Jahon | 15:22 / 11.07.2020
10027
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda brilliantlar bilan bezatilgan himoya niqoblari sotuvga chiqdi

Niqoblar narxi 2 mingdan 5 ming dollargacha turadi.

Foto: aninews.in

Hindistonning Surat shahridagi (Gujorat shtati) zargarlik do‘koni koronavirus pandemiyasi fonida brilliantlar bilan bezatilgan himoya niqoblari sotuvini yo‘lga qo‘ydi. Ularning narxi 2 mingdan 5 ming dollargacha, deb xabar berdi ANI agentligi.

Do‘kon egasi Dipak Choksining aytishicha, brilliantlar qadalgan niqoblar tayyorlash g‘oyasi to‘yi bo‘lishi kerak bo‘lgan xaridor do‘konga kelganidan keyin paydo bo‘lgan. U do‘kon egasidan kelin va kuyov uchun "noyob" niqob tayyorlab berishini so‘ragan.

"Dizaynerlarimiz tayyorlagan niqob unga ma'qul bo‘ldi va sotib oldi. Shundan keyin ana shunday niqoblar tayyorlashga kirishdik. Tayyorlanishida sariq oltin va amerika brilliantlari ishlatiladigan niqoblarimiz 150 ming rupiy (1990 dollar) turadi. Oq oltin va haqiqiy brilliantlardan tayyorlangan niqoblarimiz narxi 400 ming rupiy (5,3 ming dollar)", - deydi Choksi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, niqoblardagi brilliant va oltinni mijoz ixtiyoriga ko‘ra chiqarib olish va ulardan boshqa zargarlik buyumi tayyorlash mumkin.

Avvalroq Maxarashtra shtatida yashovchi Shankar Kurade qariyb to‘rt ming dollarga oltin niqob tayyorlatgandi.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumot berishicha, mamlakatda 800 mingdan ortiq kasallanish holatlari aniqlangan, 22 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Mavzuga oid