Jamiyat | 16:14 / 09.07.2020
67478
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari «O‘rtasaroydagi mojaro» bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «O‘rtasaroy» karantin majmuasida saqlanayotgan shaxslarning noroziligi aks etgan video tarqaldi.

O‘zi tasvirda ko‘rinmagan video muallifi «O‘rtasaroy» karantin majmuasida saqlanayotgan odamlar 17 kundan beri ushlab turilganini, belgilangan muddat yakuniga yetgan bo‘lsa-da ruxsat berilmaganini aytadi.

«Yigirmanchi [iyun] kuni keldik. Bugun 18 kun bo‘ldi. Kecha «obed»dan beri hech kim bizga ovqat bergani yo‘q. Bolalarimiz bilan och yotibmiz. Qachon bu yerdan ketamiz? Kimga uchrashsak bo‘ladi?», deydi videoda karantin darvozasini tepayotgani ko‘ringan ayollardan biri.

Video muallifi karantinda saqlanayotgan fuqarolarning savollariga hech kim javob bermayotganini ta'kidlaydi.

Kun.uz muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov bilan bog‘lanib, mazkur holat yuzasidan izoh so‘radi.

Ulug‘bek Sobirov
Foto: dermatology.uz

«Ayni paytda «O‘rtasaroy» karantin majmuasidaman. Ushbu majmua epidemiologik noxush hududlardan olib kelingan shaxslar saqlanayotgan O‘zbekistondagi eng yaxshi karantin hududlaridan biri. Bu yerdagilarga berilayotgan ovqatlar yaxshi, sifatli. Hammasi vaqtida berilayapti.

Pandemiya sharoitida yashayapmiz, epedimiya butun respublikaga tarqalib ketmasligi uchun xorijdan kelganlar yoki koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumonlanganlarni shu yerda saqlab turibmiz. Ularni vaqtida boshqalardan ajratib, diagnostika qilib sog‘lomlashtirib chiqaryapmiz.

Kasallik tarqab ketmasligi uchun epidemiologik nuqtai nazardan nima kerak bo‘lsa hammasini qilyapmiz. Bitta xonada to‘rttadan odam saqlanayotgan bo‘lsa, ularning orasidan kimdadir kasallik chiqqan taqdirda u zudlik bilan boshqa joyga o‘tkazilmoqda. Tabiiyki, shu xonada yashagan qolgan uch kishining karantin muddati sal cho‘ziladi. Ulargayam kasallik yuqqan-yuqmaganiga ishonch hosil qilish uchun shunga majbur bo‘lyapmiz.

Ammo fuqarolarimiz shunga chiday olmayapti. Ularga karantin muddati cho‘zilayotgani yoqmayapti. Ayrimlar nega bizni boshqalardan ko‘proq ushlab turibsizlar deb to‘polon qilishyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga mana shu narsa sabab bo‘lgan. Biroq videoda aytilganidek, ikki kundan beri och qolishgani, ovqat berilmayotgani yolg‘on. Bu yerda sharoitlar yaxshi, har bitta xonada konditsioner, televizor, yuvinish xonalari, ya'ni uydagi hamma sharoit bor.

Hozirgacha karantin muddati 14 kun edi, maxsus komisssiyaning qarori bilan buyog‘iga 10 kunga tushirildi. Xudo xohlasa, jarayon sekin-sekin tezlashadi. To‘g‘ri, bu yerda saqlanayotganlarga ham oson tutmayman. Bir-ikki kun televizor ko‘rishar, keyin zerikishayotgani rost. Epedimiya sharoitida bundan ortiq nimayam qila olardik. Eng muhimi, qorinlari to‘q, salomatliklari ishonchli qo‘llarda. Davlat hammasini yetkazib bermoqda», deya Ulug‘bek Sobirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 55 gektar hududda barpo etilgan «O‘rtasaroy» karantin hududi 20800 o‘ringa mo‘ljallangan. Maxsus izolyatsiya xonalarida 4 kishi davolanib, profilaktika qilinadi. Xonalar barcha tibbiyot jihozlari va sanitariya-gigiyena vositalari bilan jihozlangan. Shuningdek majmuada ovqatlanish, laboratoriya, tibbiyot xodimlari uchun turarjoylar, reanimatsiya bo‘limlari va karantin uchun maxsus xonalar ham barpo etilgan. 3467 konteynerdan iborat majmua elektr energiyasi, issiq va sovuq suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid