Jamiyat | 09:18 / 06.08.2020
59085
7 daqiqa o‘qiladi

Pnevmoniyaning turlari, tibbiy statistika va mavsumiylik omili - ekspert bilan suhbat

Pandemiya davrida Kun.uz saytida koronavirus kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha turkum suhbatlar uyushtiryapmiz. Navbatdagi mehmonimiz – Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son ichki kasalliklar kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza Nurillayeva.

Nargiza Nurillayeva

– Nargiza Muxtarxanovna, pandemiya davrida COVID-19'dan o‘lim ko‘rsatkichlari muntazam e'lon qilib borilayotgani holda pnevmoniyadan o‘lim haqida ma'lumot berilmayapti. Bu borada sizda qanday ma'lumotlar bor, ya'ni pnevmoniyadan o‘lim ko‘rsatkichlari oshganmi?

– Butun dunyo tibbiy tasnifi bo‘yicha pnevmoniya ikkiga bo‘lingan: kasalxonadan tashqari va kasalxona ichi pnevmoniyasi. Hozir kasalxonadan tashqari pnevmoniya to‘g‘risida ma'lumot bermoqchiman.

Kasalxonadan tashqari pnevmoniya – o‘tkir kasallik bo‘lib, boshqarib bo‘ladigan kasallikka kiradi. Lekin ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichi butun dunyoda o‘lim darajalariga kelganda 6-o‘rinni egallaydi va og‘ir kechishi mumkin. Bu pnevmoniyaning asosiy sabablari virus va bakteriyalar bo‘lishi mumkin.

O‘tkir respirator virusli kasallik (O‘RVK) yuqumli kasalliklarning ichida birinchi o‘rinni egallaydi. O‘n yil oldin gripp va O‘RVK bilan kasallangan bemorlarning soni 500 millionni tashkil qilgan va 3-5 million odamda bu kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlariga ham olib kelgan. Bu raqamlar muammo bilan tanish bo‘lmagan insonlarni hozirgacha qiziqtirmagan. Lekin bugungi pandemiya davrida insonlar vahimaga tushib, isbotlanmagan axborotlarga ishonadigan bo‘lib qoldi.

Aytmoqchimanki, butun dunyoda tibbiy statistika qoidasiga ko‘ra, koronavirus-pnevmoniya o‘lim holatiga olib keldi deganda, uning tagida isbotlangan laborator tasdiq bo‘lishi kerak.

Koronavirus-pnevmoniya fonida agar bemorda bir va undan ko‘p jiddiy surunkali kasalliklar mavjud bo‘lsa, bu pnevmoniyaning yengil kechadigan turlarida ham jiddiy xastaliklar kechishini kuchaytirishi mumkin. Bu holatda bemor koronavirus-pnevmoniyadan o‘limga uchradi degani noto‘g‘ri bo‘ladi. Shu paytning o‘zida misol bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligining og‘ir kechishi bo‘lsa, u O‘RVKsiz ham o‘pka arteriyasiga tromb tiqilib qolishidan o‘limga uchrashi mumkin. Bu holatda koronavirus infeksiyasi yondosh kasalligi bo‘lib qoladi, lekin o‘limga olib kelgan sabab tromboemboliya hisoblanadi.

Shunga o‘xshash holatlar baholanib, tibbiy statistik ma'lumotlar kelib chiqadi.

– Fikringizcha, koronavirus pandemiyasi qish oylarida kechganida, ya'ni hozir qish fasli bo‘lganida, vaziyat qanday bo‘lardi?

– AQShning Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va sog‘liqni saqlash bo‘yicha global sheriklarning hisob-kitobiga ko‘ra, har yili mavsumiy gripp va nafas yo‘llari kasalliklaridan 650 ming odam vafot etadi.

Mavsumiy gripp – odamdan odamga o‘tuvchi, butun dunyo bo‘ylab yuradigan o‘tkir virusli infeksiya. Ko‘p insonlar tibbiy yordamsiz bu kasallikdan to‘liq sog‘ayib ketadi. Doimo o‘tkir respirator kasalliklar bronxit va pnevmoniyalarni chaqirib, ba'zi holatlarda o‘limga ham olib keladi.

Qish mavsumida o‘tkir respirator kasalliklar fonida koronavirus infeksiyasining qo‘shilishi kasallanish darajasini albatta oshiradi. Lekin bizda bugun davolash mezonlari ishlab chiqilgan va ishonchimiz komil bo‘lishi kerakki, bizning fuqarolarimiz virusga qarshi berilgan tavsiyalarga amal qiladi.

– Sog‘liqni saqlash tizimi katta yuklama bilan ishlayapti. Pandemiya davrida fan doktorlari, professorlar, umuman yetakchi shifokorlar ish tartibida qanday o‘zgarishlar bor?

– Pandemiya vaqtida tibbiyot institutlari va faoliyat ko‘rsatadigan professor-o‘qituvchilar chetda qolgani yo‘q. Barcha tibbiy oliygoh olimlari koronavirus infeksiyasi tushunchasi, yuqish yo‘llari, vrachlarning o‘z-o‘zini himoya qilishi va bemorlarga tezkor sifatli yordam berish bo‘yicha bir nechta o‘quv va metodik qo‘llanmalarni yaratib berishgan.

Rahbarlar tomonidan koll-markazlar, telegram-botlar, onlayn maslahatlar tashkil etilib, professor o‘qituvchilar jalb qilingan edi. Olimlar tomonidan vrachlar uchun yana bir nechta klinik konferensiya va vebinarlar o‘tkazildi.

Barcha professorlar tomonidan sarflangan kuch O‘zbekistonda COVID-19'ni erta aniqlash, samarali davolash, vrachlar uchun kerakli ma'lumotlarni yetkazish muammolariga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda ko‘p kafedra mudirlari, professor, dotsent, assistentlar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar davolanayotgan shifoxonalarida ishlab kelmoqda.

– Kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha yuqori kurs talabalarini jalb qilish masalasida nima deya olasiz? Bu qo‘shimcha kuch bo‘lish bilan birga, ularga amaliyot vazifasini ham o‘tardi.

– Yuqori kurs talabalarini jalb qilish masalasi aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va rektoratlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Shunda davlat imtihonlarini onlayn tarzda o‘tkazib, barcha bitiruvchilarni amaliyot ishiga jalb qilish rejasi tuzildi. Hozir bizning bitiruvchilarimiz murakkab vaziyatlarda o‘z faoliyatini olib bormoqda va yordam berishmokda. Ularning ko‘plari qiyin diagnostik holatlarda, ustozlar maslahatini so‘rab, o‘z fikrini bildirib ishlab kelmoqda.

– Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash jarayoni boshqa kasalliklar bilan shug‘ullanish, davolashlarga salbiy ta'sir o‘tkazmayaptimi?

– Albatta, har kuni uchraydigan o‘tkir va surunkali kasalliklarning avjlanish holatlari o‘z-o‘zidan yo‘qolmagan. Bizning ko‘plab bemorlarimiz rejali va tezkor tibbiy yordamga muhtoj. Lekin koronavirus infeksiyasi keng tarqalgani uchun stabil holatdagi bemorlarimizga uydan chiqmaslik va vrach tomondan tavsiya etilgan dorilarni doimiy qabul kilishni tavsiya qilamiz.

Bemorlarga zarur bo‘lgan tezkor holatlarda sifatli tibbiy yordam berilmoqda. Uning uchun maxsus klinikalar ajratilgan va koronavirus-pnevmoniyaning o‘rta og‘ir va og‘ir holatlari bilan parallel ravishda davo choralari ko‘rsatilmoqda.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid