Jamiyat | 13:19 / 07.08.2020
3134
3 daqiqa o‘qiladi

Parlamentning nazorat funksiyasi doirasi kengaytirilmoqda

Bugun, 7 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning 6-yalpi majlisida «Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Senator Shuhrat Cho‘lliyev mazkur qonun bilan parlament faoliyatida belgilanayotgan o‘zgarishlar xususida ma'lumot berdi.

Davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazorati tashkil qilishga qaratilgan ushbu Qonun bilan parlament va mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, amaldagi «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq Oliy Majlis palatalari faqat hukumat a'zolarining axborotini eshitishga haqliligi belgilangan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartishga asosan Qonunchilik palatasi va Senat hukumat a'zolari va davlat organlari rahbarlaridan tashqari xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Qonunlarga kiritilayotgan yangiliklardan biri parlament nazoratining turi hisoblanmish parlament tekshiruvi institutini jonlantirish va kengroq qo‘llash amaliyotini joriy qilishga qaratilgan.

Sababi, parlament tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibda bir qator kamchiliklar mavjud edi. Xususan, Oliy Majlis palatalarida parlament tekshiruvini o‘tkazish borasida aloxida qaror qabul qilish imkoniyati yo‘q edi.

Shunga ko‘ra, mazkur Qonun bilan parlament tekshiruvi Qonunchilik palatasining yoki Senatning alohida qarori bilan yoxud Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, o‘zgartishlarga asosan aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan parlament va senator so‘rovlari kimning nomiga yuborilgan bo‘lsa o‘sha mansabdor shaxs yoki uning vazifasini bajarishyuklatilgan shaxs tomonidan javob berilishi belgilanmoqda. Bu esa so‘rovlarning ta'sirchanligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir o‘zgartish qonun loyihalarini ko‘rib chiqish samaradorligi oshishiga hamda qonun loyihalari sifatining yaxshilanishiga qaratilgan. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasida amalga oshiriladigan birinchi o‘qishdagi qonun loyihasi yuzasidan ma'ruza bilan, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yekti yoki uning vakili, keyingi o‘qishlarda esa mas'ul qo‘mita vakili so‘zga chiqishi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid