O‘zbekiston | 12:42 / 08.07.2020
241133
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yana karantinga qaytmoqda

O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat keskinlashgani sababli respublika bo‘yicha karantin choralari kuchaytiriladi. Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 10 iyuldan 1 avgustgacha O‘zbekistonda avtomobil harakatini cheklash, viloyatlararo avtotransport qatnovlarini taqiqlash, buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyatini to‘xtatish, oilaviy to‘y hamda boshqa marosimlar, ommaviy tadbirlar o‘tkazishni ham taqiqlash ko‘zda tutilgan.

2020 yil 10 iyuldan 2020 yil 1 avgustga qadar respublika miqyosida quyidagi karantin cheklovlari joriy etildi:

  • avtotransport vositalarining harakati cheklandi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarilishi, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etilishi belgilandi;
  • davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlandi, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish belgilandi;
  • hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi taqiqlandi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakati bundan mustasno); 
  • tomosha, madaniy-ko‘ngilochar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlandi;
  • to‘y hamda boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazish taqiqlandi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarning jamoat joylarida, shuningdek, aholining ko‘chalarda va maydonlarda uch kishidan ortiq bo‘lib harakatlanishi cheklandi.

Shuningdek, quyidagi obektlar faoliyati to‘xtatildi:

  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar;
  • buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar; 
  • sport zallari, fitnes klub, trenajyer va basseynlar; 
  • tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat'i nazar maktabgacha ta'lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
  • umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) (yetkazib berish (keytering) xizmati bundan mustasno);
  • sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;

Maxsus komissiya xalqaro aviaqatnovlar va yuk tashuvlar bilan bog‘liq yangi tartiblar belgilagan:

  • xalqaro aviaqatnovlar xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatni tahlil qilgan holda ikki baravarga qisqartiriladi;
  • xalqaro yuk tashuvlarni amalga oshiradigan avtotransport vositalari haydovchilari majburiy tartibda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test topshiradi.
     

Mavzuga oid