Koronavirus: Dunyo iqtisodiyotida vaziyat qanday?
Yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish holatlari soni 14 milliondan oshdi, vafot etganlar soni esa 600 mingdan oshib ketgan. Epidemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan AQShda holatlar soni 4 millionlik chegaraga yaqinlashmoqda, halok bo‘lganlar esa 142 mingga yetgan. Epidemiya barcha sohalar qatori dunyo iqtisodiyotiga ham juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari – AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida pasayish davom etmoqda. Yevropa Ittifoqining barcha 27 mamlakatida karantin cheklovlari deyarli bekor qilindi, ammo ittifoqning tashqi chegaralari hali ham sayyohlar uchun yopiq. Qo‘shma Shtatlar esa ketma-ket epidemiyaning yangi o‘choqlariga duch kelyapti va bu yerda turli shaharlar va shtatlar hukumatlari cheklovlarni yana qayta joriy qilmoqda.
AQSh
AQSh energetika axborot ma'muriyati (EIA) tomonidan e'lon qilingan «2020 yilning qisqa muddatli energetikaga oid hisoboti»ga ko‘ra, bu yil Brent markali neftning o‘rtacha barrel narxi 40,5 dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. 2020 yil iyun oyidagi hisobotda bu raqam 38 dollarga baholandi.
Joriy yilning birinchi choragida o‘rtacha 50 dollar va ikkinchi chorakda 29 dollar bo‘lgan Brent markali neftning narxi uchinchi chorakda 40 dollarga, oxirgi chorakda 43 dollarga va butun yil davomida 40,5 dollarga ko‘tarilishi, kelgusi yilda esa bu ko‘rsatkich 49,7 dollarga o‘sishi kutilmoqda.
Qayta ko‘rib chiqishda, joriy yilning ikkinchi yarmida va kelgusi yilda global neft zaxiralari pasayishi kutilmoqda. Ayni paytda kelgusi yilda neft zaxiralarining pasayishi tezlashadi, degan prognoz narxlarga yuqori bosim o‘tkazishi mumkin.
Boshqa tomondan, neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEC va tashkilotga a'zo bo‘lmagan davlatlar ishlab chiqarishni qisqartirgani bois jahon neft bozorida ortiqcha ta'minot kamaygan, ammo dunyo bo‘ylab yangi turdagi koronavirusga qarshi karantin choralari yumshatilishi iyun oyida global neft talabini oshirgan.
EIA AQShning bu yilga oid kunlik neft qazib olish darajasini o‘zgartirmadi.
Bunga ko‘ra, mamlakatning o‘rtacha neft qazib olish hajmi bu yil 11,6 million barrel bo‘lishi, kelgusi yilda esa 11 million barrelga tushishi kutilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, AQSh 2018 yil noyabr oyida Saudiya Arabistoni va Rossiyani ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchisiga aylangandi.
Yevropa Ittifoqi
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi «2020 yilgi yozgi iqtisodiy prognozlar» hisobotini e'lon qildi. «Keng farqlarda yanada chuqur retsessiya» deb nomlangan mazkur hisobotda Yevro hudud 2020 yilda 8,7 foizga, 2021 yilda esa 6,1 foizga o‘sishi taxmin qilingan.
Hisobotda Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 2020 yilda 8,3 foizga qisqarishi va 2021 yilda 5,8 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, bu yil Germaniya iqtisodiyoti 6,3 foizga, Fransiya 10,6 foiz, Italiya 11,2 foiz, Ispaniya 10,9 foiz, Niderlandiya 6,8 foiz, Belgiya 8,8 foiz, Gretsiya 9 foiz, Avstriya 7,1 foizga qisqarishi taxmin qilinmoqda.
Inflatsiya darajasi esa Yevropa Ittifoqida 0,6 foizni, Yevro hududda 0,3 foizni tashkil etishi mumkin. Cheklov choralari kutilganidan ko‘ra sekinroq bekor qilingani iqtisodiy faoliyatga ko‘proq ta'sir ko‘rsatishi va YeI iqtisodiyoti bu yil epidemiya sababli chuqur turg‘unlikni boshdan kechirishi ma'lum qilindi.
Hisobotda aytilishicha, prognozlar bilan bog‘liq xavflarning keskinligi shiddatli bo‘lib, epidemiyaning ko‘lami, davomiyligi va kelajakda qanday cheklov choralari ko‘rilishi noaniq ekani aytilmoqda. Shuningdek, mehnat bozori, kompaniyalarning likvidligi va moliyaviy bozorlar uchun xavf borligi bildirilgan.
Buyuk Britaniya va YeI o‘rtasidagi kelgusidagi savdo aloqalarini belgilab beradigan kelishuvning bajarilmasligi har ikki tomonning iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, proteksionistik iqtisodiy siyosat va ishlab chiqarishda global ta'minot zanjiridan uzoqlashish jarayoni iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Hisobotda Covid-19’ga qarshi vaksinaning yaratilishi va Yevropa Ittifoqi Komissiyasi tomonidan tayyorlangan qutqaruv dasturining qabul qilinishi ijobiy samara berishi aytildi.
«Epidemiya Yevropa iqtisodiyotiga kutilganidan ham qattiq ta'sir ko‘rsatdi», dedi Bryusseldagi matbuot anjumanida YeIning iqtisodiyot bo‘yicha komissari Paolo Gentiloni. Jarayon hali ham noaniqliklar va xavf ostida davom etayotganiga ishora qilgan Gentiloni, 2020 yildagi qisqarishlar avvalgi taxminlarga qaraganda 1 foizga salbiy bo‘lganini ta'kidladi.
Iyul oyi boshida Yevropa Ittifoqi hukumati tiklanishning yangi prognozini e'lon qildi. Bu prognoz pandemiyaning eng qorong‘i davri – aprel oyida bo‘lgani kabi mavhum umidsizlikka sabab bo‘ldi. «May va iyun oylaridagi ko‘rsatkichlar eng yomon vaziyat ortda qolganidan dalolat beradi. Ammo bu prognoz karantin choralari asta-sekin olib tashlanadi va pandemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lmaydi degan taxminga asoslanadi. Uni qayta ko‘rib chiqish xavfi o‘ta yuqori va asosan yomon bo‘lishi mumkin», deb xulosa beradi Yevropa Komissiyasi.
XVJ rahbari Yevrokommissiyaning prognozlariga qo‘shiladi
«Virus tarqalishining keng ko‘lamli ikkinchi to‘lqini dunyo iqtisodiyoti uchun yangi zarbalarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo boshqa xavflar ham bor: tovarlarning o‘zgaruvchan narxlari, bojlar oshirilishi, aktivlar narxi ko‘tarilishi va siyosiy beqarorlik. Boshqa tomondan, vaksina ishlab chiqarish va koronavirusni yengish yo‘lida tibbiy sohadagi yutuqlar kayfiyatni ko‘tarib, ishchanlikni oshiradi», deb yozadi Georgiyeva.
Iqtisodiyotning qayta tiklanishi, hukumat aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflayotgan katta xarajatlarga ham bog‘liq. Ushbu maqsadlar uchun boy davlatlar allaqachon yuz milliardlab dollar mablag‘ ajratgan. Umuman olganda G20 a'zo mamlakatlar o‘zining oldingi hayotiga qaytish uchun 11 trillion dollar sarflashga va'da bergan, bu dunyo YaIMning 13 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Agar qo‘llab-quvvatlash yetarlicha bo‘lmasa va mo‘ljaldan oldin to‘xtatilsa, unda inqiroz asorati uzoq vaqt davom etadigan jiddiy izlarni qoldiradi, deya ogohlantirgan XVF rahbari: «Pandemiya, ehtimol, qashshoqlik va tengsizlikning kuchayishiga va tibbiy xizmat tanqisligiga olib keladi. Shuningdek, ish o‘rinlari qisqarishiga va yosh avlod uchun imkoniyatlar pasayishiga sabab bo‘ladi», deya ogohlantirgan Georgiyeva.
Xitoyda iqtisodiyot «o‘ziga kelmoqda»
Xitoy iqtisodiyoti o‘z tarixidagi birinchi inqirozdan so‘ng yana o‘sish ko‘rsatkichlarini ko‘rsatmoqda. Bu xabar dunyoning qolgan qismiga XXI asrning eng yomon inqirozidan asta-sekin chiqish umidini berdi. Dunyo iqtisodiyotidagi ishlab chiqarish va iste'mol bozori yarim kuch bilan aylanayotgan dvigatel holatiga tushgan edi, endi jahon iqtisodiyoti qayta tiklana boshladi.
Biroq Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari quvonishga hali erta demoqda. XVJ rahbari bu haqda dunyoning 20ta yetakchi davlati hukumatini, G20 a'zo davlatlar moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlarini virtual uchrashuv oldidan ogohlantirgan. «Shuningdek, yaxshi yangiliklar ham bor: dunyo bo‘ylab tadbirkorlik faolligi yil boshida misli ko‘rilmagan pasayishdan so‘ng asta-sekin tiklanmoqda. Ammo xavf hali tugamagan», deb yozgan XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva o‘z blogida.
AQSh va Yevropa Ittifoqidan keyin dunyodagi uchinchi yirik iqtisodiyot bo‘lgan Xitoy koronavirus zarbasini birinchi bo‘lib o‘ziga qabul qilgan va undan nisbatan qisqa vaqtda omon qolgan birinchi mamlakat hisoblanadi. Xitoy iqtisodiyoti o‘z tarixida umuman inqirozga uchramagan va har doim o‘sish sur'atlarini ko‘rsatib kelgan. Hatto ba'zi yillarda 15 foizgacha o‘sish qayd etilgan. Ammo joriy yil yanvar-mart oylarida Xitoy iqtisodiyoti yillik ko‘rsatkichda 6,8 foizga qisqarib ketdi. Mao Tszedun «Madaniy inqilob» o‘tkazib, Xitoy iqtisodiyotini ancha cho‘ktirgan yillarda ham Chin yurti iqtisodiyoti joriy yilning birinchi yarmidagiday tushib ketmagandi.
16 iyul kuni Xitoyda iqtisodiy turg‘unlik davri tugagani e'lon qilindi. Ammo yo‘qotilganlar o‘rnini qoplashning hozircha iloji yo‘q. Ikkinchi chorak – aprel, may va iyun oylarida Xitoy yalpi ichki mahsuloti atigi 3,2 foizga oshdi.
«Xitoy iste'mol bozorining o‘sishi hali yetarlicha avjiga chiqqani yo‘q. Shu bilan birga, tez tiklanishi kutilmaydigan sohalar: turizm, restoran biznesi va hordiq chiqarish muassasalarining o‘z faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yishi uchun biroz vaqt kerak», deb ta'kidlaydi Deutsche Bank tahlilchilari.
Mavzuga oid
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
19:18 / 05.11.2024