O‘zbekiston | 20:36 / 09.07.2020
98243
3 daqiqa o‘qiladi

Maxsus komissiya karantinni qaytarishga sabab bo‘lgan 6 muammoni ma'lum qildi

Cheklovlar qaytadan kuchaytirilishiga bir qator muammolar sabab bo‘lgani keltirib o‘tildi. Respublika maxsus komissiyasining bildirishicha, bular quyidagilar:

  • 2020 yilning 10 iyuliga kelib O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimi katta bosimga duch keldi. Mavjud sog‘liqni saqlash muassasalari quvvati yangi Covid-19’ga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emas;
  • ayni vaziyatda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun Covid-19 bilan zararlanganlar sonini qisqartirish hamda kasallanish zanjirini hech bo‘lmaganda bir oyga uzish va tizimni qayta tiklash hayotiy zaruriyatdir;
  • Qat'iy karantin choralarini qo‘llamaslik — koronavirusga chalinganlarni statsionar davolash uchun kasalxonalarda joy qolmasligi va ular bilan ishlash uchun shifokor va tibbiy xodimlarning yetishmasligiga olib keladi;
  • boshqa kasalliklardan sodir bo‘ladigan ehtimoliy o‘lim holatlarini hisoblashning imkoni bo‘lmaydi, sababi barcha tibbiyot xodimlari va yotoq o‘rinlari Covid-19 bemorlari bilan band bo‘ladi.
  • Covid-19 bilan kasallangan shifokorlar soni ko‘paymoqda. Ko‘pchilik karantinda bo‘lgani sababli xodimlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan psixologik bosim eng yuqori nuqtaga yetdi;
  • rasmiy statistika faqat aniqlangan kasallanish holatlarini qayd etmoqda. Haqiqiy holat boshqa mamlakatlardagi kabi bir necha barobar farqli bo‘lishi mumkin. Sababi hamma bemorlar ham tibbiy yordamga murojaat qilishmayapti, simptomsiz bemorlarni esa hisobga olishning imkoni yo‘q.

Shu sababli bu muammolarning yechimi sifatida tibbiyot muassasalarining faoliyatini yengillashtirish uchun bemorlarni uyda davolash va karantinni uyda o‘tkazish bo‘yicha bayonnoma qabul qilindi. Karantin markaziga ko‘proq fuqarolarni qabul qilish va ularning karantinda bo‘lish muddatini kamaytirish imkonini beruvchi yangi qisqa muddatli karantinda saqlash protokoli qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, 20 kunlik tanaffus sog‘liqni saqlash muassasalari, shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan bosimni yumshatish va avgust oyida mamlakat iqtisodiyotini tiklashda davom etish uchun zarurdir.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilmoqda. To‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi.

Prezident joylarda «yashil», «sariq» va «qizil» hudud tamoyili to‘liq ishlamayotganini aytib, karantin choralariga yengil qarash holatlarini tanqid qildi.

Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi «qizil» bo‘lishini bildirdi.

Mavzuga oid