O‘zbekiston | 20:33 / 27.07.2020
25526
7 daqiqa o‘qiladi

Toshqindan uch oy o‘tib: Sardobaning qayta tiklanayotgan mahallalaridan reportaj

25 iyul kuni Sirdaryo viloyatiga press-tur tashkil etilib, «Sardoba» suv ombori o‘pirilishidan talafot ko‘rgan qator hududlarda qilingan va davom etayotgan ishlar yuzasidan jurnalistlarga ma'lumot berildi.

Birinchi manzilimiz Sardoba tumanining avvalgi «Qo‘rg‘ontepa», hozirgi «Muhammad Al-Xorazmiy» MFY bo‘ldi.

Mahallada 4115ta aholi istiqomat qiladi, suv toshqini natijasida 165ta xonadon to‘liq zarar ko‘rgan. Hozirda bu hududda Navoiy va Xorazm viloyatlari tomonidan ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, mahalla oldingidan umuman boshqacha ko‘rinish olgan. Xonadonlar zamonaviy shaklda rekonstruksiya qilingan va kerakli jihozlar bilan ta'minlangan. Uylar alohida qilib ajratilgan holda, panjaralar bilan o‘ralgan.

Aholi uylariga gaz va kanalizatsiya ham o‘rnatilmoqda. Fuqarolarning aytishicha, uylar oldingi holatidan umuman boshqacha. Oldin uylarga gaz va suv kelmagan.

Biz suhbatlashgan aholi vakillari talafot ko‘rgan oilalar uchun ajratilgan 40 million so‘mdan pul va sertifikatda ko‘rsatilgan maishiy texnikalarni olishganini aytishdi.

Keyingi manzilimiz – Sardoba tumanining Do‘stlik mahallasi. Bu yerda tumanning Qo‘rg‘ontepa, Yurtdosh va Do‘stlik mahallalarida uylari yaroqsiz holga kelgan xonadon egalari uchun ko‘p qavatli uylar qurilmoqda.

Pudratchi «Gold step invest» MChJ tomonidan 37ta, jami 1480ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlangan.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, uylarning qurilish narxi shartnoma bo‘yicha 479,5 mlrd so‘mni tashkil etib, avans tariqasida 222,5 mlrd so‘m moliyalashtirilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan 106ta qurilish texnikasi va 740 nafardan ortiq quruvchi hodim jalb etilib, 73ta yaroqsiz ko‘p qavatli uydan 63tasi buzilgan.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarni ta'mirlash, ularning tutash hududini tiklash va obodonlashtirish uchun jami 35,6 mlrd so‘m mablag‘ sarflanadi. Xususan, uylarni ta'mirlash uchun 29,7 mlrd so‘m va obodonlashtirish ishlariga 5,9 mlrd so‘m sarflanishi belgilangan.

Press-tur Oqoltin tumanining «Saxovat» MFYda davom etdi. Bu mahalladagi qurilish-ta'mirlash ishlari Toshkent shahriga topshirilgan. Mahallada jami 160dan ziyod xonadon bo‘lib, hozirda ta'mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari 90 foizga bajarilgan.

Rejaga asosan mahallada bog‘cha, maktab, mahalla guzari, savdo do‘koni va bog‘ ham qurilmoqda. Shuningdek, aholini ish bilan ta'minlaydigan tikuvchilik fabrikasi ham qurish, bu orqali yuzdan ortiq kishini ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

Mahalla ahli ta'mirlashdan mamnunligini aytmoqda. Sababi qishloq aholisining uyiga gaz, kanalizatsiya ulangan, maishiy texnikalar bilan ta'minlangan. Endi ko‘chalar eski chang ko‘chalar emas. Qishloq ahli uchun bu o‘zgarishlar, albatta, quvonarli.

