O‘zbekiston | 21:26 / 04.08.2020
21203
2 daqiqa o‘qiladi

Yurak kasalliklaridan qanday saqlanish mumkin? Mutaxassis maslahati

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi kardioxirurgiya bo‘limi mudiri Abdusalom Abdurahmonov yurak kasalliklaridan himoyalanish uchun kerakli tavsiyalarni sanab o‘tdi.

Uning aytishicha, yurakni quvvatlantiruvchi dorilar yo‘q. Yurak kasalliklarining oldini olishning yagona yo‘li – sog‘lom turmush tarzi, ya'ni parhez va jismoniy faollik.

«Tadqiqotlarga ko‘ra, 1998 yilda Turkiya va O‘zbekistonda parhez bilan bog‘liq yurak xastaliklari 100 ming kishiga 400ta holat to‘g‘ri kelgan. Hozir yurak xastaliklari O‘zbekistonda 100 ming kishiga 890ta to‘g‘ri kelmoqda, bu bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa chiqib olgan. Turkiyada esa bu ko‘rsatkich qariyb 4 baravarga qisqargan – har 100 ming kishiga 100 kishi atrofida.

Turkiya bunga parhezni o‘zgartirish orqali erishdi. Ular yog‘li, xamirli, kraxmalga boy ovqatlardan voz kechib, sabzavot-mevalar, dengiz mahsulotlari iste'moliga o‘tishdi. Yurak uchun oqsillarga va murakkab uglevodlarga boy ozuqalar tanovul qilish kerak», – dedi Abdurahmonov «Tez yordam» ko‘rsatuvining 3 avgustdagi sonida.

Kardioxirurg yurak uchun jismoniy faollikning ahamiyatini ta'kidlab o‘tdi.

«Yurak bu – mushak. Qo‘l mushaklari baquvvat bo‘lishi uchun mashq qilinganidek, yurak uchun ham mashq kerak. Yuguring, harakatlaning, yugurishga imkon bo‘lmasa, ko‘proq piyoda yuring, mashinadan kamroq foydalaning. Ortiqsa vazn bilan ham kurashish kerak.

Yurak uchun o‘rik sharbatini ichsa bo‘ladi, lekin u kasallikka davo emas. Yurak uchun kaliy foydali, ammo kaliy saqlovchi preparatlarini organizmda kaliy miqdorini nazorat qilgan holda qabul qilish mumkin», – dedi Abdusalom Abdurahmonov.

Mavzuga oid