O‘zbekiston | 17:46 / 01.08.2020
59555
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusda Musa Yerniyazovning vafoti munosabati bilan ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tdi

Nukus shahrida O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning vafoti munosabati bilan ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, marhumning oila a'zolariga, xalqqa chuqur hamdardlik bildirdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Musa Yerniyazov qariyb 50 yillik faoliyati davomida ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongani, Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash uchun o‘zini ayamay mehnat qilganini ta'kidladi.

- Qoraqalpoq zaminida, Orol halokati yuz bergan o‘lkada yashab mehnat qilish – bu haqiqiy matonat. Musa Yerniyazov ana shunday qahramon xalqning qahramon rahbari edi. U 18 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi deb atalmish o‘ta mas'uliyatli va sharafli vazifada samarali faoliyat olib borgani buni yaqqol tasdiqlaydi, - dedi davlat rahbari.

Musa Yerniyazov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatida mamlakatning barcha hududlarini rivojlantirish uchun muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo‘shgani yodga olindi.

- Alloh taolo Musa og‘ani mana shunday muborak Qurbon hayiti va juma kunlarida o‘z rahmatiga olganida ham bir xislat borligidan dalolat, deyish mumkin. Barchamiz uchun qadrli bu inson hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz va xotiralar qoldirdi. «Yurt uchun fido bo‘lish – o‘lim emas, aslida qayta tug‘ilish», deydi donolar. Musa Yerniyazovning nomi va yorqin xotirasi ham bugun qayta tug‘ilmoqda, tarix sahifalariga abadiy muhrlanmoqda, - deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a'zosi Sharap Usnatdinov, «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasi bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a'zosi Guliston Annaqlicheva, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari, Oliy Majlis Senati a'zosi Abatbay Daniyarov Musa Yerniyazovning el-yurt manfaati yo‘lidagi serqirra faoliyati, odamlarga yaxshiliklarini esga oldi.  

Mavzuga oid