Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh prezidentlik saylovlari: demokratlar nimadan xavotirda?
AQShda prezidentlik va Kongressning o‘rta muddatli saylovlariga taxminan uch yarim oy vaqt qolganda prezident Donald Tramp so‘rovnomalarda demokrat raqibi Jo Baydendan 8-15 ball ortda bormoqda.
Odatda bunday farqni «yopish» juda qiyin. Biroq ayni paytda AQShning siyosiy madaniy iqlimi «normal»dan juda uzoq. Shu sababli, Demokratik partiya ma'muriyati 2016 yil saylovlarida bo‘lgani kabi, ijtimoiy so‘rovnomalarni yo‘qqa chiqarib, Tramp ikkinchi marta ham g‘alaba qozonishidan qo‘rqmoqda. Partiya amaldorlari, shuningdek, Bayden «Tramp saylovlarni bilvosita o‘g‘irlashi»dan va buning ortidan yuzaga keladigan siyosiy inqiroz xavfidan ham cho‘chimoqda.
Na epidemiya, na iqtisodiyot boshqara olindi
Tramp ma'muriyati na Covid-19 epidemiyasini, na u bilan yaqindan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy inqirozni boshqara oldi. Iqtisodiyotga ustuvor ahamiyat berishga harakat qilingudek bo‘lsa, epidemik vaziyat yomonlashmoqda. Covid-19 epidemiyasi og‘irlashgani sayin esa iqtisodiyot ham oqsay boshlamoqda.
Covid-19 pandemiyasi shiddat bilan davom etmoqda, 26 iyul kuni kasallikka chalinganlar soni 4 milliondan, vafot etganlar soni esa 147 mingdan oshdi. Aprel-iyun oylarida virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 1 milliondan 2 milliongacha chiqishi uchun 45 kun kerak bo‘lgandi. Raqamlarning 3 milliondan 4 milliongacha yetishi uchun esa atigi 27 kun kifoya qildi. Kunlik o‘limlar soni iyun oyi boshidan beri birinchi marta 21 iyul kuni mingdan oshdi. Qisqasi, ma'lumotlar epidemiya nazoratga olinmaganini ko‘rsatmoqda. Tramp uzoq vaqt sukut saqlaganidan so‘ng, nihoyat 23 iyul kuni yana matbuot anjumani o‘tkazdi va u ilk bor niqob taqqan holda ko‘rinish berdi. «Afsuski, vaziyat yaxshilanishga ulgurmay turib, yana yomonlashadi», dedi u.
Mart-aprel oylarida AQSh iqtisodiy faollik indeksi 100dan 30gacha pasayib ketdi. Tramp ma'muriyati shtatlarda Covid-19 cheklovlarini yumshatish orqali iqtisodiyotni qayta ochishga majbur bo‘ldi va may-iyul oylarida nisbatan tiklanish kuzatildi. Biroq may-iyun oylarida sekinroq sur'atda bo‘lsa-da, tiklana boshlagan indeks 60dan biroz pastga tushgach, Covid-19 inqirozi chuqurlashishi ortidan yana to‘xtab qoldi. Shu bois 24 iyul holatiga qaralganda ham 60dan osha olmagandi. Ushbu ma'lumotlarni keltirgan Financial Times tadqiqotlari iste'molchi ishonch indeksidagi pasayish va ishsizlik nafaqasi olish uchun arizalar sonining kamayish ortidan tiklanish yakuniga yetdi, deb fikr bildirgandi. 23 iyun kuni Bloomberg’da nashr etilgan bir tadqiqotda ham tiklanish to‘xtagani, iqtisodiy ahvol yomonlashayotgani, ikki tomonli (W) retsessiya ehtimoli kuchayayotgani ta'kidlandi.
Keskinlashayotgan vaziyat saylovchilarga ta'sir o‘tkazmoqda
Iqtisodiy va sog‘liqni saqlash tizimidagi inqirozi tufayli yuzaga kelgan xavotirlar saylovchilarning tanloviga ta'sir qilmoqda. Iyul oyida o‘tkazilgan 10ta asosiy ijtimoiy so‘rov (RealClear Politics) natijalariga ko‘ra, Bayden Trampdan 15 ball (Kvinnipak universiteti) va 8 ball (Fox News) oldinda bormoqda. 24 iyulda e'lon qilingan The Economist/YouGov jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra esa Bayden 8,7 ball oldinda.
24 iyul kuni o‘tkazilgan ommaviy so‘rov natijalarining delegatlar soni bo‘yicha natijalarini aks ettirgan Financial Times gazetasining modeli ham Baydenning delegatlar sonini 308, Trampning delegat sonini esa 131 deb ko‘rsatdi. O‘rtadagi delegatlar soni 99ta (mustaqillar). Qisqasi, Tramp o‘rtadagi barcha vakillarni qo‘lga kiritgan taqdirda ham g‘alaba qozonish uchun talab qilinadigan 270 vakilga ega bo‘la olmaydi.
Bu Bayden uchun juda katta ustunlik. Ammo mamlakatda favqulodda sharoitlar hukm surmoqda. Bunday vaziyatda jamoatchilik fikri so‘rov natijalarida noaniqlik sifatida aks etishi mumkin. Covid-19 epidemiyasidagi iqtisodiy inqiroz va ijtimoiy noroziliklar sharoitida saylovchilar o‘z qarorlarini tez-tez o‘zgartirishlari yoki ijtimoiy so‘rovlarda o‘z fikrlarini ochiqchasiga ifoda etmasliklari mumkin.
Darhaqiqat, CATO instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda, saylovchilarning 62 foizi siyosiy muhit ularga o‘z fikrlarini erkin ifoda etishiga imkon bermasligini aytishdi. Bu ko‘rsatkich demokratlarda 52 foiz, mustaqillarda 59 foiz, respublikachilarda esa 77 foiz.
2016 yilgi saylovlarda demokratik partiya ma'muriyatining «og‘zi kuygan», shu bois «qatiqni ham puflab ichish»ga, jamoatchilik so‘rovlariga esa shubha bilan qarashga yetarli darajada sabablar bor. Biroq ularning qo‘rquvlariga Tramp va respublikachilar partiyasining 2020 yilgi saylovlarga bo‘lgan yondashuvi ko‘proq sabab bo‘lmoqda.
Tramp va respublikachilar partiyasi ijtimoiy so‘rovlarda namoyon bo‘la boshlagan natijalarni teskarisiga aylantira olmasliklarini o‘ylab, saylov natijalarini boshqa yo‘llar bilan aniqlash maqsadida AQShda liberal demokratiyaning kelajagi uchun o‘ta xavfli taktikalarni joriy etishni boshladi.
Demokrat partiya saylovchilarini «qo‘rqinchli tush» kutmoqda
Tramp bir muncha vaqtdan beri 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarning ehtimoliy oqibatlariga «Buyuk hiyla» iddaolari bilan soya solishga harakat qilmoqda. Tramp va respublikachilar, ayniqsa, evangelist diniy ozchiliklar, oq tanli millatchi irqchilar saylovchilar soni oshgan sari muvaffaqiyat qozonish imkonlari pasayishiga ishonishmoqda. Shuning uchun qora tanli saylovchilar ko‘p bo‘lgan mintaqalarda saylovchilar ishtirokini kamaytirishni maqsad qilmoqdalar.
Covid-19’dan himoyalanishni istagan saylovchilar pochta orqali ovoz berishga moyil bo‘ladi. Ushbu segmentda Tramp tarafdorlaridan farqli o‘laroq, Covid-19 epidemiyasini jiddiy qabul qilayotgan qariyalar, ta'lim ko‘rgan va demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlaydigan saylovchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu sababli, Tramp korrupsiya va hiyla ayblovlari bilan pochta orqali ovoz berishning oldini olishga harakat qilmoqda. Biroq bugungi kunga qadar o‘tkazilgan barcha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, pochta orqali ovoz berish amaliyoti aldamchi emas, balki, aksincha, xavfsiz hamdir.
The Atlantic jurnalida chop etilgan keng qamrovli tadqiqotga ko‘ra, ko‘plab ovoz berish qutilarida pochta orqali yuborilgan aksar saylov byulletenlari turli sabablarga ko‘ra bekor qilingan. Pochta orqali kelishi kerak bo‘lgan saylov byulletenlari saylovchilarga yetib bormagan yoki pochta to‘laqonli xizmatni amalga oshirmagani ovozlar uchun o‘z vaqtida sanash jarayoniga yetkazib berilmagan. Covid-19 epidemiyasi tufayli qo‘yilgan ijtimoiy masofa talabi ham navbatga turish va ovoz berish jarayonlarining soatlab uzayishiga olib keldi. 3 noyabrdagi saylovlarning noqulay ob-havo sharoitida bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, pochta orqali ovoz berish, ayniqsa, demokratik partiya saylovchilari ishtiroki nuqtayi nazaridan qanchalik muhimligini ko‘rish mumkin.
Ammo barcha partiyalar nomzodi e'lon qilinmay turib, saylov byulletenlari nashr etilmaydi. Agar biror-bir partiya nomzodini e'lon qilishni biror sababga ko‘ra keyinga sursa, saylov byulletenlarining o‘z vaqtida saylovchiga pochta orqali yetib borishi qiyinlashishi mumkin. The Atlantic muallifining ta'kidlashicha, 3 noyabr kuni demokrat partiya saylovchilarini «qo‘rqinchli tush» kutmoqda.
Saylovchilarni qutblashtirish
Tramp va respublikachilar partiyasining yana bir taktikasi demokratik partiya nazorati ostidagi shaharlarning tartibini, «Black Lives Matter» (Qora tanlilarning hayoti qadrlidir) harakatining norozilik namoyishlarini Amerika uchun tahdid sifatida baholashdan iborat. Tramp shu yo‘l bilan an'anaviy yirik shaharlar va qishloq hududlari qutblashuvini yanada chuqurlashtirishni maqsad qilmoqda. Ta'kidlash joizki, bu usul 2016 yilgi saylovlarda ham ish bergandi.
Ko‘plab sharhlovchilar keyingi kunlarda Tramp «anarxistlar» bilan kurashish niqobi ostida, aslida esa hech bir isbot-dalilni o‘rtaga qo‘ymay, demokratlar tomonidan boshqariladigan shaharlarga favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik (FEMA – Federal Emergency Management Agency), Milliy xavfsizlik tashkiloti (Home Land Security), chegarani qo‘riqlash politsiya tashkiloti kabi xavfsizlik kuchlarini jo‘natishni boshlaganini shu ma'noda izohlamoqda.
Konservativ matbuot «falokat», «urush maydoni», «mamlakatimizni yomon ko‘radiganlar» kabi iboralar bilan qutblanish muhitini yanada kuchaytirishga harakat qilmoqda, ayni paytda federal hukumatning «militsionerlari» (shaxslarini tasdiqlovchi hech bir ma'lumot yo‘q) odamlarni ko‘chalardan haydashmoqda, ularni raqamsiz mashinalarda solib olib ketishmoqda. Tramp Minneapolisda (Oregon) boshlagan aralashuvini boshqa shaharlarga ham yo‘naltirmoqda va bu yerlardagi ahvol «Afg‘onistondan ham yomonroq» ekanini aytmoqda.
Shunday qilib, Tramp ma'muriyati shaharlarni «jang maydoni», AQSh dushmanlarining markazi (qora tanlilar va muhojirlar) deb nomlash orqali shahar-qishloq qutblanishini chuqurlashtirishga intilmoqda. Biroq so‘nggi yillarda shakllangan, umumiy ma'lumotli, oq «shahar muhiti» (suburb) Covid-19 va qora tanlilar harakati masalasida qa'iy pozitsiyaga ega bo‘la olmayapti. Darhaqiqat, Bayden tomonidan olingan yangi ovozlar qora tanlilardan ko‘ra ko‘proq ushbu oq tanli ma'lumotli qismdan keladi.
Ikkinchidan, federal hukumat kuchlari maydonga kirishi ortidan Minneapolisda ularga qarshi «onalar devori» deb nomlangan qarshilik shakli paydo bo‘ldi. Ko‘plab sharhlovchilar onalariga qarshi chiqqan siyosatchilarning buning badalini qisqa vaqt ichida to‘lashiga ishonmoqda.
Qisqasi, aytish mumkinki, qutblantiruvchi taktikalar irqchi diniy guruhlarni rag‘batlantirishdan va Trampni «oq millatchilik» sohasiga olib borishdan boshqa ishga yaramaydi.
Federal hukumatning xavfsizlik kuchlarini shaharlarga kiritishi ortida esa Washington Post gazetasida Daniel Drezner ta'kidlaganidek, «saylov natijalarini nazorat qilishda katta shaharlarning ko‘chalarini boshqarish», yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muxolifatni bostirish ham yotibdi.
Mavzuga oid
15:23 / 25.05.2025
Jo Bayden saratonga chalingani e’lon qilinganidan keyin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi
19:09 / 19.05.2025
Bayden saratonga chalingani haqidagi xabarlarga izoh berdi
09:57 / 19.05.2025
Tramp saraton kasalligi aniqlangan Baydenni qo‘llab-quvvatladi
08:24 / 19.05.2025