Jahon | 08:48 / 07.08.2020
16360
2 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi portlash ishi bo‘yicha 16 kishi hibsga olindi

Livan poytaxti Bayrutdagi portlash ishi bo‘yicha portlash yuz bergan portning 16 xodimi hibsga olindi. Bu haqda harbiy sud vakili, sudya vazifasini bajaruvchi Fadi Aqiqiy ma'lum qildi. 

Foto: Xinhua

Ta'kidlanishicha, hibsga olinganlar orasida port direktori Hasan Qo‘raytam ham bor. Port direktori prokuror so‘rog‘idan keyin hibsga olingan.

“Harbiy prokuratura Bayrut portidagi 12-angarda yuz bergan mash'um portlashni tergov qilishning dastlabki bosqichini yakunlamoqda. Port ma'muriyati va bojxona boshqarmasidan, angarda ta'mirlash olib borgan va u yerda portlovchi modda saqlagan 18 dan ko‘proq kishi so‘roq qilingan”, deb ma'lum qilgan Aqiqiy.

Livan OAV ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat markaziy bankining pullarni yuvishga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiyasi bojxona va port rahbariyatiga qarashli barcha bank hisobraqamlarini muzlatib qo‘yishga ko‘rsatma bergan.  

Livan vazirlar mahkamasi voqeaga aloqadorlar qochib qolmasligi uchun portning butun rahbariyatini uy hibsiga olishga qaror qilgandi. 

Bayrutdagi portlash 4 avgustda yuz bergan. Portlash oqibatida bir necha kilometr radiusdagi uylarga zarar yetgan, 137 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida qutqaruvchilar va xorijliklar bor. 5 mingga yaqin odam, jumladan Livan bosh vaziri Hasan Diabning rafiqasi va qizi jarohat olgan.

Hukumat versiyasiga ko‘ra, portdagi omborlardan birida saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi payvandlash ishlari vaqtida portlab ketgan. 

Dunyoning ko‘plab davlatlari portlashdan keyin Livanga o‘z yordamlarini taklif qilgan.

Mavzuga oid