Jahon | 08:06 / 16.07.2020
77803
14 daqiqa o‘qiladi

Ayo Sofiya nimasi bilan muhim va nega tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda?

Turkiya davlat kengashining 10-palatasi Ayo Sofiyani masjiddan muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi Vazirlar Kengashining 1934 yil 24 noyabrdagi qarorini bekor qildi. Qaror qabul qilingandan so‘ng prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ayo Sofiyani Din ishlari qo‘mitasiga topshirish va uni ibodatga ochishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi. Qaror rasmiy nashrlarda e'lon qilindi.

Foto: AFP

Gretsiya bu qarorni «ochiq provokatsiya» deb atadi. Rus pravoslav cherkovi ham «millionlab masihiylarning tashvishlariga quloq solinmagan»ini ta'kidladi.

Ta'kidlash joizki, Ayo Sofiya har doim Erdo‘g‘anning bayonotlari bilan kun tartibiga kelgan va hamisha qarama-qarshiliklar keltirib chiqaradigan mavzulardan biri sanaladi.

Xristianlik e'tiqodiga ko‘ra, muqaddas tuzilmalardan biri hisoblangan Ayo Sofiyaning musulmonlar ibodat qilishi uchun ochilishini nazarda turuvchi bayonotlar xalqaro maydonda ham rezonansga sabab bo‘lyapti.

29 may kuni nima bo‘lgandi?

Ayo Sofiyada «Fotiha» surasining o‘qilishi munozaralar qaytadan olovlanishiga, Gretsiyaning e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Ayo Sofiyada Qur'on oyatlari tilovat qilinishini «masihiylarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish» deb baholadi.

Turkiya bu so‘zlarga javoban Ayo Sofiyaning mohiyati va xalqaro kelishuvlarga zid tarzda ish tutilmaganini aytdi.

Gretsiyadan so‘ng AQSh Davlat departamenti ham bayonot bilan chiqdi. AQSh davlat departamentining ta'kidlashicha, Xalqaro diniy erkinliklar to‘g‘risidagi hisobotning so‘nggi yangilangan versiyasida «AQShning yuqori lavozimli rasmiylari (Turkiya) hukumat amaldorlariga ochiq-oydin va xususiy ravishda Ayo Sofiyaning murakkab ko‘p dinli tarixini saqlashni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan».

Ayo Sofiya qachon qurilgan?

360 yilda Vizantiya imperatori Konstantin tomonidan ochilgan cherkovning yog‘och tomi 404 yilda yonib ketgan. O‘sha paytda birinchi marta kapital ta'mirlangan cherkov Vizantiya imperatori Yustinian I buyrug‘i bilan qurilish ishlaridan keyin 532-537 yillar oralig‘ida hozirgi shaklini oldi.

Episkoplikning markazi bo‘lgan va Vizantiya imperiyasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan cherkovning qurilishi uchun Vizantiya muhandisi Miletus Isidor va matematik Tralles Anthemiya javobgar edi. Qurilishda 10 mingdan ortiq ishchilar ishtirok etgan.

Cherkov qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan va o‘sha davrdagi Vizantiya tarixchilari uning dunyodagi eng katta bino ekanligi haqida yozishgan. Cherkov ichidagi mozaikalar ishi esa 565-578 yillar orasida yakunlangan.

Ayo Sofiya 1204 yilgacha bir necha zilzilalar va yong‘inlardan omon qoldi va ko‘p bor qaytadan tiklandi. 1204 yilda Sharqqa yurish qilgan salibchilar qo‘liga o‘tgan cherkov 1261 yilgacha Rim-katolik cherkoviga aylantirilgan.

1261 yilda vizantiyaliklar Konstantinopol hukmronligini qayta qo‘lga kiritgach, Ayo Sofiyadan yana pravoslav cherkovi sifatida foydalanila boshlangan.

Ayo Sofiya qanday qilib masjidga aylandi?

AFP

1453 yil 29 mayda Usmonlilar imperiyasi sultoni Fotih Sulton Mahmud Istanbulni egallab olgan payt Ayo Sofiya yaralangan Vizantiya askarlari, ayollar va bolalar uchun boshpana vazifasini o‘tagan.

Istanbul Usmonlilar qo‘liga o‘tgandan keyingi bir necha kun davomida pravoslav cherkovi a'zolari Ayo Sofiyada ibodat qilishni davom ettirdilar.

Birinchi juma namozini 1453 yil 1 iyunda Istanbulda o‘qigan Fotih Sulton Mahmud Ayo Sofiya Usmonlilar hukmronligi ostidagi masjid ekanini e'lon qiladi. Mehrob va minbar quriladi, qo‘ng‘iroq va xoch olib tashlanadi, mozaikalarning usti yopiladi.

1481 yilda birinchi minora barpo etilgan. Fotih Sulton Mehmetdan keyin taxtga o‘tirgan Sulton Boyazid II davrida yana bir minora quriladi.

1509 yildagi Istanbul zilzilasi natijasida birinchi minora qulab tushadi va uning o‘rniga g‘ishtli minora tiklanadi.

Sulton Salim II hukmronligi davrida Me'mor Sinan tomonidan olib borilgan rekonstruksiya ishlari davomida yana ikkita minora qurilgan. Shuning uchun ham Ayo Sofiyaning turli vaqtlarda qurilgan 4 minorasi bir-biridan farq qiladi.

Salim II qabri Ayo Sofiya ichidagi ilk sulton qabridir. Ayo Sofiyada sultonlar, ularning rafiqalari va shahzodalarning 43ta qabri mavjud. Ular orasida Sulton Murod III, Sulton Mahmud III, Safiya Sulton va Nurbonu Sulton ham bor.

Ayo Sofiya 1616 yil Sulton Ahmad masjidi qurilgunga qadar Usmonlilar davlatining eng katta va eng muhim masjidi sanalgan.

Ayo Sofiyaning 1800-yillardagi ko‘rinishi / GETTY IMAGES

1739 yilda masjidga madrasa, kutubxona va oshxona qo‘shimcha qilingan. Ayo Sofiya 1847-1849 yillar ta'mirlash uchun yopilgan. Masjid sifatida esa eng oxirgi marta 1849 yilda ochilgan.

Respublika davrida nimalar o‘zgardi?

1900-yillar boshida Ayo Sofiya atrofidagi askarlar / GETTY IMAGES

1923 yilda respublika e'lon qilinganidan keyin masjid sifatida foydalanilgan Ayo Sofiya 1931 yilda yopilgan.

1931 yilda Amerikadagi Vizantiya instituti asoschisi, amerikalik arxeolog Tomas Uittemor Ayo Sofiyada mozaikalarning qayta tiklanishi uchun Turkiyaning yangi hukumatidan ruxsat so‘raydi.

Prezident Mustafo Kamol Otaturkning ruxsati bilan boshlangan ishlar 15 yil davom etgan va 1947 yilda yakunlangan.

Ta'mirlash ishlari boshlanganidan so‘ng bir muncha vaqt o‘tgach yopilgan Ayo Sofiyani 1934 yil 24 noyabrda Vazirlar Kengashi qarori bilan muzey sifatida ochishga qaror qilishgan.

Ayo Sofiya muzeyi 1935 yil 1 fevralda tashrif buyuruvchilar uchun ochiladi. Muzey 1996 yilda Jahon yodgorliklarini tomosha qilish ro‘yxatiga kiritilgan. Obidaning gumbazi va minoralari Jahon yodgorliklari jamg‘armasi ko‘magi bilan 1997-2002 yillarda rekonstrutsiya qilingan.

Muzey UNESCO jahon merosi ro‘yxatiga ham kiritilgan. Vaqti-vaqti bilan turli bo‘limlarda boshlangan tiklash ishlari bugungi kunda ham davom etmoqda.

Har yili millionlab sayyohlar muzeyga tashrif buyurardi / GETTY IMAGES

Har yili ko‘plab sayyohlar tomonidan ziyorat qilinadigan mazkur tarixiy bino 2015 yilda 3 million 425 ming ziyoratchini jalb qilishi ortidan Turkiyaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeyi bo‘ldi. 2017 yilda bu raqam 1 million 892 mingga tushdi.

Ayo Sofiya nega tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda?

ANADOLU AGENCY

Ayo Sofiya haqidagi bahslar 2000-yillarning boshlaridan beri davom etmoqda.

Ayo Sofiya muzeyining rasmiy veb-saytida berilgan 1936 yilgi ro‘yxatga olish kitobiga ko‘ra, «Ayo Sofiya 57 qism, 57 orol va 7-chi uchastkada Fotih Sulton Mahmud vaqfi nomidagi maqbara, akaret, hujra va madrasadan tashkil topgan Ayo Sofiyai Kabir masjidi sharif» ekani aytiladi.   

Muzey masjidga aylantirilishini talab qilganlar ushbu hujjatga asoslanishadi. Biroq Ayo Sofiya, ba'zi istisnolarni hisobga olmaganda, ibodat qilish uchun ochiq emas.

Ayo Sofiyada qanday diniy marosimlar o‘tkazilgan?

GETTY IMAGES

1967 yil 5 iyulda Istanbulga tashrif buyurgan katolik xristianlari rahbari Papa Paul VI Ayo Sofiyaga borib ibodat qilgan.

Ushbu voqeaning ertasiga Milliy turk talabalar uyushmasi rahbarlari ham bunga javoban Ayo Sofiya muzeyida namoz o‘qishgan. Mana shu hodisadan so‘ng Ayo Sofiyaning maqomi bilan bog‘liq birinchi jiddiy munozara yuzaga kelgan.

Taxminan 25 yil o‘tgach, 1991 yil Mahmud I hukmronligi davrida Ayo Sofiyaning asosiy binosi tashqarisida sultonlarning dam olishi va tahorat olishi uchun qurilgan Hunkar paviloni ibodat uchun ochildi. Shuningdek, 2016 yil oktabr oyida bu yerga imom ham tayinlandi. Hunkar pavilonida bayram namozi va besh vaqt namoz o‘qiladi va azon chaqiriladi.

1967 yilda Rim papasining so‘nggi tashrifidan bir necha yil o‘tgach, 2014 yil noyabr oyida Rim papasi Fransisk Istanbulga tashrifi davomida Ayo Sofiyani ziyorat qiladi va muzey direktoridan restavratsiya ishlari to‘g‘risida ma'lumot oladi.

Hunkar paviloniga imom tayinlanishidan oldin, 2005 yilda Uzviy vaqflar, tarixiy asarlar va atrof-muhitga xizmat ko‘rsatish uyushmasi 1934 yilgi Vazirlar Kengashining qarorini bekor qilish va ijroni to‘xtatish talabi bilan davlat kengashiga da'vo arizasi bilan murojaat qildi. Davlat kengashi esa bu talabni rad etdi.

2006 yilda xristian va musulmon muzey xodimlari uchun ibodat xonasi ochildi.

2017 yil 13 may kuni Anadolu yoshlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan guruh Ayo Sofiya oldida bomdod namozini o‘qidi.

2017 yil 21 iyun kuni Diniy ishlar boshqarmasi Ayo Sofiyada Qadr kechasi dasturini tashkil etdi. Dastur TRT davlat kanali orqali jonli efirda namoyish etildi.

Nihoyat, 2018 yil mart oyida Ayo Sofiya muzeyida Yeditepe Biyennalesining ochilish marosimida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning nutqidan oldin Qur'on o‘qildi.

So‘nggi voqealar pravoslav dunyosida reaksiya bilan kutib olindi, Uzviy vaqflar, tarixiy asarlar va atrof-muhitga xizmat ko‘rsatish uyushmasi yana Ayo Sofiyani ibodat qilish uchun ochishni talab qildi.

2018 yil oktabr oyida konstitutsiyaviy sud uyushmaning talabini rad etdi.

Erdo‘g‘an Ayo Sofiya haqida hozirgacha nimalar degan?

2018 yil martida Ayo Sofiyada Erdo‘g‘anning nutqidan oldin Qur'on o‘qildi / GETTY IMAGES

Prezident Erdo‘g‘an 2013 yilda, ya'ni Istanbul zabt etilishining 560 yilligida ba'zi konservativ fuqarolik jamiyati tashkilotlarining «Istanbul fathining imzosi bo‘lgan Ayo Sofiya yana ibodat uchun ochilsin» degan chaqiriqlariga javoban bu «o‘yin» ekanligini aytib, nimani qachon qilishni yaxshi bilishini ta'kidlagandi.

O‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Erdo‘g‘an «partiyasining Qiziljahamamdagi lagerida deputatlarning mavzu yuzasidan bergan savollariga «Sultonahmet bo‘m-bo‘sh. Agar Sultanahmet to‘lsa, Ayo Sofiyani kun tartibiga qo‘yishimiz mumkin», deb javob bergandi.

Erdo‘g‘an Ayo Sofiya masalasini o‘tgan yilning 31 martida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlardan oldin ham bir necha bor ko‘targan edi.

Ilk bor 2019 yil 16 martida Tekirdag‘dagi mitingda bir fuqaroning Ayo Sofiyani masjidiga aylantirish da'vatiga javoban Erdo‘g‘an «Biz Buyuk Chamlija masjidini qurdik. Shu qadar kattaki, 4-5ta Ayo Sofiyaga yetgulik. Nafaqat Anadolu yoqasi, balki Istanbul va Turkiyaning eng katta masjidi. Gap bunda emas, bu ishning siyosiy ko‘lami, siyosiy tarafi bor. Yon tomondagi Sultanahmetni to‘ldirolmaymiz-da, Ayo Sofiyani to‘ldiraylikmi... Keling, bu o‘yinlarga kirmaylik, bu uyg‘un yo‘l emas. Biz qachon nimani qanday qilinishini juda yaxshi bilamiz. Bu nomussizlar shunday dedi deb, qadam tashlamaymiz», degandi. Ushbu ochiqlamadan bir hafta o‘tib esa 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlardan keyin bu masalada qadam tashlashlari mumkinligini aytgandi.

«Bu joyning nomini muzey deb atash juda katta xato edi. Biz ham bunday talab juda qizg‘in bo‘lganligi sababli, qadam tashlash vaqti keldi», degandi Erdo‘g‘an.

Ayo Sofiya bilan bog‘liq yangi huquqiy tartibning o‘rnatilishi 2013 yilda kun tartibiga chiqdi. O‘sha yilning oktabr oyida davriy Millatchi harakat partiyasining a'zosi Yusuf Halacho‘g‘li, parlamentga Ayo Sofiyani masjid sifatida qaytadan ibodatga ochilishini ko‘zda tutuvchi qonun taklifini taqdim etdi. Asos sifatida esa 1934 yilgi Vazirlar Kengashining Ayo Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi qarori rasmiy gazetada e'lon qilinmaganini va u mulk kadastrida masjid sifatida qayd etilganini ko‘rsatdi.

Halacho‘g‘lining taklifi 2013 yil 15 noyabrdan beri Milliy ta'lim, madaniyat, yoshlar va sport komissiyasida. Komissiya tomonidan hanuz qaror qabul qilinmagani sababli, u umumiy majlisga yuborilmagan.

Kim qanday munosabat bildirmoqda?

GETTY IMAGES

Katolik cherkovi rahbari, Rim papasi Fransisk Ayo Sofiyaning maqomini o‘zgartirish haqida munosabat bildirdi. «Men Ayo Sofiyadan xavotirdaman va juda qattiq og‘riq his qilyapman», dedi u.

Butunjahon cherkovlar ittifoqi ushbu qaror turli dinlarga mansub insonlarni muloqot va hamkorlik stoli atrofida birlashtirishga qaratilgan barcha harakatlarga ziyon keltirganini qayd etdi.

Italiya katolik cherkovining gazetasi Avvenire esa «Yara yangilandi» degan sarlavhani qo‘lladi.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yuqori vakili Xosep Borrell qaror «afsus chektiruvchi» ekanligini ta'kidladi.

AQSh Davlat departamenti bu qarordan «hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi.

AQShning sobiq vitse-prezidenti va noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida demokratlar nomzodi Jo Bayden ham ushbu qarordan chuqur afsusda ekanligini bildirdi va Erdo‘g‘anni ushbu qarorni bekor qilishga chaqirdi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzuga oid