Jamiyat | 17:07 / 16.07.2020
10451
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda soxta AOKA xodimlari va tovlamachi «muxbir»lar qo‘lga olindi

Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakillari va «Yurt salohiyati» gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining telegrammdagi rasmiy kanalida ma'lum qilinmoqda.

Mazkur shaxslar tumandagi savdo do‘konlari, bozor, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, tekshiruvlar o‘tkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo obektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish bilan qo‘rqitgan.  

Tadbirkorlarning tuman IIBga qilgan murojaatidan so‘ng ularning shaxsiga oydinlik kiritilgan. Ular — 1975 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan X.Sh.Sh., 1976 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan M.U.M. va 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan K.E.M. ekanligi aniqlandi.

Tekshiruv davomida ularning yonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi» degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog‘i tushirilgan xizmat guvohnomalari, bozor va savdo do‘konlarini tasvirga olgan qo‘l telefonlari va boshqa ayrim tegishli hujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shuni ma'lum qiladiki, «Yurt salohiyati» gazetasi 2019 yil 19 sentyabrda Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Muassis — OLTIN ASR SERVIS MChJ. Ushbu nashr va muassis Agentlikka daxldor emas va xizmat guvohnomasida Agentlik nomi qonunga zid ravishda kiritilgan.

Mazkur masala yuzasidan Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli ravishda murojaat qildi va masala tez orada qonuniy yechim topadi. Yurtdoshlarimizni esa yanada hushyor va ogoh bo‘lishga chorlab qolamiz», deyiladi agentlik xabarida.

Mavzuga oid