Jahon | 14:15 / 11.07.2020
9076
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik mashhur tadbirkor Oleg Tinkovga ilik transplantatsiya qilindi

Rossiyaning «Tinkoff bank» muassasasi asoschisi Oleg Tinkov murakkab jarrohlik amaliyotidan o‘tdi. Mart oyida leykemiya bilan xastalanganini e'lon qilgan tadbirkorga yaqinda ilik transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Foto: Instagram /olegtinkov

«Hammasi joyida, bugun koridorda 2 km yurdim. Ammo oldinda juda murakkab reabilitatsiya haftalari va oylari borligini tushunib turibman», — deb yozdi Tinkov Instagram sahifasida.

Shuningdek, tadbirkor rossiyaliklarga donorlik bilan shug‘ullanish haqida o‘ylab ko‘rishni maslahat berdi.

«Iltimos qilaman, donor bo‘ling va boshqa odamning hayotini saqlab qoling. Rossiyada atigi 130 ming donor bor, Germaniyada esa 7 million. Bu biz uchun uyat», — deb yozdi Tinkov.

U xotini bilan birga shunday katta muammo bilan shug‘ullanadigan jamg‘arma tashkil qilmoqchi ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

Iyun oyi oxirida Tinkov «Londonda ilik transplantatsiyasiga rozilik bildirgani, keyin o‘zini juda uzoq, hatto 1 yilgacha cho‘ziladigan reabilitatsiya kutayotgani» haqida yozgan edi.

6 mart kuni Tinkov leykemiya bilan xastalanganini, bunday diagnoz 2019 yil oktabr oyida qo‘yilganini e'lon qildi. O‘sha paytda tadbirkor London shahrida soliq da'volari bo‘yicha AQShga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha sud hukmini kutayotgan edi.

Tinkovning bayonotidan oldin AQSh Moliya vazirligi ishbilarmonni 2013 yilda AQSh fuqaroligidan voz kechish jarayonida 1 milliard dollar miqdoridagi aktivlarini soliqlardan yashirganlikda gumonlayotganini bildirgan edi. Bu ayblov bo‘yicha unga 6 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi xavf solmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid