jazirama issiqqa qalin jun bilan bardosh berish qiyin. Bu paytda tulki, bo‘rilar o‘zining 30 foiz vaznini yo‘qotishadi. Shuni hisobga olib, may oyidan boshlab odatdagidan 25 foiz kamroq go‘sht beramiz. Kuz-qishga kelibgina vazn yig‘ishadi», dedi Mahmud Qo‘ziboyev.

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid