Yelsin, Putin, Qrim va saylovlar haqida – Lukashenko katta intervyu berdi
Payshanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 9 avgust kuni o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari oldidan so‘nggi katta intervyusini berdi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga intervyu berdi. 2 soatdan ko‘proq davom etgan intervyu davomida u juda ko‘p mavzularda gapirdi.
Suhbat davomida ilk savol prezidentning otasi haqida bo‘ldi.
«Otasiz qiyin bo‘lganmi? To‘g‘risi, men eslolmayman. Urushdan 10 yil o‘tgan vaqtda juda ko‘pchilik otasiz o‘sgan. To‘g‘ri, hozirgi hayot va o‘shandagi hayotni taqqoslab bo‘lmaydi. U vaqtda juda ko‘p kamchiliklar bo‘lgan, ammo bolaligim men uchun yaxshigina maktab bo‘lgan. Otam haqida yagona xotiram shuki, u bir marta oldimizga kelganda juda baland odam bo‘lganini eslab qolganman. Bu gapim uchun onam meni kechirsin, lekin u menga otam haqida gapirishga ruxsat bermasdi. U meni qizg‘onar va bola meniki, deb aytardi. Onam oddiy, savodsiz qishloq ayoli edi».
Lukashenko o‘z vaqtida ateizmdan dars bergani haqida gapirdi.
«Shunday davrlar bo‘lganki, menga ateizm bo‘yicha ma'ruza o‘qish vazifasi berilgan. Chunki tarixchi bo‘lganman. Prezidentligimdan keyin ustozlarimdan biri kelib «Janob prezident, ateist bo‘lganingizni aytishni to‘xtating, yaxshi emas axir», degandi. Lekin yashirib nima qildim, chindan shunday bo‘lgan.
Albatta, men hozir cherkovga boraman, rojdetstvoni bayram qilaman, pasxani nishonlayman. Chunki ularni odamlar bayram qilishadi. Menimcha, har bir odamning ichida o‘z e'tiqodi bo‘ladi. Men e'tiqodni ko‘z-ko‘z qilishni istamayman. Shu sabab bu mavzuni hech qachon gapirmaganman. Bizning hammamiz qaysidir ma'noda e'tiqodlimiz».
Lukashenko Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin bilan aloqalari yaxshi bo‘lganini aytdi.
«Boris Nikolayevich bilan munosabatlarimiz juda yaxshi edi. Biz senlab gaplashardik, chunki u shuni xohlardi. Uning «Belarusni xafa qilyapsizlar, yaxshi emas, janob Chubays», degan gapi hozirgacha yodimda. Yelsinning hamma respublikalar bilan munosabati yaxshi edi. U o‘zining katta ekanini bilar va qolganlarga yordam berishi kerakligini his qilardi.
Putin vaqtida qanday? U o‘z so‘zida turadigan odam. Agar muzokaralar vaqtida u sizga so‘z berishiga erishsangiz, bo‘ldi, hammasi hal bo‘ladi. Lekin Putinning atrofidagilar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Masalan, oldingi bosh vazir, hozirgisini bilmayman. Aytaylik, bir kuni uchrashuv vaqtida neft sotib olish bo‘yicha gap ketdi va men «Biz neft sotib olamiz, lekin sizning kompaniyalaringizga mukofot puli to‘lamaymiz», dedim. Putin hayron bo‘lib hukumat vakillariga qaradi. Keyin har qancha neft sotib olinsa ham, mukofot pullarisiz yetkazib berilishini aytdi. Lekin ertasiga baribir teskarisi bo‘ldi».
Lukashenko Boris Yelsin o‘rniga Putin kelganidan afsuslangani haqida gapirib berdi.
«Rossiya Kuba va Vetnamdagi harbiy bazalarni yopish haqida qaror qabul qilgan vaqt edi. O‘shanda men Yelsinnikida edim. Uning asabiylashishini ko‘ring edi. «Boris, tinchlan, sen prezident emassan, u yaxshiroq biladi, balki hozir bu bazalarning Rossiyaga keragi yo‘qdir, dedim. U esa neft 8 dollar bo‘lganda ham bu bazalarni saqlab qolganini, ularning xarajati kopeyka turishini gapirardi. Yelsin nega Putinni tanlagani haqida esa gapira olmayman. Yelsin mehribon odam edi. Men uni mehribon rus ayig‘i deb atardim.
Bilasizmi, Yelsin Putin muhim masalalar bo‘yicha u bilan maslahat qilishini kutgan, ammo bunday bo‘lmagan. Chunki bu Putinga to‘g‘ri kelmaydi».
Belarus prezidenti Putin u bilan muzokaralar vaqtida hech qachon baqirmagani va tahdid qilmaganini aytdi.
«Muzokaralar vaqtida Putin bilan qizishib ketgan vaqtimiz bo‘lgan. Lekin hech qachon baqirmaganmiz. Putin umuman baqiradigan odam emas, men esa baqir-chaqir qilib turaman, lekin o‘zaro suhbatlarda emas. Putin menga hech qachon tahdid qilmagan. Uning bir gapi bor: «Senga tahdid qilishning foydasi yo‘qligini bilib turib nega bu ishni qilishim kerak?». Chindan menga tahdid qilishdan foyda yo‘q».
Lukashenko suhbat davomida Putin 2036 yilgacha prezident bo‘lib qolmasligini ishonch bilan ma'lum qildi.
«Yo‘q, bu siz tomoningizdan o‘ylab topilgan gap. Putin bu vaqtgacha prezident bo‘lmaydi. Men buni kafolatlashim mumkin. Ishonchim komil, u Rossiyaning hozirgi rivojlanish yo‘lini davom ettiradigan munosib nomzod topa oladi. Putindan bezor bo‘ldimmi? Yo‘q. Unda odamni bezor qilmaydigan nimadir bor. Masalan, Angela Merkeldan bezor bo‘lish mumkin. Oh, bu bo‘ri...».
Lukashenko Ukraina Qrimni Rossiyaga kurashsiz topshirib qo‘yganini sharmandali holat sifatida tasvirladi.
«Kechirasiz, lekin siz Qrimni saqlab qolish uchun nima qildingiz? Hech nima. Oddiy misol: bunday holat bo‘lganda mamlakat rahbari butun armiyani yuqori shaylik holatiga o‘tkazishi kerak. O‘sha vaqtda Ukraina armiyasida yarim million askar bor edi. Qanday qilib Qrimdek marvaridni berib qo‘yish mumkin. Mendan bir qarich yerni olishga harakat qilishsinchi? Men urush qilarmidim? Albatta, shubhasiz.
Qrimni bosib olishga kelganlarni to‘xtatish, qo‘lga olish kerak edi. Ular ming kishi atrofida bo‘lgan. Agar hech qanday imkon qolmasagina otish mumkin edi. Otmanglar deyishgan? Kim aytgan, Angela Merkelmi? Axir bu sening yering, qanaqasiga uni himoya qilmaslik mumkin? Ular avval sizning bazalaringizni qo‘lga olishdi, keyin Simferopolga sizning olqishlaringiz ostida kirib borishdi. Siz esa uxlashda davom etdingiz? O‘z yeringizni shunday himoya qilasizmi?».
Belarus prezident mamlakatdagi hozirgi murakkab vaziyat va «vagnerchilar»ning qo‘lga olinishi haqida gapirdi.
«Bilasizmi, hozir bizda ham ahvol yaxshi emas. Qo‘lga olingan odamlarni biz to‘liq nazoratga oldik. Ular kim bilan gaplashgani, Rossiyada kim ularga topshiriq bergani, xullas hammasini aniqladik. Rossiya xuddi Belarusni yo‘qotib qo‘yadigandek qo‘rqmoqda. To‘g‘rida, ular Boltiq bo‘yini berib qo‘yishdi, Ukrainani berib qo‘yishdi, Belarus ham ketsa, nima qoladi? Lekin bizni bo‘g‘ishdan nima ma'ni? Axir biz deyarli bitta millatmiz.
Men hozir barcha harbiy bo‘linmalarni shaylik holatiga o‘tkazganman. Bizning armiya zamonaviy qurollar bilan qurollangan, ishonavering. Ba'zi bo‘linmalarimiz dunyoda eng yaxshilardan. Men bitta tugmani bosdim va ular to‘liq shaylik holatiga o‘tishdi. Agar bizning hududga bostirib kirishsa nima qilaman? Yo‘q, o‘q otishni boshlamayman. Chunki bu ahmoqlik va dushmanning foydasiga ishlaydi. Otishmagacha hujumni to‘xtatishning ko‘p yo‘llari bor, ammo barcha choralash ish bermasa, shubhasiz, otishga topshiriq beraman. Axir armiya nega kerak bo‘lmasa?».
Lukashenko hech qachon mamlakatdan qochib ketmasligini aytdi.
«Lukashenko qochib ketadi, deb gapirishadi, lekin Lukashenko hech qachon, hech qayerga qochmaydi. Bolalarim ham hech qayerga qochmaydi. Bilasizmi, kim qochadi? Cho‘ntagi qappayganlar. Men Moskvaga yoki Rossiyaga ketish haqida o‘ylashni ham istamayman. Axir u yerda pulsiz hech nima qilib bo‘lmaydi. Menda esa Yanukovich kabi Rossiyaga borib shohona hayot kechirish uchun pul yo‘q».
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024