16 mingdan ortiq sirdaryolik hozircha uyiga qayta olganicha yo‘q

Hozirda toshqin sabab evakuatsiya qilingan 89 450 kishidan 81 foizi – 72 710 nafari o‘z yashash manzillariga qaytib kelgan, ular o‘z xonadonlarida istiqomat qilishmoqda. Qolgan 16 740 nafar aholi ko‘chirilgan hududlarda yashayapti: 2 040 nafari 15ta muassasada, 14 700 nafari aholi xonadonlarida.

Dastlabki ma'lumotlar qayta o‘rganilishi natijasida ma'lum bo‘lishicha, bugungi kun holatiga ko‘ra talafot ko‘rgan 4 710 ta xonadon hisobga olingan. Shundan 2 211 tasi yaroqsiz, 2 499 tasi ta'mirtalab holatda ekani aniqlangan.

Qurilish vazirligi axborotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tomonidan ta'mirlash ishlariga 674 ta pudratchi, 411 ta texnika va 10 839 nafar ishchi jalb qilingan. Ta'mirlash ishlari uchun hududlarning «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalariga davlat tomonidan jami 128 mlrd so‘m ajratilgan.

44 ta ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarini obodonlashtirish maqsadida 15 ta bolalar maydonchasi, 19 ta tandirxona, 14 ta xojatxona, 3 330 metr irrigatsiya tizimi (lotoklar) o‘rnatish, 9 015 m.kv. uy oldi qismidagi yo‘laklarni ta'mirlash, 88 ta tungi yoritish tizimini o‘rnatish hamda 14 ta avtoturargoh qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

1 avgustgacha ikki qavatli uy-joylarni ta'mirlash, 25 avgustga qadar esa tutash hududlarini obodonlashtirish ishlarini yakunlash rejalashtirilgan.

Muammolar ham yo‘q emas

Suv ombori devorining o‘pirilishidan talafot ko‘rgan aholi yashash joylarida ishlar davom etayotganining guvohi bo‘ldik. Albatta, ham moddiy, ham ma'naviy zarar ko‘rgan sirdaryoliklarga har tomonlama yordam berilmoqda. Buni ularning o‘zlari ham ta'kidlashdi.

Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar va Kun.uz`ga kelib tushayotgan murojaatlar fuqarolarga kompensatsiya o‘rnida berilayotgan 40 million so‘m pul mablag‘larini olishda, shuningdek, talafot ko‘rgan uylarni ta'mirlashda muammolar borligini ko‘rsatmoqda.

Buni Oqoltin tumanining Saxovat mahallasida bo‘lganimizda tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Haydarov ham ta'kidlab o‘tdi.

«Tumanimiz markazidagi Navoiy mahallasidagi ikki qavatli uylarda yashovchilarda e'tirozlar bo‘lmoqda. Ikki qavatli uyning birinchi qavatiga suv kirgan. Birinchi qavatiga suv kirganlik darajasi bo‘yicha ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan. Birinchi qavatdagi uylarning pol qismini ta'mirlash tuman hokimligining zaxiradagi mablag‘lari hisobidan qilib berish ko‘zda tutilgan. Aholi buni sabrsizlik bilan kutmoqda. Ustalar masalasi hal etilmagani uchun hali ishlar boshlanmagan», – deydi hokim o‘rinbosari.

Shuningdek, Sardoba tumanining «Yurtdosh» MFYda istiqomat qilgan Gulbahor Jo‘rayeva bizga murojaat qilib, 40 million so‘m pul mablag‘larini hali ololmagani sababli yordam so‘ragan edi. Shuningdek, mahallada pulni olmagan boshqa fuqarolar ham borligini aytgandi. Holat yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosari bilan bog‘landik, u pulini ololmagan fuqaro bilan telefon orqali gaplashib, muammo tez orada hal qilinishini aytdi.

O‘ylaymizki, tez orada talafot bo‘yicha muammosi hal qilinmagan sirdaryoliklar murojaatlari ko‘rib chiqiladi va ijobiy yechim topadi.

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid