O‘zbekiston | 13:36 / 30.07.2020
29873
7 daqiqa o‘qiladi

Anvar Alimov: «Karantin muddatini uzaytirish juda mas'uliyatli qaror edi»

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Anvar Alimov bilan karantin uzaytirilishi sabablari, dori vositalari bo‘yicha bahslar, virusning ichki a'zolarga ta'siri haqida suhbatlashdik.

– Anvar Valiyevich, davlat rahbari maxsus komissiya va mutaxassislar taklifiga ko‘ra karantin cheklovlari muddatini uzaytirish taklifini ma'qulladi. Shu cheklovlarni uzaytirmaslik tarafdori bo‘lgan mutaxassislar ham bor edimi yoki taklif bir ovozdan kiritildimi?

– Karantin cheklovlarini uzaytirishga qarshi chiqqan faqat bir kishini bilaman xolos. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining barchasi shu taklifni berishdi. Chunki bir narsani tushunib olishimiz shart – karantin koronavirusning ikki inkubatsion davriga barobar muddatda, ya'ni 14 kundan 28 kungacha yaxshi samara beradi. Bu zanjirni uzishga, tarqalish keskin o‘sishini to‘xtatishga imkon yaratadi.

Aslida bu taklifni qabul qilish, ya'ni karantin muddatini uzaytirish prezident va hukumat uchun o‘ta mas'uliyatli qaror edi. Hatto buni o‘ziga xos qahramonlik deb ham atash mumkin. Sababi, buyoqda xalqning kayfiyatini hisobga olish kerak, iqtisodiy muammolar bo‘y ko‘rsatib qoladi, umumiy taranglik paydo bo‘ladi. Lekin unutmaslik kerak, bugun agar kerakli choralarni ko‘rmasak, kasallik geometrik progressiyada ko‘payib ketishi mumkin. Agar shunday tarqalish yuz bersa, sog‘liqni saqlash tizimiga tizimiga katta yuklama tushib, koykalar, reanimatsiya o‘rinlari yetishmasligi natijasida inqiroz holati yuzaga keladi.

Ko‘p tanqid qilishlariga qaramay, bizda o‘lim ko‘rsatkichlari dunyoning ko‘plab mamlakatlariga nisbatan ancha past.

– Uzaytirilayotgan karantin muddatlari ko‘zlangan natijani beryaptimi? Bu oraliqda kasallikni jilovlash uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilyapti?

– Albatta samara beryapti. Kasallik ko‘payyapti, ammo bir maromda. Biz bu karantin davrida ko‘plab ishlarni bitirib olyapmiz. Jumladan:

1. Tez tibbiy yordam mashinalari, brigadalar sonini oshirdik, chunki bu tizimga yuklama kamida ikki barobar ortdi.

2. Oilaviy poliklinikalar 24 soat ishlashini yo‘lga qo‘yyapmiz. Koll-markazlar faoliyatini kengaytiryapmiz.

3. Uyda davolash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bemor ahvoli og‘irlashsa, mobil brigadalarda vrachlar guruhi zarur tavsiyalarni beradi.

4. Asosiy dori vositalari, shaxsiy himoya vositalarining 3 oylik zaxirasini shakllantirdik. Eng kerakli dori vositalari dorixonalarda bo‘lishini ta'minlash uchun dorixonalarga iqtisodiy yordam ham berilmoqda. Toki ular kerakli miqdorda aylanma mablag‘ga ega bo‘lsinlar.

5. Har bir tuman shahar viloyat kesimida qo‘shimcha provizor shifoxonalari koykalar soni oshirildi.

Bir raqamga e'tiboringizni qaratsam – bu kasallik kirib kelib tarqalgunga qadar SSV tizimida 112 ming koyka bor edi. Bundan tashqari xususiy tibbiyot 22 ming o‘ringa ega edi.

Dastlab biz shu koykalar hisobidan, ya'ni ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonalari, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya markazlari kabi maskanlar hisobiga 10-12 ming o‘rin tayyorlagandik. Endi esa butunlay alohida provizor shifoxonalar, saralash hududlari tashkil qilindi.

Poytaxtdagi «O‘zekspomarkaz»ga o‘xshagan joylar bunga yaxshi misol bo‘la oladi. Har bir viloyatda aholi soniga ko‘ra 2-3 ming, Toshkent shahrida 5-6 ming o‘rin tayyorlab olindi. Birinchi navbatda uy sharoitida og‘irlashganlar, 65 yoshdan oshganlar, onkologik, gipertonik, endokrin xastaliklar, o‘pkasida surunkali kasalliklar bo‘lganlar to‘g‘ridan to‘g‘ri provizor zonalarga olib kelinadi.

Buning uchun endi koronavirus tasdiqlanishi, test ijobiy chiqishi ham shart emas. Agar test ijobiy chiqqan bo‘lsa, yuqumli kasalliklar yoki maxsus shifoxonalarga, agar test hali olinmagan, lekin belgilar o‘xshash bo‘lsa, ana shu markazlarga olib kelinib, darhol davolanish boshlanadi. Bu choralar o‘z natijasini beradi albatta.

Shu bilan birga, bu vaqt davomida biz PZR apparatlari, kislorod beruvchi moslamalar, raqamli rentgen uskunalari, testlar va umuman barcha zarur vositalarni g‘amlab oldik.

– Hozirgi kunda o‘rtacha 500ta yangi holat qayd etilmoqda. Shu ko‘rsatkich, aytaylik, 200taga tushsa, bu cheklovlarni bekor qilishga asos bo‘la oladimi?

– Aslida 200-300 raqamlar katta rol o‘ynamaydi. Bir kunlik kasallanishlar soni 10 mingtaga ham chiqishi mumkin. Hammasi bizning tayyorgarligimizga, davolash imkoniyatlarimizga bog‘liq. Qabul qobiliyatimiz 10 barobar ortishi bilan, tabiiyki 5 mingta holat aniqlansa ham qabul qila olamiz. Barcha harakat ana shunday ssenariyning oldini olish va har ehtimolga qarshi tayyorgarlik ko‘rishda bo‘lyapti.

– Anvar aka, sizning asosiy faoliyatingiz endokrinologiya bilan bog‘liq. Koronavirusning endokrin tizimga ta'siri o‘rganila boshlandimi?

– Bu masala butun dunyoda o‘rganilyapti va har kuni biz o‘zimizdagi holatlarni ham, xorij tajribasini ham muntazam tahlil qilib boryapmiz. COVID-19 kasalligini kimlar og‘ir o‘tkazishi ma'lum. Bular – yoshi kattalar, ortiqcha vazn egalari, surunkali o‘pka kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, onkologik kasalliklar chalinganlar. Asosan shu toifalarga ehtiyot bo‘lish zarur.

COVID-19 kasalligining qandli diabet bilan qo‘shilib kelishi og‘ir kechadi. Qandli diabetlar o‘zi kasallik chaqirishga moyil, odatda ortiqcha vaznli, gipertonik, yurak-qon tomir tizimi sust bemorlar bo‘ladi. Bularga dorilar juda tanlab ishlatilishi lozim. Bu borada maxsus qo‘llanma ishlab chiqilgan, har kuni respublika bo‘yicha og‘ir bemorlarni onlayn konsultatsiya qilamiz.

– Dorilar masalasida bahslar juda ko‘payib ketyapti. Nahot bir fikrga kelish shuncha qiyin bo‘lsa?

– Aslida bu kasallikni samarali davolaydigan, virusga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladigan dori yo‘q. Bilvosita ta'sir qiluvchilar bor. Bu vaziyatni dorilarni shartli ravishda quyidagi guruhlarga bo‘lsa bo‘ladi: virusga muayyan ta'sir qiluvchi, immunitetga oshiruvchi, asoratlarga qarshi kurashuvchi guruhlar. Shunga ko‘ra klinik protokollar tuziladi.

Bahslarga kelsak, ular bo‘lishi tabiiy va ularning bo‘lgani yaxshi. Sababi, yuqorida aytganimday bu virusni to‘la-to‘kis davolab yuboruvchi dori bo‘yicha hali aniq to‘xtamga kelinmagan. Ana shu bahslar bu borada jiddiy tadqiqotlar ketayotganidan darak beradi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid