Jamiyat | 17:36 / 24.07.2020
3069
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zRTXB” AJ va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi o‘rtasida memorandum imzolandi

2020 yil 24 iyulda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumni imzolashdan ko‘zlangan asosiy maqsad, elektron tijoratning zamonaviy usullari va mexanizmlaridan foydalangan holda mahalliy charm-poyabzal mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va tashqi savdo geografiyasini kengaytirishdir.

Hujjatda o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatish va rivojlantirish, charm mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkillashtirish, ularni sotuvchisi va xaridorlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohada marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, hamda eksportni rag‘batlantirishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Ko‘zda tutilgan reja va ishlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar uchun alohida ixtisoslashtirilgan elektron savdo platformasini ishlab chiqilmoqda. 

Yangi savdo tizimida elektron tijoratning barcha afzalliklari o‘z aksini topadi. Xususan, elektron savdolar shaffoflik va ochiqlik tamoyillari asosida barcha savdo ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar ta'minlangan holda onlayn-auksion shaklida o‘tkaziladi. Shuningdek, tizimda birjada tuzilgan bitimlarni bajarilishini hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlash mexanizmi ham qo‘llaniladi. Bu o‘z navbatida savdo ishtirokchilarining o‘zaro ishonchini ta'minlaydi va tomonlarning shartnomaviy intizomini mustahkamlaydi.

Charm-poyabzal mahsulotlarini yangi zamonaviy uslubda sotilishi uning xaridorlari sonini ko‘payishi hamda mahsulotning yetkazib berishning zamonaviy logistik zanjirini yaratish imkonini ham beradi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida elektron savdolarning potensial ishtirokchilarini izlash va jalb qilish, ularning bilim va malakalarini oshirish, shu jumladan birgalikda konferensiya va ta'lim seminarlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi

Mavzuga oid