O‘zbekning «shum bola»si - Abdurayim Abduvahobov yaqinlari xotirasida
14 iyul kuni o‘zbek xalqining katta-yu kichigiga qadrli bo‘lgan aktyor Abdurayim Abduvahobov o‘pka raki tufayli 57 yoshida olamdan o‘tdi.
Abdurayim Abduvahobov – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Do‘stlik» ordeni sohibi, kino va teatr aktyori. U faoliyati davomida «Shum bola» filmidagi Qoravoy, «Suyunchi»dagi Abdulla, «Chimildiq» spektaklidagi kuyov obrazlari hamda boshqa bir qator rollari bilan o‘zbek kino va teatr san'atida o‘chmas iz qoldirdi.
Rahmatli aktyorni farzandlari, hamkasblari iliq xotiralar bilan eslashadi.
Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti:
– Abdurayim hali san'atning alifbosini ham bilmaydigan paytida – 12-13 yoshligidayoq «Shum bola»dagi roli bilan o‘ziga haykal qo‘ygan. Film rejissyori Damir Salimov uni «topilma, hayotimni bezab turgan bola» deb ko‘p gapirardi. Menga «Rixsi opa, filmda ona ishtirok etadigan sahnalarni ko‘paytirmoqchiman. Shum bola tush ko‘rganda, xayol surganda onasining hozirgi yaxshi kunlarda yashashini o‘ylaydi», deb aytardi. G‘afur G‘ulom o‘z zamonasining ijtimoiy hayotini shunaqa tasvirlaganki, ortiqcha narsalarni qo‘shish mumkin emas edi. Ammo hozir shum bolaning Toshkent sitida qad rostlagan haykali ortida eski shahar manzaralari, o‘zi esa yangi shaharga xayrat bilan tikilib turibdi.
Badiiy kengashlarda biron muhokama bo‘lsa, hammaning gapi bir tomon bo‘lardi-yu, Abdurayim o‘ylab turib, bir-ikki og‘iz gap bilan to‘g‘ri yo‘lni topa olardi.
Milliy akademik drama teatrining salmog‘ini, nufuzini yelkasida mardona ko‘tarib yurganlardan biri Abdurayim edi. Teatrda kichik yo katta rol o‘ynashidan qat'i nazar, san'atini yerga urishni istamasdi. «Shum bola»da erishgan shon-shuhratiga xiyonat qilmaslik uchun astoydil xizmat qildi.
Turg‘un Azizov, O‘zbekiston xalq artisti:
– San'at instituti rektori meni yoshlarga dars berish uchun taklif qildilar. Imtihonga kelganlarni saralab tursak, to‘ladan kelgan, kelishgan yigit ko‘zimga issiq ko‘rindi. Qarasam, o‘zimizning shum bola. Bizni nima bilan xursand qilasiz, imtihonga nima tayyorlab keldingiz – she'rmi, monologmi, etyudmi desam, jim, umuman indamaydi. Hazillashib: «Shum bolani ijro etganman, teatr institutiga borsam, domlalar yelkasiga mindirib olib kiradi», deb o‘yladingizmi, tayyorlanmabsiz-ku», desam, yana jim.
Rektorning oldiga kirib, shum bolamiz hech narsa tayyorlamay kelibdi, lekin kursga qabul qilish niyatim bor, desam: «O‘tkazavering, yil davomida o‘qitasiz, keyin imtihonga qo‘yasiz, tasdiqlatib, ikkinchi kursga o‘tkazamiz», dedilar.
Abdurayim qisqa vaqt ichida kursimizning guli bo‘lib qoldi. Yuqori kurslardagi bolalar ham, pedagoglar ham unga muxlis bo‘lib qoldi. Teatr institutining butun qalbini o‘ziga rom qilib qo‘ydi.
Abdurayimni inson sifatida, san'atkor sifatida, shogirdim sifatida boshimga ko‘tarib yuraman. U pok inson edi. El hurmatiga sazovor bo‘lgan, elning xizmatida bo‘lgan shaxs u.
Fathulla Ma'sudov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
– Uch yilcha avval belida «grija» paydo bo‘libdi deb eshitdim. Shifokorlarga, tabiblarga qatnab yurdi. Belda qattiq og‘riq paydo bo‘lgan. Lekin u faqat «grija» emas ekan. Borgan sari oyoq tashlashi o‘zgarib qoldi, cho‘loqlanib yuradigan bo‘lib qoldi. Yura olmay qoldim, o‘rnimdan tura olmay qoldim, deb aytdi. 2-3 yil avval o‘pkasida saraton boshlangan, 2 oycha avval bu ma'lum bo‘lgan ekan. Saraton o‘pkadan bel, bo‘yin, oyoqlarga ham tarqagan...
...S'yemkaga ketishimdan avval oldiga kirib, xabar oldim. Ancha suhbatlashib o‘tirdik. Ketishimdan avval xayrlashdik, quchoqlashdik. Peshonamizni peshonamizga qo‘yib turdik – ko‘zimga tikildi, yuzida yoqimli jilmayish turardi. Qo‘limni qisib qo‘ydi. So‘z yo‘q. Oxirgi ko‘rishganim shu bo‘ldi. Keyin bildimki, shunda Abdurayim Abduvahobov mendan rozilik so‘ragan ekan.
Abdurayim Abduvahobov O‘zbek milliy akademik drama teatrida 30 yildan oshiq mehnat qildi. Uning ishtirokidagi «Chimildiq» spektakli chiqqanda zal tomoshabinga liq to‘lar, joy yetmaganidan stul qo‘yishardi.
U hech qachon birovga yomonlik qilmagan, saxiy, qo‘li ochiq inson edi.
Abdujabbor Abduvahobov, marhumning farzandi:
– Dadam sahnada komediya rollarni o‘ynaganlari bilan, hayotda jiddiy inson edilar. Hamma yoshligida qaysidir aktyor yoki superqahramonga o‘xshashni orzu qilsa, men dadamga o‘xshagim kelardi. Oilada uch farzandmiz – hammamizga e'tiborli edilar, bir-birimizdan shu kungacha kam qilmaganlar.
Dadam bir so‘zli inson edilar, shu sifatlarini hamma hurmat qilardi. Hammaga bir xil muomala qilardilar, ranjitib qo‘yishdan qo‘rqardilar.
Balki o‘tishlarini bilgandirlar... 10 oy ichida hamma farzandlarining to‘yini qilib, bir yilda uch nevarali bo‘ldilar. Nimadandir qo‘rqayotgan, shoshilayotgandek bo‘ldilar.
Armonlari haqida hech gaplashmaganmiz. Shifoxonada birga yotganimizda shaharning bahavo joyidan yer olib, katta uchastka quramiz – bir tomonda sen, bir tomonda akang, o‘rtada men onang bilan yashaymiz deb yaxshi niyat qilgandilar...
Kasblarini juda yaxshi ko‘rardilar. Har duo qilganlarida «kasb-korimizdan bergin, xudoyim» deb niyat qilardilar. Shuning uchun bu rolim bunday, u rolim bunday deb hech gapirmaganlar.
Bu insonning o‘g‘li bo‘lish qiyin. Chunki men harchand harakat qilsam ham, u kishidek bo‘la olmayman...
Samandar Hamroqulov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
– Kurs rahbarimiz Olimjon Saidov akademik teatrda Amir Temur spektaklini sahnalashtirganlarida biz talabalar «massovka»da sarkardaning askarlari rolini o‘ynaganmiz. Abdurayim aka bilan o‘shanda tanishganman. «Rustam aka Hamroqulovning o‘g‘limisan, dadang ajoyib inson edi, biz askiyalarini ko‘p sahnalashtirardik», deb aytganlar.
Men bu insonning oddiyligiga, kamtarligi va hazil-mutoyibaga ko‘ngli chog‘ligiga, yuragi kengligiga tan berganman. «Aka, siz bekorga ozmaysiz-da, ko‘nglingiz keng sizni», desam, «Do‘mbillab yuraveraylik, ukam», deb xursand bo‘lardilar.
Vaqti kelib bu inson bilan bir sahnada rol o‘ynash nasib qildi. «Muhabbat sinovlari» filmiga Rustam Sa'diyev taklif qilganlarida ota rolida Abdurayim Abduvahobov o‘ynashlarini bilib, boshim osmonga yetgan.
Ssenariyda yo‘q g‘oyalarni aytganlar. «Men otasiman, ota ijaraga mashina haydab, qobil farzand bo‘lib topganini o‘g‘liga sarflayapti, o‘g‘li ham shunga yarasha javob qaytarsin, bu tomoshabin uchun yaxshi dars bo‘ladi», deganlari uchun o‘g‘li mashina sovg‘a qiladigan sahnani qo‘shganmiz. O‘sha sahnada rolga kirishib ketib, haqiqatan yig‘laganlari, filmga kirishib ketganini ko‘rib hayratga tushganman.
Abdurayim Abduvahobov o‘zining madaniyati bilan insonni tarbiya qila oladi, har qancha andoza olsa bo‘ladi. Bu inson bitmas-tuganmas boylik edi. Ustoz san'atkorlarning aytgan gaplarini, dramatik aktyor qanday bo‘lishi kerakligini Abdurayim aka orqali o‘rganardik.
Inson avvalo qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat'iy nazar insoniylik fazilatlarini yo‘qotmasligi kerakligini ta'kidlardilar.
Saodat Abdurahmonova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
20:24 / 22.11.2024
2025 yilda madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasi xodimlari ish haqi oshiriladi
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
20:46 / 19.07.2024
«O‘zbekkonsert» litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rdi
20:36 / 07.06.2024