Jahon | 11:29 / 13.07.2020
4128
2 daqiqa o‘qiladi

JARda kommendantlik soati joriy etiladi

Janubiy Afrika Respublikasida karantin cheklovlari kuchaytirilib, do‘konlarda sotilishi cheklangan mahsulotlar soni ko‘paytirildi. Bu haqdagi tegishli hujjatni mamlakat prezidenti Siril Ramafosa imzolagan.

Foto: Al Jazeera

Sotilishi taqiqlangan mahsulotlar ichida alkogol ham bor. Shuningdek, 13 iyuldan mamlakatda kommendantlik soati joriy etiladi. Odamlarga 21:00dan 04:00gacha uydan chiqish taqiqlanadi. Ko‘chalarda niqobda yurish majburiy bo‘ladi va favqulodda holat rejimi 15 avgustgacha uzaytiriladi.

Fuqarolarga murojaat qilgan mamlakat prezidenti davlat koronavirusga qarshi qo‘lidan kelganicha kurashayotganini ta'kidlab, ba'zi fuqarolarning harakatlarini qoraladi. Prezident karantin vaqtida ham bazm va ziyofat uyushtirayotganlar, jamoat joylarida niqobsiz yurganlar virus tarqalishiga sababchi bo‘layotganini aytdi.

Prezident Ramafosa alkogol mahsulotlariga kiritilgan cheklovni alohida izohladi. Uning aytishicha, hukumat shu orqali tibbiyot tizimiga tushadigan bosimni kamaytirishni maqsad qilgan. Mutaxassislar alkogol ichimliklarining sotilmasligi odamlar o‘rtasidagi janjallar, uydagi zo‘ravonlik va yoppasiga mast holatda ko‘chada yurishning oldini olishini hisoblashgan.

Koronavirusga qarshi choralar doirasida oldin ham JARda alkogol ichimliklar savdosi taqiqlangan, politsiya va shifokorlar bu tez tibbiy yordamga bo‘lgan chaqiruvlarni kamaytirganini ma'lum qilgandi. Pivaxona va vino ishlab chiqaruvchilar esa hukumatni ularning biznesini «o‘ldirganlikda» ayblagan.

Jon Hopkins instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kungacha JARda 276 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlangan va 4 mingdan ortiq odam virus qurboniga aylangan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid