Light | 17:45 / 06.08.2020
70256
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Ingliz shifokori o‘pkani koronavirusdan himoyalash mashqini o‘rgatdi

Londondagi Qirolicha gospitali (Queen’s Hospital) shifokori Sarfaroz Munshi COVID-19ga chalingan bemorlar uchun kasallik zo‘raymasligiga yordam beruvchi nafas olish texnikasini ko‘rsatib berdi.

Shifokor bu videoni oila a'zolari va do‘stlari uchun tayyorlagan edi. Biroq video YouTube'ga yuklangach, tezda ommalashib ketdi va hozirgacha 4,5 million martaga yaqin ko‘rilgan.

«Koronavirus bilan og‘rigan bo‘lsangiz, mashqlarni imkon qadar tezroq boshlashingiz kerak. Kasallanmagan bo‘lsangiz ham, bu mashqlar profilaktika uchun foydali bo‘ladi», – deydi Munshi.

Mashqlarni bajarish tartibi quyidagicha:

5 marta chuqur nafas olinadi. Har bir nafas 5 soniya ushlab turib, keyin chiqariladi. Oltinchi marta ham chuqur nafas olgach, og‘izni qo‘l bilan yopgan holda qattiq yo‘talish kerak. Bunda quyi nafas yo‘llari ochiladi.

Mazkur harakatlar ketma-ketligi (bitta sikl) yana bir marotaba takrorlanadi.

So‘ngra bosh ostiga yostiq qo‘yib, qoringa yotiladi. Shu holatda 10 daqiqa sekin va chuqur nafas olinadi.

Aynan qoringa yotish kerak, chunki o‘pkalarning katta qismi ko‘krak qismida emas, orqa tomonda joylashgan. Qorin bilan yotib nafas olganda quyi nafas yo‘llari ochiladi.

Chalqancha yotganda esa ayrim nafas yo‘llari yopilib, o‘pkaga kislorod kirishi qiyinlashadi. Bu esa kasallik davrida yaxshi emas, ikkilamchi pnevmoniyani chaqirishi, ahvolning og‘irlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid