Jahon | 01:15 / 28.07.2020
62283
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Vetnamda koronavirusning yangi turi, Hongkongda kunlik rekord

Pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishgan davlatlar qatorida sanalgan Vetnam va Hongkongda Covid-19 bilan zararlanish holatlari soni keskin o‘sa boshladi, Hindistonda kasallanish holatlari soni 1,4 milliondan oshdi, olimlar Xitoy hukumatini virus tarqalishi ko‘lamini yashirganlikda ayblashmoqda, Britaniyada ilk bor mushukda virus aniqlandi.

Foto: Getty Images

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 16,5 millionga yaqinlashgan, 650 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

O‘tgan bir kunda dunyoda jami 204,6 ming yangi holat aniqlangan.

Zararlanish holatlari bo‘yicha AQSh peshqadamlikni davom ettirmoqda, bu yerda 4,2 milliondan ortiq kishi Covid-19ga chalingan. Ikkinchi o‘rinda - Braziliya (2,4 mln), uchinchi o‘rinda - Hindiston (1,4 mln), to‘rtinchi o‘rinda esa Rossiya bormoqda (816,6 ming)

Vetnamdagi vaziyat
Vetnamda Danang shahri sayyohlar uchun yopildi, hukumatning ma'lum qilishicha, bu yerda yangi tipdagi koronavirus tarqala boshlagan. Vetnamda apreldan buyon yangi kasallanish holatlari aniqlanmayotgandi.

EPA

Hukumatning rasmiy axborot portali ma'lumotiga ko‘ra, 25 iyul kuni Danangda yashovchi 57 yoshli kishida virus aniqlangan. U so‘nggi bir oy davomida mamlakatdan tashqariga chiqmagan. Taxminlarga ko‘ra, u virusni shahardagi shifoxonalardan birida yuqtirib olgan. 26 iyul kuni shaharda yana ikkita yangi holat aniqlandi, 27 iyul kuni esa bemorlar soni 11 nafarga oshdi. Ayni vaqtda bemorlarning ikki nafari og‘ir ahvolda sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Hukumat Danangda koronavirusning nisbatan xavfli shakldagi yangi shtammi tarqalayotganini ma'lum qilgan. Tadqiqotlarga qaraganda, virus juda tez ko‘paymoqda va tezroq og‘ir ahvolga tushirmoqda.

Danangda bo‘lib turgan 80 mingdan ortiq turistlar (mamlakatning boshqa hududlaridan bo‘lgan vetnamliklar) o‘z uylariga qaytariladi. Buning uchun, milliy aviakompaniya 4 kun davomida 11 shaharga jami 100ga yaqin aviareys amalga oshiradi.

Pandemiyaning ilk bosqichida Vetnam tezkor choralar qo‘llab, maqtovlarga sazovor bo‘lgandi: chegaralar butunlay yopilgan, shaharlar va hatto qishloqlar aloqasi uzilgan, kasallanganlarning kontaktlari muvaffaqiyatli kuzatilgandi. Buning evaziga Vetnam dunyoda koronavirusdan nisbatan eng kam zarar ko‘rgan mamlakat bo‘ldi - shu vaqtgacha jami 431 holat aniqlangan, shundan 365 bemor butunlay sog‘aygan. Jami holatlarning 276tasi xorijdan kirib kelganlarda qayd etilgan, birorta o‘lim holati ro‘y bermagan.

Ammo qariyb 100 kunlik tanaffusdan keyin mamlakat hududida yana yangi holatlar aniqlanishni boshladi.

Mamlakat bosh vaziri Nguyen Suan Fuk Danangda karantin choralarini joriy etishga farmoyish bergan, unga ko‘ra ijtimoiy masofaga amal qilish talab etiladi, aholi uydan faqat oziq-ovqat va dori-darmon uchun, shuningdek, ishga yoki kasalxonaga borish uchun chiqishi mumkin. Zarur xizmat ko‘rsatmaydigan barcha kompaniyalar va muassasalar yopiladi. Hozircha Danang to‘liq yopilishi rejalashtirilmagan.

Hongkongda kunlik rekord
Hongkongda bir kun davomida 145ta yangi kasallanish holatlari aniqlandi va bu ushbu hudud uchun yangi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Avvalroq Hongkong ma'muriyati yangi karantin choralari joriy etilishi haqida ma'lum qilgandi, unga ko‘ra ko‘chada ikkidan ortiq kishi to‘planishi taqiqlangandi. Shuningdek, tibbiy niqob taqish majburiy bo‘lgan. Qoidabuzarlar 5 ming hongkong dollari miqdorida jarimaga tortiladi (645 AQSh dollari). Faqat ikki yoshdan kichiklar va niqob taqishi zararli ekani tibbiy xulosaga ega bo‘lgan kishilar istisno etiladi.

Cheklov choralari 29 iyuldan boshlab bir hafta davomida amal qiladi. Hongkongda pandemiya boshidan buyon jami 2600dan ortiq zararlanish holati aniqlangan, 20 kishi vafot etgan.

Hindistonda 1,4 mln kasallanish holati

REUTERS

Hindistonda jami kasallanish holatlari soni 1,4 millionlik nuqtadan o‘tdi. Hukumat bergan ma'lumotga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 50 mingdan ortiq kishining Covid-19’ni aniqlash uchun topshirgan testi musbat natija bergan. Yanvar oyidan buyon mamlakatda ushbu kasallik 30 mingdan ortiq kishi hayotiga zomin bo‘lgan.

Mart oyida mamlakatda qat'iy karantin joriy etilgan, cheklov choralari iyun oyiga kelib bekor qilingan, shundan keyin har kuni o‘nlab yangi kasallanish holatlari aniqlana boshlagandi. Ayrim shtatlar lokal karantin joriy etishga qaror qilgan.

Qayd etish kerakki, ushbu hududda kasallikdan sog‘ayish ko‘rsatkichlari yetarli darajada yuqori. 1,4 mln kishidan 63 foizi tuzalib ketgan.

Shifokor: Xitoy hukumati virus avj olishi ko‘lamini yashirgan

REUTERS

Uhanda koronavirus tarqalishi sabablarini tekshirishda ishtirok etgan xitoylik shifokor Kvok-Yun Yuenning BBC muxbiri bilan suhbatda mahalliy hukumat virus tarqalishi ko‘lamini yashirishga uringani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ashyoviy dalillar yo‘q qilingan, shifokorlarning xulosalariga javob qaytarish kechiktirilgan.

«Biz Xuanandagi bozorga borganimizda, ko‘zdan kechirishimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalar yo‘q edi, bozor allaqachon tozalangandi. Ya'ni, jinoyat joyida dalillar yo‘q qilingandi, shu tufayli biz qaysi jonivor virus tashuvchi bo‘lgani va odamni zararlanganini aniqlay olmadik», degan u.

«Men ular Uhanda qandaydir ma'lumotni yashirishgan degan fikrdaman. Ma'lumot berishi kerak bo‘lgan mahalliy hukumat buni qilishga tayyor emasdi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Xitoy avvalroq ham virus tarqala boshlagach zarur choralar qo‘llashga kechikkani uchun tanqidlarga uchragandi. Shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyi oxiridayoq yangi virus tarqalayotgani haqida xabar bergan shifokorlarga tahdid qilingan. Rasmiy Pekin bunday ayblovlarni inkor etib kelmoqda.

Barchasiga gendagi nuqson aybdormi?
Niderlandiyadagi Neymegen Universiteti qoshidagi tibbiy markaz tadqiqotchilari koronavirusga chalingan ayrim bemorlarning genetik kodida nuqsonlar aniqlashdi - bu ayrim yoshlar kasallikka chalingach og‘irlashib qolishini izohlashi mumkin. Shifokorlar bu yoshlar orasidagi og‘ir ahvolga tushib qolayotgan bemorlarni davolashda yordam berishiga umid qilishmoqda.

Maastrixt universitetidan bo‘lgan shifokor koronavirus tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan ikki yosh aka-ukaning kasallik tarixini o‘rganib, kasallik og‘irlashishida TLR7 geni o‘rni borligi haqida xulosaga kelgan. Shifokorlar aka-ukalarni sun'iy nafas oldirish apparatiga ulashiga to‘g‘ri kelgan. Ulardan biri kasallikdan vafot etgan, ikkinchisi sog‘ayib ketgan. Shunisi e'tiborga molikki, Covid-19 bilan kasallanganlarning aksarida kasallik yengil alomatlar bilan yoki umuman simptomlarsiz kechadi.

«Bunday holatda kasallik og‘irlashishi genetik omillar bilan bog‘liq emasmikin?», degan savol tug‘iladi. Bu ikki aka-uka kasallikni og‘ir o‘tkazgani tasodif bo‘lishi ham mumkin, shu bilan birga, bu tug‘ma nuqson tufayli bo‘lishi ham mumkin», deydi Neymegen universitetining tibbiy markazi vakili bo‘lgan shifokor Aleksandr Xoyshen.

Hatto yoshlar ham Covid-19’dan uzoq vaqt davolanishi mumkin
Amerikadagi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika ma'lumotlariga ko‘ra, Covid-19 hatto qo‘shimcha kasalliklari bo‘lmagan yoshlarda ham og‘ir shaklda kechishi mumkin. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 35 foizi ularga kasallanish tashxisi qo‘yilganidan ikki-uch hafta o‘tib ham sog‘liklari tiklanmagani haqida ma'lum qilishgan.

So‘rovnomada 292 kishi ishtirok etgan, virus aniqlangan ular 15 apreldan 25 iyunga qadar ambulator sharoitda davolangan bemorlar bo‘lgan. Bu odamlardan koronavirus testi musbat chiqqanidan 2-3 hafta o‘tib so‘rov o‘tkazilgan. Natijalar Morbidity and Mortality Weekly Report jurnalida e'lon qilingan.

So‘ralganlarning 94 foizi koronavirusga test topshirishdan avval o‘zida kasallikning kamida bitta alomatini sezishganini aytishgan. Bu odamlarda o‘rtacha 7tadan alomat kuzatilgan (jami 17 simptom ma'lum). Eng keng tarqalgan alomatlar - holsizlik, keyin yo‘talish va bosh og‘rishi.

Kasallik o‘tib ketishi kechikkanlarning 43 foizi yo‘taldan shikoyat qilgan, 35 foizida hamon holsizlik saqlanib qolgan, 29 foizi esa nafas olishga qiynalayotganini ma'lum qilgan.

So‘rovnomada qatnashganlarning 65 foizi koronavirus testi musbat chiqqanidan 5-12 kun o‘tib sog‘aya boshlaganini bildirgan.

Ko‘proq o‘lim holatlarini yuzaga keltiradigan xavflar
Kaliforniya universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan, MedicalXpress jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, qandli diabeti bor koronavirusga chalingan bemorlar boshqa bemorlarga qaraganda olti marta ko‘proq shifoxonaga murojaat qilmoqda va ular 12 barobar ko‘proq Covid-19 qurboniga aylanmoqda. 

Ekspertlarning aniqlashicha, diabet Covid-19 bilan kasallanishning og‘ir shakliga olib keladigan omillar orasida ikkinchi o‘rinni egallamoqda. Birinchi o‘rinda esa — yurak-qon tomir kasalliklari.

Universitet professori Prakash Didvanining so‘zlariga ko‘ra, diabeti bor bemorlar organizmida immun himoya funksiyasi pasayib ketadi. U qandli diabeti bor insonlarga muntazam qondagi qand miqdorini o‘lchash va shifokorlarda bilan aloqada bo‘lib turishni maslahat bergan. Bundan tashqari, bu turdagi bemorlar ko‘proq faol hayot tarzini o‘tkazishlari va yaxshi uxlashlari kerak.

O‘z navbatida Ohayodagi Veksner universiteti tibbiyot markazi Endokrinologiya, diabet va metobolizm bo‘limi shifokori Joshua Jozef qonda qand miqdori darajasi yuqori bo‘lgan bemorlarga o‘zini davolovchi shifokorlar va ijtimoiy ishchilar bilan muntazam aloqada bo‘lishni tavsiya qilgan. Uning ta'kidlashicha, shifokorlar glyukoza miqdorining ko‘payishi kabi xavfli bo‘lgan gipoglikemiya paydo bo‘lishini kuzatishi zarur.

Mutaxassis bu kabi masalada telemeditsina ham foyda berishi mumkinligi, shu orqali bemorlar qondagi qand miqdori va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma'lumotlarni uzata olishi, shifokorlar esa buning asosida zaruriy qarorlar qabul qilishi mumkinligini ta'kidlagan.

Britaniyada koronavirusdan zararlangan ilk mushuk

Foto: Getty Images

Britaniyaning bosh veterinar vrachi mamlakatda ilk marta xonaki mushukda koronavirus aniqlangani haqida ma'lum qildi.

Bu ushbu mamlakatda ilk bor uy jonivorlarida koronavirus aniqlanishidir, ammo u virusni odamlarga yuqtirishiga oid dalil yo‘q.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, mushuk koronavirusni koronavirusga testi musbat natija bergan egasidan yuqtirib olgan.

Mushuk va uning xo‘jayini tuzalishgan, uyda yashovchi boshqa odamlar va jonivorlar virusga chalinmagan.

Mavzuga oid